Davlat rahbari mahalla aholisi bilan muloqot qildi

0
104
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi Parvoz mahallasida boʻlib, aholi hayoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda har bir mahalladagi «oʻsish nuqtalari»ni aniqlab, aholini tadbirkorlikka va oʻzini oʻzi band qilishga jalb etish, kommunal muammolarni hal qilib, hududini obodonlashtirish choralari koʻrilmoqda. Parvoz mahallasiga tashrif chogʻida shu boradagi ishlar ijrosiga eʼtibor qaratildi.

Bu yerdagi 41 ta koʻp qavatli uyga “Shinam uy-joy” boshqaruv servis kompaniyasi sifatli xizmat koʻrsatmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu shirkat binosini kirib koʻrdi.

Kompaniyada tunu kun dispetcherlik xizmati yoʻlga qoʻyilgan. 35 doimiy, 20 dan ziyod mavsumiy ish oʻrni yaratilgan. Binoda «Xalq banki» boʻlimi ham tashkil etilgan.

Hududda maktabgacha taʼlim muassasalari, maktab, sport maydonchalari bor. Prezident shu yerda oʻynayotgan bolalarga ezgu tilaklar bildirdi.

— Bolalarimiz sogʻlom boʻlib, koʻzlaridan nur yogʻilsa, men uchun eng katta baxt shu. Sizlarning bilim olishingiz, kasb-hunarlar egallashingiz, sport bilan shugʻullanishingiz uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar yaxshi oʻqib, al-Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek bobolarimizga munosib boʻlib, ota-onangiz orzularini ushaltiradigan insonlar boʻlib ulgʻaying, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahallada savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida 157 kichik biznes subyekti bor. Aholini ish bilan taʼminlash maqsadida joriy yilda umumiy qiymati 73 milliard soʻm boʻlgan 6 ta loyihani amalga oshirish va 310 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

— Bu Toshkent shahridagi eng katta mahallalardan biri — 10 ming 200 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda shunday ishlar qilingani boshqa mahallalarga namuna boʻlishi kerak, — dedi Prezident.

Mutasaddilarga poytaxtimizdagi barcha 524 ta mahallani shunday obod qilish, buning uchun har biriga mablagʻ ajratib, loyihalarini tasdiqlash boʻyicha topshiriq berildi.

Shu yerda nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat boʻldi.

– Ulugʻ ayyom kunlarda sizlar bilan koʻrishganimdan xursandman. Mehr koʻzda degandek, yoshlar, nuroniylar bilan gaplashsam oʻzimga kuch, katta rejalar olaman. Odamlarning har bir gapi menga masʼuliyat bagʻishlaydi. Xalqimizni rozi qilsak, inshoolloh, ajri ham boʻladi, — dedi Prezident.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.