Darsliklar tannarxi oxirgi 5 yil ichida 3-4 barobarga oshgan

0
494
marta koʻrilgan.

Xalq taʼlimi vazirligi axborotiga koʻra, 2019-2020 oʻquv yili uchun 36,5 mln. nusxadagi 3-, 8- va 9-sinflar uchun darsliklar yangidan chop etilib,  ijara toʻlovi miqdorlari qaytadan belgilangan.

3-sinflar uchun ijara toʻlovi miqdori oʻtgan oʻquv yilidagiga nisbatan 12600 soʻmga oshgan hamda 8- va 9-sinflar uchun oʻtgan oʻquv yillarida belgilangan miqdorlarga nisbatan 31,8-29,1 ming soʻmga oʻsgan.

Buning asosiy sabablari darsliklarni chop etish va yetkazib berish narxlarining oʻsishidir. 8- va 9-sinf darslik toʻplamlari (16-17 ta darsliklardan iborat) soʻnggi bor 2014 yilda chop etilgan boʻlib, oʻsha yildagiga nisbatan oʻrtacha bir dona darslikning tannarxi 3,4-3,8 barobarga oʻsgan. Shuningdek, 3-sinf darslik toʻplamlari (10-11 ta darsliklardan iborat) esa oxirgi marta 2016 yilda chop etilgan tannarxlarga nisbatan 2,6 barobarga oshgan.

Misol uchun, 2019-2020 oʻquv yiliga yangidan chop etilgan taʼlim oʻzbek tilidagi 8-sinf oʻquvchilari uchun belgilangan 40 700 soʻm ijara toʻlovi ushbu darslik toʻplamlarining (16 ta darsliklardan iborat) erkin savdodagi taxminiy narxi 140 356 soʻm belgilanganligiga nisbatan 99 656 soʻm yoki 3,5 barobarga arzon. Bunday holatni qolgan sinflar misolida ham kuzatish mumkin. Yaʼni, darsliklar bilan taʼminlashning ijara tizimi foydalanuvchilarga moliyaviy qulayliklar yaratadi.

Shu bilan birga, oʻtgan oʻquv yillarida chop etilgan hamda foydalanish muddatlari tugamagan darslik, mashq daftarlarining tillar va sinflar kesimida belgilangan ijara toʻlovi miqdorlari qayta hisob-kitob qilinib, sinflar kesimida tenglashtirildi. Buning natijasida, baʼzi sinflar uchun ijara toʻlovi miqdorlari kamaygan.

Xususan, ayrim darslik toʻplamlarining ijara toʻlovi miqdori 2018 yilning avgust oyida shartnomalarda koʻrsatilgan narxlar boʻyicha hisoblangan boʻlib, 2018 yil yakunida Moliya vazirligi tomonidan deklaratsiya qilinishi natijasida darsliklar narxi sezilarli ravishda pasaygan. Misol uchun, 2- va 11-sinflar uchun ijara toʻlovi miqdorlari oʻtgan oʻquv yiliga nisbatan mos ravishda 3700 va 7100 soʻmga kamaygan.

Bundan tashqari, yangi oʻquv yilida yetishmay qolishi kutilayotgan darsliklar qoʻshimcha chop etilib, ularning ijara toʻlovi miqdorlari oʻtgan oʻquv yillarida belgilangan miqdorlarga qoʻshildi.

Eslatib oʻtamiz, 2001 yildan boshlab respublikamizda umumtaʼlim maktablari darsliklarining ijara tizimi joriy qilingan.

Darsliklar toʻplami uchun ijara toʻlovi miqdori respublika boʻyicha yagona boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Maktabdagi darsliklar toʻplami uchun ijara toʻlovi 30 sentyabrgacha toʻliq hajmda toʻlanadi.

Oʻquvchilarning ota-onalari pul mablagʻlarining vaqtinchalik yoʻqligi sababli, ijara toʻlovi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida umumtaʼlim maktabi maʼmuriyatiga murojaat qilishi mumkin.

Ijara toʻlovi muddati uzaytirilgan taqdirda, mazkur toʻlovning 50 foizi 30 sentyabrgacha, qolgan qismi esa 30 noyabrgacha toʻlanishi lozim.

Eng asosiysi, darsliklar ijarasi ota-onalar uchun qulaylik yaratadi. Darsliklarni oʻz tannarxida sotib olishdan koʻra ijaraga olish ota-onalarga iqtisodiy tomondan koʻmak boʻladi.

«Mehribonlik» uylari, maxsus maktab va maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari hamda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi oʻquvchilar umumtaʼlim maktabi kutubxona jamgʻarmasi tomonidan darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadi.

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.