Chorvachilik sohasini qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi

0
150
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 fevral kuni chorvachilik sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, bu soha oilalar farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda katta oʻrin tutadi. Aholining kundalik isteʼmol xarajatlarining 30 foizini goʻsht, sut va tuxum mahsulotlari tashkil etadi.

Oxirgi uch yilda chorvachilik boʻyicha chiqarilgan qarorlarga asosan, 8 turdagi subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish yoʻlga qoʻyildi. Shu davrda chorvachilikka 15 trillion soʻmdan ziyod kredit ajratilib, 4 ming 500 ga yaqin loyiha amalga oshirildi. Naslchilik xoʻjaliklarining soni 3 baravarga koʻpayib, 1 ming 414 taga yetdi. Natijada, 2019-2021 yillarda chorva mollarining bosh soni 1 million 200 mingtaga koʻpaydi.

Lekin iqlim oʻzgarishlari, suv va yer tanqisligi, pandemiya kabi zamonamizning dolzarb muammolari chorvachilikni ham qiyinlashtirmoqda.

Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida yirik chorvachilik xoʻjaliklari soni boshqa hududlarga nisbatan ancha kam. 90 foiz chorva xonadonlarda boqilsa-da, koʻp joylarda ozuqa-yem taʼminoti tizimi yoʻq. Soʻnggi 15 yilda ozuqa yer maydoni 430 ming gektardan 340 ming gektarga, bir bosh qoramolga toʻgʻri keladigan ozuqa maydoni 50 sotixdan 27 sotixga kamaygan. Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryoda takroriy ozuqabop ekin maydonlari 23 ming gektarga qisqargan.

Shu bois, chorvachilik sohasini qoʻllab-quvvatlash, resurs tejovchi texnologiyalarni keng qoʻllash orqali goʻsht, sut va tuxum yetishtirishni koʻpaytirish har qachongidan ham zarur boʻlmoqda.

Yigʻilishda shu boradagi dolzarb masalalar, imkoniyatlar tahlil qilindi.

Davlatimiz rahbari bu yil chorvachilikda kamida 300 ming, qoʻy-echkichilikda 150 ming, pillachilikda 1 million 200 ming, jami 1 million 650 ming aholi bandligini taʼminlash imkoni borligini taʼkidladi.

Buning uchun, avvalo, xonadonlarda kooperatsiya orqali chorvani koʻpaytirish kerak. Yurtimizda bu sohada yaxshi tajribalar koʻp. Masalan, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida “Toshmatov Normoʻmin” fermer xoʻjaligi Vori qishlogʻidagi xonadonlarga qoramol, qoʻy-echki tarqatib, ular yetishtirgan sut va goʻshtni sotib olmoqda. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi “Taxiatosh Chikens” korxonasi xonadonlarga xonaki parranda berib, ulardan inkubatsion tuxum sotib olishni yoʻlga qoʻygan.

Prezident bunday tajribalarni boshqa tuman va mahallalarda ham kengaytirish muhimligini taʼkidladi.

Shu maqsadda qator moliyaviy koʻmak choralari belgilandi. Yaʼni, joriy yil fevraldan boshlab, xorijiy kreditlar 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi, kredit foizining 14 foizdan yuqori qismiga kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foiziga kafillik beriladi, gidroponika usulida ozuqa yetishtirish uchun uskunalar xarajatining 20 foizi qoplanadi.

Sohadagi yana bir daromadli yoʻnalish – och rangli qoʻy-echkilar junidan gilam, mato va boshqa mahsulotlar toʻqib sotish. Yigʻilishda Angren shahri, Koson, Romitan, Navbahor tumanlaridagi shunday ishlar namuna qilib koʻrsatib oʻtildi.

Shu oydan boshlab, naslli qoʻy va echki xarid qilish, sut, goʻsht va junni qayta ishlash hamda yem tayyorlash sexlari tashkil etish uchun imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladigan boʻldi. Bu kreditlar aholiga hokim yordamchilari tavsiyasi asosida, 50 million soʻmgacha garov taʼminotisiz ajratiladi, kredit foizining yarmini qoplashga kompensatsiya beriladi.

Aholiga kooperatsiya asosida 350 ming bosh qoʻy va echki tarqatilishi, bu maqsadlar uchun 100 million dollar yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.

Bu yil sohada 123 ta yirik loyiha rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari ularni oʻz vaqtida ishga tushirish bilan birga qoʻshimcha imkoniyatlar topish, ozuqa maydonlarini kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

Jumladan, yerning bir qismini almashib ekish hisobiga, har bir klasterda kamida 500 boshli chorvachilik kompleksi tashkil etish mumkin. Shuningdek, foydalanishdan chiqqan va yangi yerlarni oʻzlashtirib, chorva boqsa boʻladi.

Bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 120 million dollar kredit sifatida yoʻnaltirilishi, subsidiya, bojxona va soliq imtiyozlari berilishi qayd etildi.

Mutasaddilarga joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar jalb etib, chorvachilikni rivojlantirish loyihalariga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Prezidentimiz chorva mahsuldorligini oshirish, naslchilikni yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Sohaga ilm va ilgʻor tajribalarni joriy etishga Samarqand veterinariya meditsinasi instituti masʼul etib belgilandi. Endi ushbu institut maqomi oshiriladi hamda unga veterinariya, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tajriba institutlari biriktiriladi. Bu muassasa klasterlarga amaliy va metodologik koʻmak berib, pullik xizmatlar koʻrsatadi, aholi va fermerlarni qisqa muddatli kurslarda oʻqitadi.

“Chorvanasl” agentligiga har bir tuman kesimida naslchilikni yaxshilash boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hudud rahbarlari, tadbirkorlar soʻzga chiqdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.