Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyun kuni Andijon viloyatiga keldi.
Izboskan tumanining Qoʻgʻay mahallasi — eng chekka hududlardan biri. Iqtisodiy imkoniyatlar natijasida qishloqlarga ham sanoat kirib bormoqda. Bu aholini ish bilan taʼminlashda juda muhim.
Yaqinda ushbu mahallada “Sohib omad barakasi” klasteri tomonidan “And gold” tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushirildi. Davlatimiz rahbari mazkur fabrika faoliyati bilan tanishdi.
Qiymati 2 million 500 ming AQSH dollari boʻlgan loyiha doirasida yangi bino qurilib, zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Korxona yiliga 3 million 500 ming dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarni 100 foiz eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Bu boradagi yillik imkoniyat 5 million dollardan ziyod. Halitdanoq kalava ip yetkazib berish boʻyicha Xitoy va Rossiya bilan shartnoma tuzilgan.
Korxonada hozircha 830 nafar xotin-qiz ishli boʻldi. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.
— Sizlarga oʻzimning hurmatimni, muhabbatimni bildiraman. Oʻzlaringiz yashaydigan qishloqda ishli boʻlganlaringizdan xursandman. Qachon Izboskanda mana shunday zamonaviy korxona boʻlgan? Bu ishlarni yana davom ettiramiz. Xotin-qizlarimiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz. Ayol ishli boʻlib, kayfiyati yaxshi boʻlsa, oilasi ham baxtli boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Fabrika toʻla quvvatga chiqqanda, chekka hududdagi 1 ming 200 nafar kishi doimiy ish bilan taʼminlanadi.
Shu yerda Andijon viloyatida sanoat tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi.