Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi: Chinakam mardlik va Vatanga cheksiz sadoqatning yorqin timsoli

0
101
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Qadrli Xorazm ahli!

Bugun Mustaqillik bayrami arafasida xalqimizning buyuk farzandi Jaloliddin Manguberdi xotirasiga bagʻishlab bunyod etilgan muhtasham yodgorlik majmuasini tantanali ravishda ochmoqdamiz.

Hech shubhasiz, bunda chuqur ramziy maʼno bor. Nega deganda, dunyodagi eng ulkan qahramonlik – bu Vatan mustaqilligi va ozodligi yoʻlida koʻrsatilgan mardlik va jasoratdir. Bunday qahramonlik aslo unutilmaydi, hamisha xalq qalbida yashaydi.

Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga oʻz hayotini bagʻishlagan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir.

Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida unga teng keladigan ulugʻ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Bu fikrimizni donishmand alloma va odil hukmdor Mirzo Ulugʻbekning: “Olam ahli Jaloliddindan oldin ham, keyin ham bunday bahodir jangchini koʻrmagan. Bu zotning azmu shijoati oldida hatto buyuklikning oʻzi ham taʼzim qiladi”, degan soʻzlari yaqqol tasdiqlaydi.

Sulton Jaloliddin oʻn bir yil davomida moʻgʻul bosqinchilariga qarshi 300 dan ortiq janglarda ishtirok etib, yovlarni titratib keldi. Bunday jasorat har qanday odamni ham hayratda qoldiradi.

Yengilmas sarkardaning Sind daryosi boʻyida oʻz qoʻshinidan toʻrt marta koʻp boʻlgan Chingizxon qoʻshiniga mardona qarshi chiqqanini eslaylik. Yoki Isfahon yaqinidagi jangda bor-yoʻgʻi 14 nafar askari bilan mingdan ziyod moʻgʻul lashkarining qurshovini yorib oʻtganini yodga olaylik.

Hatto Chingizxondek sarkarda ham uning matonatini koʻrib: “Jaloliddindek qahramon farzandi bor ota naqadar baxtlidir”, deb tan berishga majbur boʻlgan.

Sulton Jaloliddin jangovar faoliyati bilan nafaqat oʻz yurtini, balki dunyodagi oʻnlab mamlakatlarni ham moʻgʻul hujumidan himoya qilganini jahon ahli eʼtirof etadi. Butun umri urushda oʻtgan boʻlishiga qaramasdan, u ogʻir va murakkab davrlarda ham ilm-maʼrifat homiysi sifatida masjid va madrasalar, karvonsaroylar, qalʼalar, yoʻl va koʻpriklar qurdirgan.

Taqdirning qaltis sinovlarini mardona yengib oʻtgan, 32 yoshda halok boʻlgan azamat ajdodimizning hayot yoʻli, shaxsiyati va jasorati barchamizga aslo eskirmaydigan bir haqiqatni uqtiradi:

Vatan ozodligi, Vatan manfaati yoʻlida birlashib, mardi maydon boʻlib kurashga bel bogʻlagan xalqni hech qanday kuch hech qachon yenga olmaydi.

Hurmatli marosim qatnashchilari!

Mustaqillik yillarida Vatanimizda Jaloliddin Manguberdining oʻlmas xotirasini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar barchangizga yaxshi maʼlum. Xususan, davlatimizning yuksak mukofoti – Jaloliddin Manguberdi ordeni taʼsis etildi. Yurtimizda bu ulugʻ zotning tavallud sanalari munosib nishonlanmoqda. Uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan yangi-yangi ilmiy va badiiy asarlar yaratilmoqda.

Buyuk ajdodimizning davomchilarini kamol toptirish maqsadida Urganchda Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litsey tashkil etdik. Bu mardlik maktabi joriy yil ilk bor oʻquvchilarni oʻz bagʻriga qabul qilmoqda. Ularning barchasiga omad va zafarlar tilab, kelgusida bu navqiron avlod orasidan ulugʻ sarkardaning munosib izdoshlari boʻlgan haqiqiy vatanparvar oʻgʻlonlar, jasur ofitser va generallar yetishib chiqadi, deb ishonamiz.

Aziz doʻstlar!

Biz bugun ochilayotgan yodgorlik majmuasi loyihasi ustida juda koʻp ishladik. Ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning fikr-mulohaza va takliflarini oʻrgandik. Boʻyi 25 metr boʻlgan ushbu mahobatli haykalda Sulton Jaloliddinning qatʼiyatli, magʻrur siymosida kelajakka katta ishonch va shiddat bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi oʻz ifodasini topgan.

Haykal oldida Jaloliddin Manguberdi bitiktoshining nusxasi oʻrnatildi. Bitiktosh nusxasida muqaddas Qurʼoni karim oyatlari, Jaloliddin Manguberdi shajarasi, ushbu yodgorlikning yaratilish tarixi aks ettirilgan.

Jaloliddin Manguberdi majmuasini barpo etish bilan birga, Urganch shahri va uning markaziy maydonida katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari ham amalga oshirildi. Qariyb 8 gektarlik ushbu hudud butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. Bu yerga 18 mingga yaqin manzarali daraxtlar, gullar va butalar ekildi. Shaharning markaziy maydoni ostidan oʻtadigan, toʻrt qatorli, uzunligi 500 metr boʻlgan noyob avtomobil tunneli barpo etildi.

Hurmatli tantanali marosim ishtirokchilari!

Shu oʻrinda aytish kerakki, oxirgi yillarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz natijasida, barcha hududlar kabi Xorazm ham oʻzgarmoqda. Xususan, oʻtgan 5 yilda barcha tuman markazlari, 100 ga yaqin qishloq va mahallalar obod qilindi. Sayyohlar uchun 80 ta yangi mehmonxona qurildi.

Kelgusi 5 yilda viloyatda yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, xorijiy turistlar soni 10 barobar oshiriladi, yaʼni yarim milliongacha yetkaziladi.

“Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yoʻl yetib bordi va yangi vokzal ishga tushirildi. 2024 yilda esa tezyurar poyezdini Xivaga olib kelishni reja qilganmiz.

Shuningdek, Urganch va Xiva shaharlari oʻrtasidagi avtomobil yoʻli boʻyida 100 dan ziyod zamonaviy servis obyektlari barpo etiladi.

Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Xiva shahrining 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilinishi, bu sohadagi islohotlarimizning munosib eʼtirofi boʻldi.

Boshlagan ishlarimizni izchil davomi sifatida, vohada mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun jozibador “Xorazm” turistik brendini yaratish boʻyicha aniq reja asosida ish olib borilmoqda.

Xorazmga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini keskin oshirish uchun hududlar aro va xalqaro transport qatnovlarini kengaytirish maqsadida zarur infratuzilmalar yaratiladi. Jumladan, yoʻlovchilar oqimi boʻyicha poytaxt aeroportidan keyingi oʻrinda turadigan Urganch xalqaro aeroporti kelgusi 2 yilda rekonstruksiya qilinib, yirik turistik transport xabiga aylantiriladi.

Xabaringiz bor, siz, azizlar bilan maslahatlashib, xalqimiz, birinchi navbatda yoshlarimizning fikri, xohish-istaklarini eʼtiborga olib, Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishini boshladik.

Bu yerdagi 130 gektardan ziyod hududda Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashgan maktabi, Al-Xorazmiy markazi, buyuk bobomizning ulugʻvor haykali bunyod etiladi. Shuningdek, bu yerda texnopark, ishlab chiqarish zonasi va ofislar, tibbiyot, innovatsiya va madaniyat markazlari, maktab va bogʻchalar, yashil maydon va xiyobonlar, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar, eng muhimi, aholi uchun 104 ta koʻp qavatli zamonaviy shinam uylar barpo etiladi.

Xudo xohlasa, bu shaharcha ham xuddi Samarqanddagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi singari, mamlakatimizning eng goʻzal va betakror maskanlaridan biriga, taʼbir joiz boʻlsa, Urganch shahrining yuziga aylanadi.

Fursatdan foydalanib, Xorazmda mana shunday ezgu ishlarni amalga oshirishda ishtirok etgan va mehnatini davom ettirayotgan barcha-barcha aziz insonlarga – quruvchi va muhandislarga, meʼmor va haykaltaroshlarga, texnik mutaxassis va mutasaddilarga, chet ellik hamkorlarimizga, mehnatkash va olijanob Xorazm ahliga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugungi marosimda ziyolilar, ayniqsa yoshlar vakillari ishtirok etayotgani uchun bir masalaga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Biz koʻplab muhtasham imoratlar qurishimiz, mahobatli haykallar barpo etishimiz mumkin. Ammo ushbu bunyodkorlik ishlarimizning tub maʼnosini, tarbiyaviy ahamiyatini xalqimiz, yoshlarimiz qalbiga singdirmasak, bu obidalarning maʼnaviy ibratini tushuntira olmasak, asosiy maqsadimizga yeta olmaymiz.

Biz bugun dunyoda va mintaqamizda turli tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan notinch bir zamonda yashamoqdamiz. Koʻplab buzgʻunchi kuchlar oʻzlarining gʻaraz niyatlari bilan yosh avlodning ongini egallashga urinmoqdalar. Bunday tahlikali vaziyatda jondan aziz farzandlarimizni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Shu sababli buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi singari vatanparvar, jasoratli ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish barchamizning burchimizga aylanishi lozim.

Ayni vaqtda bu borada fidoyi olim va adiblarimiz tomonidan olib borilayotgan ilmiy-ijodiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlashimiz, ularni yangi asarlar yaratishga ragʻbatlantirishimiz lozim. Xususan, ana shunday izlanishlar tufayli Turkiyaning Silvan shahrida ulugʻ ajdodimizning qabri topilgani muhim ahamiyatga ega. Ushbu qardosh davlat bilan kelishib, bu yerda ramziy maqbara bunyod etsak, albatta, har tomonlama savobli ish boʻladi.

Viloyat hokimligi hamda xorazmlik ziyolilarning saʼy-harakati bilan tuzilgan Jaloliddin Manguberdi fondi faoliyatini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash choralarini ham koʻrishimiz zarur.

Jaloliddin Manguberdining sharafli tarixini toʻlaqonli yoritib beradigan ilmiy ensiklopediya, yaʼni qomus yaratish ham oldimizda turgan muhim vazifadir.

Chaqmoqdek qisqa umri mobaynida oʻzbek xalqiga xos boʻlgan Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, yuksak harbiy salohiyatni namoyon etib yashagan Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak, arziydi.

Ishonaman, oradan yillar, asrlar oʻtadi, Sulton Jaloliddin hamisha yurtimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, unga farzandlik mehri, iymon-eʼtiqod bilan xizmat qilishning oʻchmas timsoli boʻlib qoladi.

Muhtaram vatandoshlarim!

Soʻzimning yakunida barchangizni bugungi qutlugʻ tarixiy voqea bilan, yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayramimiz bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Hammangizga tinchlik-omonlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga bitmas-tuganmas qut-baraka tilayman.

Dunyoga Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk qahramonlarni bergan muqaddas zaminimiz, ona xalqimiz omon boʻlsin!

Mard va matonatli Xorazm elining doimo baxtini, omadini bersin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.