Xabar qilinganidek, 19 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi.
Hujjatga muvofiq, davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga masʼul boʻlgan xodimlariga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan boʻlinma rahbarlari har yil yakunlari boʻyicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qarori asosida axborot tizimlari, elektron davlat xizmatlari va axborotlashtirishni joriy etish rejalari va dasturlarining oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilganligi uchun, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan eng kam ish haqining 100 baravarigacha miqdorda mukofotlanadi.
Shuningdek, davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari va boʻlinmalari xodimlari uch yilda bir marta vazirlik va uning hududiy boshqarmalarida attestatsiyadan oʻtishi belgilandi.
Endilikda ijro etuvchi hokimiyat organlarida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari vazirlik hamda uning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur hujjat bilan 1 iyundan, shuningdek, Oʻzbekistonda tadbirkorlar eksport shartnomasi tuzmasdan elektron savdo maydonchalarida oldi-sotdi qilish huquqiga ega boʻldi.
OʻzA