Dasturlar ijrosini mahallalarda amalga oshirish vazifa qilib qoʻyildi

0
72
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Bugun iqtisodiyotdagi barcha saʼy-harakatlar aholi uchun daromad manbai yaratish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan. Bu juda keng qamrovli vazifa boʻlib, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan oʻz-oʻzidan hal boʻlib qolmaydi. Bu iqtisodiy infratuzilma bilan birga investitsiya yoʻnaltirish, energiya taʼminotini yaxshilash, taʼlimni rivojlantirish kabi kompleks choralarni talab etadi.

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi uchrashuvlarida joylardagi ehtiyoj va aholi talabidan kelib chiqib, hududiy dasturlar belgilangan edi. Ular uchun kelgusi yilda qariyb 75 trillion soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan. Endigi muhim vazifa bu dasturlarni mahallagacha tushirib, ijrosini taʼminlashdir.

Yigʻilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Xususan, kelgusi yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari, ishsiz aholi va yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish, xizmat koʻrsatish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun 13 trillion soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.

– Yangi Oʻzbekiston degani, avvalo, yangicha ishlash kerak degani. Ayniqsa, hokimlar oʻzgarishi kerak. Hamma saʼy-harakatlar, ajratilayotgan mablagʻlar mahallada oʻz ifodasini topmasa, natija boʻlmaydi. Bunda ish oʻrinlari yaratish va kambagʻallikni qisqartirish – asosiy mezon, – dedi davlatimiz rahbari.

Bandlikni taʼminlashda eng katta sohalardan biri – qishloq xoʻjaligi. Kelgusi yilda paxta va gʻalladan boʻshaydigan 80 ming gektar maydon aholiga ajratilishi belgilangan. Meva-sabzavotchilik klasterlariga 2 trillion soʻm, shu sohadagi loyihalarga 100 million dollar, tomorqalarda mahsulot yetishtirish uchun yana 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Aholi tomorqasida dehqonchilikni yoʻlga qoʻyish uchun banklar tomonidan 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar beriladi.

Kelgusi yilda davlat investitsiya dasturi doirasida jami 18 trillion soʻmlikdan ziyod 1 ming 700 ga yaqin loyiha, tarmoq va hududiy investitsiya dasturlari doirasida 22 milliard dollarlik 9 mingta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Ularning natijasida, mos ravishda, 135 ming va 305 mingta ish oʻrni tashkil etish maqsad qilingan.

Prezident bundan buyon dasturlar vazirlikda emas, mahallada shakllanishini, ularni hokimlarning yordamchilari oʻzi “mahallabay” tamoyili asosida ishlab chiqishi zarurligini taʼkidladi.

Kelasi yil xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan 2 milliard 200 ming dollar mablagʻni oʻzlashtirish hisobiga 109 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning samarasida 28 ming aholi bandligi taʼminlanadi.

Davlatimiz rahbari xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan mablagʻlarni ham mahallaga bogʻlash muhimligini qayd etdi.

Yigʻilishda hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.