Davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi

0
117
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bugun dunyoda iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlari yaqqol sezilmoqda. Buni oldindan koʻra bilib, mamlakatimizda ekologik toza iqtisodiyotga oʻtilmoqda.

Oxirgi uch yilda joylarda 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi, 35 ta kichik GES qurildi. Sanoatda “yashil energiya” sertifikati tizimi joriy qilindi. Quyosh panellari oʻrnatgan xonadonlar 60 mingdan oshdi. “Yashil makon” dasturi doirasida daraxtlar ekilib, bogʻlar yaratilayapti. Suvdan tejab-tergab foydalanilayapti.

2025 yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili deb eʼlon qilindi. Bu borada davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, bir oy davomida jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazildi. U bilan 11 million fuqaro tanishib, 100 dan ziyod takliflar tanlab olindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tarmoqlari va boshqa vakolatxonalar hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Davlat dasturidagi eng katta yoʻnalishlardan biri energetikadir.

Soʻnggi yillardagi jadallik tufayli mamlakatimizning jami quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi. Bu yil uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyaci, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.

Davlatimiz rahbari bunga qoʻshimcha yana 1 gigavatt quvvatli loyihalarni shakllantirish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat koʻrsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari oʻrnatishni ragʻbatlantirish davom ettiriladi. Bunga 2 trillion soʻm kredit ajratiladi.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktab tajribasi asosida bogʻcha, maktab va shifoxonalarda issiqlik nasosini joriy qilish ommalashtiriladi.

“Yashil iqtisodiyot” bu nafaqat toza energetikani rivojlantirish, balki tarmoqlarda energiya samaradorligini oshirish hamdir.

Bu yil kamida 6 foiz iqtisodiy oʻsish surʼatini saqlab qolib, yalpi ichki mahsulotni 125 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda omilkorlik va tejamkorlik juda muhim.

Shu bois Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziriga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15-20 foizgacha qisqartirish va qoʻshilgan qiymatni koʻpaytirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Davlatimiz rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga oʻtish vaqti kelganini taʼkidladi.

Misol uchun, elektrotexnika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida 1 tonna energiya sarfiga toʻgʻri keladigan qoʻshilgan qiymat kimyo, qurilish materiallari, toʻqimachilik tarmogʻidagidan 15-20 barobar yuqori.

Yuqoridagi sohalarda ham resurslarni tejash, kam energiya sarflab, koʻp qoʻshilgan qiymat olayotgan tarmoqlarni rivojlantirish vazifasi qoʻyildi. Energiya isteʼmoli yuqori boʻlgan 400 ta yirik sanoat korxonasi energiya auditdan oʻtkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy qilinishi belgilandi.

Yaqin kelajakda rivojlangan davlatlar faqat “yashil texnologiya” asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni oladi. Shu bois hozirdan bunga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yil ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarining 15 foizi, 2027 yildan 30 foizi, 2030 yildan 55 foizi “yashil” boʻladi. Kam uglerodli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqa tashkilotlardan 300 million dollar resurs jalb qilinadi.

Energetika majmualarini barpo etishda 4 milliard dollarlik uskuna va butlovchi qismlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladi. Bu orqali yirik loyihalarda “yashil komponent” ulushi 25 foizdan 31 foizga yetadi.

“Yashil makon” dasturi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda. Oʻtgan 3 yilda 698 ta bogʻ va 316 ta jamoat parki tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektarli butazor barpo etildi.

Buni davom ettirgan holda, bu yil koʻchatchilikka ixtisoslashgan 18 ta oʻrmon xoʻjaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, urugʻchilik laboratoriyalari, intensiv tajriba uchastkalari va “onalik” plantatsiyalari yoʻlga qoʻyiladi.

Ushbu xoʻjaliklarda joriy yilda 123 million tup koʻchat tayyorlanadi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ularni onlayn sotib olish yoʻlga qoʻyiladi.

Hududida daraxt ekkan, ishlab chiqarishda ekologik toza uskuna va materiallardan foydalanganlarga “yashil tadbirkor” maqomi beriladi. Bu tadbirkorlar reytingida ham inobatga olinadi. Ularga tashqi bozorlarga chiqishi uchun “yashil sertifikat” olish, bozor topishda har tomonlama yordam beriladi.

Yigʻilishda mutasaddilar davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan vazifalar va ularni amalga oshirish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.