Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

0
142
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda pensiya, nafaqa, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash va yetkazib berishda fuqarolarga qulay shart-sharoitlarni yaratish, toʻlov tizimining zamonaviy usullarini keng joriy etish hamda mazkur sohada ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 maydagi “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–5102-son qaroriga muvofiq pensiya va nafaqa toʻlovlari uchun zarur mablagʻlar har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank hamda AT “Xalq banki”ning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:

a) 2022 yil 1 maydan boshlab:

“Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga va oilalarga tegishli jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan koʻrsatiladigan moddiy yordamlar, mehnat organlari tomonidan toʻlanadigan ishsizlik nafaqasi va stipendiyalar hamda jazoni oʻtab ozodlikka chiqqan fuqarolarga toʻlanadigan moddiy yordam pullari (keyingi oʻrinlarda – moddiy yordam pullari) har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtiriladi hamda pensiya va nafaqalar bilan bir vaqtda AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan mahallalarga yetkaziladi;

AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan pensiya va nafaqalar hamda moddiy yordam pullarini fuqarolarga naqd pulda yetkazib berish xizmatlari uchun 1 foiz miqdorda bankka xizmat haqi toʻlab beriladi. Bunda, AT “Xalq banki” zimmasiga sayyor kassalar orqali mahalla fuqarolar yigʻinlariga borgan holda pensiya va nafaqa oluvchilarning kartalaridagi mablagʻlarini ularning xohishlariga koʻra naqd pulga almashtirib berish vazifasi yuklatiladi;

barcha turdagi davlat pensiyalarini, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan toʻlanadigan nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa toʻlovlarni hamda kam taʼminlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini (keyingi oʻrinlarda – pensiya va nafaqalar) bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy qilinadi. Bunda, fuqarolarning roziligi bilan pensiya va nafaqa pullarini bank kartalariga oʻtkazish asosida hujjatlarni qogʻoz shaklida yuritishdan voz kechiladi;

b) 2022 yil 1 sentyabrga qadar harbiylashtirilgan tizim pensiyalarini hisoblash va ularning toʻlov hisob-kitoblari tizimini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan avtomatlashtirish orqali xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklarida pensiya varaqalarini yuritish amaliyoti bekor qilinadi.

3. AT “Xalq banki” (Sh.X.Atabayev):

Markaziy bank (B.E.Zaxidov) bilan birgalikda aholini bankomatlar bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida 2022 yilning 1 oktyabriga qadar xorijdan 1 800 ta bankomat olib kelgan holda, ularning hududlar, shu jumladan, olis tumanlarda oʻrnatilishini taʼminlasin;

2022 yil yakuniga qadar pensiya va nafaqa oluvchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida ularning mablagʻlarini masofadan boshqarish imkonini beruvchi bankning yangi mobil ilovasini ishlab chiqsin;

Adliya vazirligi tomonidan aholiga koʻrsatiladigan xizmatlarni bankning mobil ilovasi orqali amalga oshirilishini yoʻlga qoʻysin.

4. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov):

mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va tegishli maqsadli jamgʻarmalarning qoldiq mablagʻlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan ajratilishini taʼminlasin;

ikki hafta muddatda byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidagi Hukumat farmoyishi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish
va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu qarorning maqsadi, vazifalari va bundan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

7. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                      Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.