Daraxtlar muhofazasi kuchaytiriladi, ekologiya politsiyasi tashkil etiladi

0
103
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 avgust kuni ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasini samarali tashkil etish va yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. 

Butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham ekologik muammolar koʻpaymoqda. Bunga baʼzan tabiiy omillar, koʻp hollarda esa insonning oʻzi sababchi boʻlmoqda. 

Masalan, soʻnggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori meʼyordan 4 baravar oshgan. Yurtimiz hududlarida yashil maydonlar 3-4 baravarga qisqarib ketgan. Suv kamayib, yer osti suvi sathi ham pasaygan.

Koʻp qavatli uylar oraligʻidagi boʻsh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy eʼlon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari koʻpchilikni ranjitmoqda.

Bu borada Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda mahalliy hokimliklarda jonkuyarlik yetishmayapti, amaliy ishlar koʻrinmayapti.

Shu bois yigʻilishda sohadagi muammolar tanqidiy muhokama qilindi. Joylarda ishlarni tizimli tashkil eta olmagani uchun Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etildi.

Ekologik holatni yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish boʻyicha muhim vazifalar belgilandi.

Bu yil kuz oylarida avtomobil yoʻllari, dala chetlari, barcha aholi maskanlarida 55 million dona, kelgusi yil bahor mavsumida 70 million dona tut, pavlovniya, chinor, eman, yongʻoq, jiyda, terak kabi mevali va manzarali daraxtlar ekish vazifasi qoʻyildi.

Daraxtlarni parvarishlash uchun har bir mahallaga bittadan, tuman va shahar obodonlashtirish boʻlimlariga kamida 5 nafardan ishchi biriktirish zarurligi taʼkidlandi. 

Hokimlarga shaharlar va tumanlar markazlaridagi 4 ming 500 kilometr ichki irrigatsiya tarmoqlarini tiklash boʻyicha topshiriq berildi.

Ekologiyani yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirishda koʻchatchilik juda muhim. Misol uchun, Andijon, Paxtabod va Marhamat tumanlarida pavlovniya yetishtiruvchi xoʻjaliklar tashkil etilgan. Yoki, Urgut tumanining Xoʻjaiduk va Omonqoʻton qishloqlarida har bir xonadonda 2 ming tupdan manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirilmoqda.

Shu kabi omilkorlarni qoʻllab-quvvatlash, aholini sifatli koʻchatlar bilan taʼminlash maqsadida har bir hududda “Yashil zamin” jamgʻarmalari tashkil etilishi belgilandi.

Mutasaddilarga koʻchatchilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklar uchun tanlov asosida yer ajratish, “Yashil zamin” jamgʻarmasi hisobidan aholiga mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini bepul tarqatish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Shaharlarda yashil hudud va jamoat parklari tashkil qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Masalan, Qarshi shahridagi 27 gektar maydonga ega Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻining 11 gektari attraksionlardan tozalanib, sokin hududga aylantirilgan. Kitobxonlik burchaklari, piyoda va velosiped yoʻlaklari tashkil etilgan.

Lekin, yurtimizdagi 300 ga yaqin istirohat bogʻlari turli vazirlik va idoralarga qarashli boʻlib, ularning aksariyati qarovsiz.

Shu bois mutasaddilarga barcha istirohat bogʻlaridagi daraxtlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, jamoat parklarini koʻpaytirish boʻyicha topshiriq berildi. Taʼkidlanganidek, istirohat bogʻlarining 70 foizi yashil hudud boʻlishi kerak va ularda bino-inshootlar qurilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan sayilgoh, koʻp qavatli uylar joylashgan mahallalarning har birida yashil hududlar tashkil qilish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, 60 kilometr kanallar boʻyi, 250 kilometr piyodalar yoʻlaklari atrofiga manzarali daraxtlar ekish kerak.

Toshkent shahar hokimiga shu borada qator topshiriqlar berildi.

Maʼlumki, Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2030 yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasiga koʻra, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga moratoriy joriy qilingan edi. Ushbu chora muddati 2020 yil 31 dekabrgacha boʻlib, u orqali 316 ming tup daraxt asrab qolindi.

Lekin shunga qaramasdan, 5 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.

Shu bois davlatimiz rahbari bu boradagi choralarni kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Xususan, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytiriladi va javobgarlik keskin kuchaytiriladi. Yashil hudud va jamoat parklaridagi daraxtlarni kesish qatʼiyan taqiqlanadi. 

Toshkent shahri va viloyatlar markazida ekologiya politsiyasi tashkil etiladi. Uning zimmasiga ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar, jumladan, daraxtlarni ruxsatsiz kesish, chiqindilarni nojoiz joyga tashlash, brakonyerlik kabi holatlarga qarshi kurashish vazifalari yuklatiladi.

Shu bilan birga, ekologiya sohasida qoʻllaniladigan jarimalar miqdori 5 baravar, yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya miqdori 2 baravar oshiriladi.

Chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Bu borada davlat-xususiy sheriklik yoʻlga qoʻyilgan joylarda tartib yaxshilangan.

Xususan, Namangan shahri, Toʻraqoʻrgʻon, Mingbuloq va Namangan tumanlarida mahallalarni sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 92 foizga yetib, tushumlar 2 baravarga oshgan.

Fargʻonada 7 milliard soʻmlik investitsiya jalb qilinib, ilk bor chiqindilarni saralash zavodi ishga tushirilgan.

Bu tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish, xususiy sheriklik asosida yangi loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Ilm va innovatsiyalar har bir sohada zarur. Lekin bugungi kunda Ekologiya qoʻmitasi tizimidagi 2 mingdan ortiq xodimlarning atigi 10 foizi mutaxassis hisoblanadi.

Shu bois, qoʻmita huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini takomillashtirish, olimlar va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Buning uchun mazkur ilmiy-tadqiqot instituti zamonaviy texnika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi. Doktoranturaga kvotalar 2 baravar oshiriladi. Institutda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi boʻyicha ilmiy darajalarni beruvchi Ilmiy kengash tashkil etiladi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.