Mamlakatimizda daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarga subsidiyalar ajratilmoqda.
Subsidiyaga oid bir qator savollarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi yetakchi mutaxassisi Shahboz Zokirovdan javob oldik.
– Subsidiya asosida uy olgan fuqaro qancha muddat ichida nomiga koʻchmas mulk olsa boʻladi? Bu oldin olingan subsidiyaga qanday taʼsir koʻrsatadi?
– Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga koʻra, subsidiya er va xotinga bir marta beriladi. Agar fuqaro turmushga chiqmagan yoki uylanmagan boʻlsa, bu imtiyozdan oʻzi foydalanishi mumkin.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, subsidiya — ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlangʻich badal va (yoki) kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisob-varagʻiga oʻtkazilgan mablagʻ.
Shahar va qishloq joylarida qurilgan birlamchi bozordagi uy-joylarni sotib olishga ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya toʻlanadigan talabgorlarni tanlash komissiya va masʼul tashkilotlar tomonidan qonuniylik, shaffoflik, adolat va haqqoniylik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olishga 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Shu oʻrinda aytish joiz, subsidiya asosida uy olgan fuqaro nomiga boshqa uy-joy olishi mumkin. Bunda hech qanday cheklov kiritilmagan. Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga asosan 2024 yil 1 maydan boshlab, davlat dasturi doirasida fuqarolar davlat resurslari hisobidan 1 marta ipoteka krediti olishi mumkin. Ikkinchi marta ipoteka kredit olishga yoʻl qoʻyilmaydi. Biroq, bank oʻz resurslari hisobidan ipoteka krediti ajratilishi mumkin.
– Qanday hollarda fuqarolarga ajratilgan subsidiya bekor boʻladi?
– Subsidiya xabarnomasi ajratilgan muddatidan boshlab, 4 oy davomida amalda boʻladi. 4 oy davomida bu imtiyozdan foydalanmasa, avtomatik tarzda bekor boʻladi. Ikkinchi holatda fuqaro oʻz xohishiga asosan subsidiya xabarnomasini bekor qilishi mumkin.
– Kelgusi yilda subsidiya ajratish boʻyicha qanday yangiliklar koʻzda tutilmoqda?
– Vazirlar Mahkamasining 749-sonli qarori asosida Hukumatning 2020 yil 25 martdagi 182-son qarori bilan tasdiqlangan «Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisida»gi nizomiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Bunda asosiy oʻzgarishlardan biri talabgor subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xabarnoma olgunga qadar yoki subsidiya xabarnomasining muddati doirasida qurilish tashkiloti bilan tuzilgan birlamchi shartnomani hamda fuqaro oʻziga tegishli boʻlgan boshlangʻich badal mablagʻlarini shakllantirgan boʻlsa, subsidiya mablagʻlari toʻlab berilishi koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari subsidiya ajratiladigan fuqarolarni tanlab olish va baholash jarayonlari avtomatlashtirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.idm.uz dasturiy taʼminot tizimi Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qoʻmitasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilindi va integratsiyalashgan tizim orqali ariza beruvchining maʼlumotlari avtomatlashgan tarzda tekshiriladi va baholanadi.
Buning natijasida talabgorlardan kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish muddatlari 10 ish kunidan 3 ish kuniga qisqarishi va arizalarni koʻrib chiqishda shaffoflikka erishildi.
Subsidiya ajratiladigan fuqarolarni baholashning ijtimoiy mezonlariga ham oʻzgartirishlar kiritildi. Bunda mezonlar asosida beriladigan ballar tizimi soddalashtirildi. Yaʼni, endilikda ariza beruvchi va/yoki uning oilasining daromadidan kelib chiqib 10 yoki 5 ball berilishi mumkin. Shu bilan birga, «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimidan roʻyxatdan oʻtgan shaxslarga ham qoʻshimcha 5 ball berilishi belgilandi.
Avvalgi tartibda ariza beruvchining taqdim etilgan arizasi asosida ijtimoiy mezonlarga mos kelishini aniqlash va baholashga tuman (shahar) soliq inspeksiyalari, tibbiyot birlashmalari, moliya boʻlimlari hamda oila va xotin-qizlar boʻlimlari masʼul edi. Endi mazkur funksiyalar Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Baholashda ariza beruvchi va uning turmush oʻrtogʻining daromadlari bilan bir qatorda endi kafillik qiluvchilarning yaqin qarindoshlari daromadlari ham hisobga olinadi.
Qaror bilan subsidiyalar bilan qoplanadigan foiz toʻlovlari miqdoriga ham oʻzgartirish kiritildi. Endilikda yangi kreditlar uchun yillik 12 foizdan yuqori qismi, 2025 yildan boshlab esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan ortiq qismi qoplanadi.
Boshlangʻich toʻlov va foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 5 ish kuni ichida toʻlanadi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, joriy yilning 1 dekabr holatiga jami 74 ming nafar fuqaroga 1 trillion 243,9 milliard soʻm subsidiya mablagʻlari toʻlab berildi. 61 ming nafar fuqaroga ipoteka kreditlarining foiz xarajatlarini qoplab berish uchun 842 milliard soʻm va 13 ming nafar fuqaroga 393 milliard soʻm boshlangʻich badal uchun subsidiyalar toʻlab berildi.
Shahnoza Mamaturopova, OʻzA