Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Chilonzor tumanida ishga tushirilgan kogeneratsiya inshootini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, oʻtgan qishdagi anomal sovuqda issiqlik taʼminotida uzilishlar roʻy berdi. Chilonzor tumanining Oqtepa va Bogʻzor mahallalari vaziyat murakkab boʻlgan hududlardan edi. Bu yerda 50 ta koʻp qavatli uy, 7 ta ijtimoiy muassasa va oʻnlab tadbirkorlik shoxobchalari bor.
Ushbu holatning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun bu yerda bir vaqtning oʻzida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan kogeneratsion qurilmalar ishga tushirildi. Ular soatiga 4,6 MVt elektr energiyasi hamda 29 gigakaloriyadan ortiq issiqlik ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Turkiyaning «Iltekno» kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan loyihaga Germaniyadan gaz-porshenlar hamda “Bosch” qozonlari keltirib oʻrnatildi. Shuningdek, qozonxonadan isteʼmolchilargacha boʻlgan barcha issiqlik taʼminoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrali almashtirildi, har bir turar joy binosi va ijtimoiy obyektlarda alohida issiqlik taqsimlash punktlari oʻrnatildi. Jami 13 ming metr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini yangi, izolyasiyali quvurlarga almashtirish hisobiga toʻliq yopiq tizimga oʻtkazildi va yoʻqotishlardan himoya qilindi.
Loyihaning yana bir samarali jihati — issiqlik taqsimlash punktlari maxsus datchiklar bilan jihozlangan. Havo sovib yoki isib ketishiga qarab, uy ichidagi harorat moʻtadil saqlab turiladi.
Majmua ishga tushirilishi natijasida yiliga 5,3 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar 67 foiz kamayadi, oqova suv tashlanmalari esa umuman boʻlmaydi.
Bogʻzor va Oqtepa mahallalaridagi transformatorlar almashtirildi, elektr uzatish tarmoqlari yangidan tortildi. Bunga qoʻshimcha, koʻp qavatli uylar tepasiga quyosh panellari oʻrnatilmoqda.
Shu yerda Toshkent shahri va tegishli sohalar mutasaddilari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha axborot berdi. Davlatimiz rahbari energetika, kommunal, qurilish va servis kompaniyalari kabi barcha vositalarni safarbar qilib, taʼmirlash ishlarini yakuniga yetkazish, energiya va issiqlik taʼminoti barqaror qilish, bu borada xalq nazoratini yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.