Davlat rahbari Olmaliq kombinatidagi yirik majmua qurilish maydonida boʻldi

0
13
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Olmaliqdagi “Yoshlik-1” koni hamda uning negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rangli, nodir va qimmatbaho metallar qazib chiqarishda yetakchi. Mamlakatimiz yalpi sanoat mahsulotining 5 foizi, sanoat mahsulotlari eksportining 6 foizi uning hissasiga toʻgʻri keladi. Kombinat tizimida 35 mingga yaqin kishi ishlaydi.

Oʻtgan yili 148 ming tonna mis, 17 tonnadan ziyod oltin, 162 tonna kumush ishlab chiqarilgan. 1 milliard 100 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, 662 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.  

Keyingi yillarda geologik qidiruvlar va investitsiyalar miqdori oshgani natijasida ishlab chiqarishning yangi imkoniyatlari topilmoqda. Shulardan biri – “Yoshlik-1” koni. Bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq istiqbolli investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi ham salmoqli – yiliga 65 million tonna maʼdan. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor.

Davlatimiz rahbari mazkur konda boʻlib, qazish ishlarini koʻzdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi.

“Yoshlik-1” koni maʼdanlaridan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi barpo etilmoqda. Uning qurilishiga 2021 yil 29 iyulda tamal toshi qoʻyilgan edi.

Bu yirik loyihaning qiymati 4,6 milliard dollar boʻlib, konni qazish, fabrika va uning infratuzilmasini qurishni oʻz ichiga oladi. Hozirgi kunda 200 million kub metr kon yuzasi ochilgan, 41 kilometr temir yoʻl yotqizilgan, 650 megavattli podstansiya qoʻyilgan. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlaridan uskunalar keltirilgan. Fabrika va  boshqa infratuzilmalar qurilishi jadal ketmoqda.

Prezidentimiz bu yerdagi ulkan bunyodkorlik ishlari bilan atroflicha tanishdi. Boʻlajak zavodning iqtisodiiy samaradorligi, unda qoʻllaniladigan ilgʻor texnologiyalar, ish jarayonidagi qulayliklar haqida axborot berildi.

Mazkur fabrika birinchi bosqichda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega boʻladi. Bu orqali yilliga 917 ming tonna mis va 2,5 ming tonna molibden konsentratlari ishlab chiqariladi. 5 ming 600 kishining bandligi taʼminlanadi.

Bu yirik loyiha turdosh sanoat tarmoqlarining rivojlanishiga ham turtki berdi. Masalan, fabrika qurilishiga metall konstruksiyalar yetkazib berish uchun 6 ta zavod ishga tushirildi. Muhandislik, dasturiy taʼminot va kasb-hunar taʼlimi yangi darajaga chiqmoqda. Yangi turar joylar va xizmatlarga talab paydo boʻlmoqda.

Fabrikada logistika jarayoni ham qulaylashtiriladi. Fabrikaning barcha korpuslari orasida konveyerlar boʻladi. Bu yuk ortish va tashishni bartaraf etib, xarajatlarni qisqartiradi.

Ikkinchi bosqichda quvvat 160 million tonnaga yetadi yoki bugungi koʻrsatkichdan 3 barobarga koʻpayadi. Ushbu ikki bosqich amalga oshirilishi natijasida korxona 2028 yilga borib yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Shu tariqa Olmaliq kombinati togʻ-kon metallurgiyasi sohasida dunyodagi eng yirik sanoat majmualaridan biriga aylanadi.

Xalqaro baholash mezonlariga koʻra, Olmaliqda misning yalpi zaxirasi 45 million tonnani, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etishi aniqlangan. Bu dunyo miqyosida ham eng yirik va noyob koʻrsatkichlardir.

Yana bir muhim tomoni, bugun dunyoda “yashil iqtisodiyot”, elektr texnikasi, elektromobillar sanoati jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida 2030 yilga borib mis mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj 40 foizga ortishi kutilmoqda.

Yaʼni, Olmaliq kombinati mahsulotlariga uzoq yillar davomida xalqaro darajada boʻladi. Kelgusida kombinat ishlab chiqaradigan mahsulotlar hajmi 3 martadan ziyod koʻpayib, uning qiymati qariyb 8 milliard dollarga yetadi. 11 mingta yangi, yuqori texnologik ish oʻrinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari “Enter Steel” mexanika taʼmirlash korxonasi ustaxonalarida ham boʻlib, yangi uskunalar va ish jarayoni bilan tanishdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.