Davlat byudjeti ijrosini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar aniqlandi

0
175
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 noyabr kuni joriy yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini taʼminlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish boʻyicha koʻrilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Hozirgi kunda tadbirkorlar, oʻrta va kichik biznes jahon mamlakatlarida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Rivojlangan davlatlarda tadbirkorlik subyektlari umumiy korxonalar sonining 90 foizdan ziyodini tashkil etadi va mehnatga layoqatli aholining 50 foizdan ortigʻini ish bilan taʼminlaydi. 2018 yilgi holatga koʻra, Oʻzbekistonda mehnat bilan band aholining 76,3 foizi shu sohada ishlaydi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari taraqqiy etgan mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti tarkibida ham salmoqli oʻringa ega. Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotida mazkur soha ulushi 59,4 foizdir.

Mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning soʻzlari bilan aytganda, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz. 

Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida, Jahon bankining “Biznes yuritish – 2020” hisobotida Oʻzbekiston 7 pogʻonaga koʻtarilib, 69-oʻrinni egalladi va dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi. Yangi korxona ochish qulayligi boʻyicha yurtimiz ilk bor dunyoda sakkizinchi oʻringa koʻtarildi.

Bunday imkoniyatlar natijasida joriy yilning oʻtgan 10 oyida 91 mingta yoki 2018 yilgiga nisbatan 2 barobar koʻp yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.

Lekin hali soha rivoji yoʻlida qilinadigan ishlar ham koʻp.

“Biznes yuritish – 2020” hisobotida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, yer ajratish, qurilish va mol-mulkni roʻyxatga olish borasida qulayliklar yaratish kerak. 

Shu bois bugungi videoselektor yigʻilishida tadbirkorlarga yerni onlayn auksion orqali berish, mulkni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha idoralararo elektron axborot almashinuvini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Xorijiy tajriba asosida, mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni takomillashtirish taklifi bildirildi. 

Prezidentimiz hokimlar 50 foiz ish vaqtini yangi kichik biznes subyektlari tashkil etish va ishlayotgan tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda hal etishga sarflashi lozimligini taʼkidlab, juda koʻp rahbarlar bunga befarqlik va masʼuliyatsizlik bilan qarab kelayotganini keskin tanqid qildi. 

Buni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan 26 mingta murojaatning deyarli yarmi bevosita tuman darajasida hal qilish mumkin boʻlsa-da, muammolar joyida yechilmagani uchun fuqarolar yuqori idoralarga murojaat qilishga majbur boʻlayotgani ham yaqqol koʻrsatib turibdi.

Bunday holatlar Samarqand, Toshkent, Xorazm, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ancha yuqori.

Shuning uchun, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ikki kun muddatda Tadbirkorlarga murojaat qabul qilishi boʻyicha koʻrsatma berildi. 

Murojaatda tadbirkorlar oldida bundan keyin hech qanday toʻsiqlar boʻlmasligi, hududdagi barcha rahbarlar ularga yaqindan koʻmakchi boʻlishi, har kuni doimiy ravishda tadbirkorlar masalalari bilan shugʻullanishi toʻgʻrisida hokimlar shaxsan kafolat beradi.

Murojaatning bosh mazmuni hamma narsa tadbirkor uchun ekanligini xalqimizga yetkazishdan iborat. Shuning uchun Murojaatni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va aholi gavjum joylardagi bannerlarda eʼlon qilib, unda hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlarining telefon raqamlari ham koʻrsatilishi shartligi belgilandi. 

Bundan tashqari, hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ishlarni samarali tashkil etishi kerakligi taʼkidlandi.

Maʼlumki, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobank masʼul etib belgilanib, ularga yetarlicha resurslar ajratib berilgan. 

Yigʻilishda mazkur moliya tashkilotlari hamda hududiy ishchi guruhlar rahbarlari joylarda tadbirkorlikning yangi imkoniyatlarini topish va hayotga tatbiq etish borasidagi saʼy-harakatlar boʻyicha hisobot berdi. 

Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, tijorat banklari va boshqa vakolatli idoralarning oʻzaro hamkorligi joylarda hali sezilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Sohadagi barcha masalalar hokimliklar, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va banklarning oʻzaro hamkorligida yechilishi zarurligi qayd etildi. 

Davlatimiz rahbari joylarda tadbirkorlar ishtirokida yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish quvvatlarini yaratishga kuchli turtki berish kerakligini taʼkidladi. 

Bugungi kunda 49 tumanda ishlab chiqarish va 63 tumanda xizmat koʻrsatish hajmining juda pastligi – ulardagi mavjud salohiyat, yer, xomashyo va mehnat resurslari toʻliq safarbar qilinmaganidan dalolat beradi.

Shuning uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbarlari boshchiligida joylarda sanoat va xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha doimiy ishchi guruhlar tashkil qilindi va ularga tarmoqlar biriktirildi. 

Ushbu tuzilmalarga tarmoqlar bilan birga har bir tuman va shahar salohiyatini oʻrganib, 2020 yilda yangi quvvatlar tashkil etish, infratuzilma va xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bunda respublika boʻyicha qariyb 1,5 mingta davlat mulki va davlat ulushi mavjud obyektlarini sotish hamda 70 mingta tadbirkor faoliyatini tiklash muhimligi qayd etildi.

Davlat bojxona qoʻmitasiga kelgusi yil 1 yanvardan boshlab eksport-import operatsiyalari uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali elektron shaklda olinishini yoʻlga qoʻyish topshirildi. 

2020 yilda “Biznes yuritish” reytingida mamlakatimiz oʻrnini yanada yaxshilash, jumladan, ruxsatnoma berish va sertifikatlash tizimini soddalashtirish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.

Yurtimizning barqaror rivoji, ijtimoiy sohalarning uzluksiz qoʻllab-quvvatlanishi uchun davlat byudjeti va uni shakllantiradigan tushumlar muhim rol oʻynaydi. 

Shu nuqtai nazardan videoselektor yigʻilishida Soliq qoʻmitasiga noyabr-dekabr oylarida salohiyatiga nisbatan soliq tushumlari yetarli boʻlmagan qator tuman va shaharlarda soliqlarni toʻliq undirish boʻyicha yangi tizim joriy qilish topshirildi. 

Xabaringiz bor, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, xorijiy va milliy ekspertlar ishtirokida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Joriy yil 1 oktyabrdan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi.  

Soliq siyosatida olib borilayotgan islohotlarning keyingi bosqichi soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirishdir.

Shu munosabat bilan, zamonaviy usullar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, yashirin faoliyat yuritish orqali soliqdan qochishning oldini olish choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlab oʻtildi. Binobarin, barcha sohalarda “xufiyona iqtisodiyot” koʻlamlarini keskin qisqartirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqib, ijrosi taʼminlanadi. 

Bundan tashqari, mamlakatimiz boʻylab ishga tushirilayotgan yangi 145 ta yirik quvvatlarda shu yilning oʻzida mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, ular byudjetga qoʻshimcha daromad olib kelishini nazoratga olish zarurligi qayd etildi. 

Maʼlumki, davlat byudjetining barqarorligini taʼminlashda aholi va yuridik shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlar uchun olingan toʻlovlar ham muhim rol oʻynaydi.

Avval xabar qilganimizdek, 2020 yildan boshlab mahalliy byudjetni shakllantirish tartibi tubdan oʻzgaradi, hududlar oʻz sarf-xarajatlarini mustaqil ravishda hal qiladi. Shu munosabat bilan, endi hokimlar mahalliy byudjet daromadlarini koʻpaytirish uchun koʻproq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tashkil etishi, soliqlarni mustaqil ravishda yigʻishi va bu boradagi masʼuliyatini kuchaytirishi kerak boʻladi.

Prezidentimiz bugungi kundagi yana bir dolzarb masalaga toʻxtalib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlari joriy etildi. 

15 oktyabrdan boshlab un va bugʻdoyning narxlari erkinlashtirildi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida har bir nafaqa oluvchiga oyiga 50 ming soʻmdan kompensatsiya toʻlanmoqda.

Qolipli non bilan kafolatli taʼminlash uchun yetarli resurs zaxirasi yaratilib, un ishlab chikarishning oylik hajmi mamlakatimizda 122 mingdan 142 ming tonnaga oshirildi. Bugungi kunda Toshkent shaxrida 1 kilogramm un birjada 2300-2400 soʻmdan sotilayotgan boʻlsa, chakana savdoda qolipli non narxi 1500-1700 soʻmni tashkil qilmoqda.

Yigʻilishda ayrim viloyatlarda nonning narxi nisbatan yuqoriligicha qolayotgani koʻrsatib oʻtildi. 

Shuning uchun, Toshkent shahri tajribasidan kelib chiqib, barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga unni birja savdosida sotilishidan boshlab, nonni chakana savdoda sotilishigacha boʻlgan jarayonni har kuni tahlil qilib, aholining nonga boʻlgan kunlik ehtiyojini toʻliq taʼminlab borish boʻyicha vazifalar yuklatildi.

Joylarda non ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish yuzasidan barcha imkoniyatlarni qoʻllash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga kompensatsiya pullarini oʻz vaqtida va toʻliq yetkazib berilishini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, togʻli va olis hududlarda qish mavsumiga un va boshqa oziq-ovqat zaxirasi yaratish lozimligi qayd etildi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisobot va takliflari eshitildi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.