Davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Chortoq tumani Baland adir hududidagi issiqxonalar majmuasini barpo etish loyihasi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda pandemiya davrida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ish oʻrinlari yaratish asosiy eʼtiborda.
Prezidentimiz oʻtgan yili Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash orqali doimiy daromad manbalariga ega boʻlishlariga koʻmaklashish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida viloyat hokimligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida “Bir joyda — ming oila issiqxonasi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Baland adir dashtliklarida uzoq yillar davomida foydalanilmagan 36 gektar maydondagi har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona loyihasi “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati masʼuliyati cheklangan jamiyat hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Umumiy qiymati 13 milliard soʻm boʻlgan loyihaga Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan 6,7 milliard soʻm subsidiya mablagʻlari va tijorat banklarining 6,3 millard soʻmlik imtiyozli krediti yoʻnaltirilmoqda.
Hozirgi kunda yiliga 7 ming tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirish imkonini beradigan har biri 2 sotixdan boʻlgan 800 ta issiqxona qurib egalariga topshirildi. Qolgan 200 tasi iyul oyi oxirida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Ushbu loyihaning afzalligi shundaki, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida bir joyda eksportbop sifatli mahsulot yetishtiriladi, kambagʻal oilalar doimiy daromad manbalariga ega boʻladi va bandligi taʼminladi. Yana bir qulayligi — mahsulotni yetishtirishda koʻchat, suv, mineral oʻgʻit hamda bozor taʼminoti yetakchi tadbirkor tomonidan kafolatlanadi.
Ayni paytda Chortoq tumanidagi 800 ta kambagʻal oila aʼzolarining bandligi taʼminlandi.
Prezidentimizga ushbu loyihaning afzalliklari va imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
2 sotixli issqxonada uch marta hosil yetishtirish imkoniyati bor. Xususan, bitta issiqxonada 700 tup pomidor koʻchati ekilgan. Har bir tup koʻchatdan oʻrtacha 4-5 kilogrammdan mahsulot olish mumkin. Bugungi kunda 1 kilogramm pomidorning oʻrtacha narxi 3 ming soʻmdan boʻlganda, birinchi hosilning oʻzidan 7-8 million soʻm daromad olsa boʻladi.
Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan loyiha doirasida ushbu hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kambagʻal oilalar aʼzolarini qishloq xoʻjaligi kasblariga oʻqitish uchun Agrobiznes oʻquv mono markazi tashkil etildi. Ushbu maskanda limonchilik (issiqxona), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik kabi yoʻnalishlarda yiliga 2000 dan ortiq ishsizlar kasbga oʻqitiladi.
Bugungi kunda Chortoq tumanida 200 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ishsizlar soni 7 mingdan ziyod.
Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlashda tizimli ishlarni davom ettirish zarurligini taʼkidladi. Kamida oʻn mingta ish oʻrni yaratish lozimligi qayd etildi.
– Odamlarimiz islohotlar samarasini sezishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari. – Ularni rozi qiladigan tizim yaratishimiz lozim.
Shu yerda viloyatda kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati tomonidan intensiv bogʻdorchilik (yongʻoq, bodom, olma va olcha)ni tashkil etish, chorvachilik va sutni qayta ishlash loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Ushbu loyihalarni amalga oshishi evaziga yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratiladi.