Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

0
40
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Aholining kundalik isteʼmolida goʻsht, tuxum, sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar katta oʻrin egallaydi. Shu bois parrandachilik, qorakoʻlchilik va echkichilikni rivojlantirish, oziq-ovqat inflyasiyasini kamaytirish choralari koʻrilmoqda. Qolaversa, bu sohalarda aholini band qilish va daromadini oshirish imkoniyati ham koʻp.

Masalan, 2023 yilda parrandachilik tarmogʻida 253 ta loyiha amalga oshirilib, bunday xoʻjaliklar soni 1 ming 300 taga yetgan, 4 mingta yangi ish oʻrni ochilgan. Kelgusidagi istiqbolli loyihalar uchun xalqaro tashkilot va banklardan 420 million dollar jalb qilinmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar parrandachilik tarmogʻini rivojlantirish strategiyasi hamda bu yilgi rejalari yuzasidan axborot berdi.

Jumladan, bu yil parranda goʻshti hajmi 700 ming tonnadan 800 ming tonnaga, tuxum yetishtirish 8,5 milliard donadan 10 milliard donaga yetkazilishi aytildi.

Bu tarmoqdagi eng muhim masala – nasl. Yurtimizda goʻsht yoʻnalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasi yoʻq, 2-tartibli genetika esa Vengriyadan olib kelinayapti.

Jahon bozorida parranda genetikasining 80 foizi AQSH kompaniyasiga toʻgʻri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xoʻjaliklari tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Soha rivojini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar belgilandi. Unga koʻra, parrandachilik korxonalari 5 yilga yer soligʻidan ozod qilinadi. Parranda goʻshti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.

Davlatimiz rahbari ozuqa-yem zaxirasini kengaytirish va parrandachilik xoʻjaliklariga markazlashtirilgan tartibda yetkazish boʻyicha ham topshiriqlar berdi.

Hozirgi kunda yurtimizda 39 ta qorakoʻlchilik xoʻjaligi bor. Buxoro viloyatidagi 2 million gektardan ziyod yaylovda 2 million bosh qoʻy boqilayapti. Bular, albatta, yetarli emas.

Shu bois qorakoʻl qoʻyini kooperatsiya asosida xonadonlarda boqish taklifi bildirildi. Xususan, Qorakoʻl, Qorovulbozor, Gʻijduvon, Peshku, Jondor, Olot tumanlarida aholiga qoʻylar yetkazib berilib, yaylov va quduqlar ajratiladi. Ozuqabop oʻsimliklar maydonlari kengaytiriladi.

Bu kabi choralar orqali qorakoʻl qoʻylarini 6 million boshdan 7 million boshga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida echkichilikni rivojlantirish boʻyicha topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, Turkiya va Rossiyadan zotdor echkilar olib kelinib, naslli echkichilik klasteri tashkil etildi.

Xuddi shu taxlit, Moʻgʻuliston tajribasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatiga 5 ming boshdan naslli echki olib kelib, koʻpaytirish zarurligi aytildi. Bu ikki yilda echkilar sonini 100 ming boshdan oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, echkichilikda ham naslni yaxshilash, junni qayta ishlash orqali kashemir va tivit mahsulotlari yetishtirib, eksportini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.