Prezident Shavkat Mirziyoyev Shumanay tumanidagi “Shumanay ekoteks” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
2020 yilda ishga tushirilgan ushbu korxona 7 ming tonnadan ziyod ip-kalava tayyorlash quvvatiga ega. Oʻtgan yili 51 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, qariyb 5 million dollarlik eksport qilingan.
Shu paytgacha hududdagi eng katta muammo ishsizlik edi. Mazkur korxona aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminlashda muhim boʻldi. Bu yerda 500 ta ish oʻrni tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlarni koʻzdan kechirdi, ishchilar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga korxonada paxtani qayta ishlashning keyingi bosqichlarini oʻzlashtirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
— Bu maʼqul. Lekin tumanda ishsizlar boʻlmasligi uchun bunday korxonalar uch-toʻrtta boʻlishi kerak. Sanoatning boshqa yoʻnalishlarida ham loyihalar topish zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda tumandagi “Bahrom Ilgʻor Klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati haqida maʼlumot berildi. Klasterning 743 gektar yeri lazer orqali tekislangan. Shundan 100 gektarida yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan.
— Aholiga daromad manbai yaratish, yalpi ishlab chiqarishni koʻpaytirishga harakat qilayapmiz. Buning uchun nima kerak? Avvalo, suv kerak. Qoraqalpogʻistonda suv va yer hisobi dolzarb. Agar saranjom qilib, iqtisod qilib foydalanilsa, suv yetadi. Buning uchun qishloq xoʻjaligi madaniyatini oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish kerak, — dedi Prezident.
Shumanay tumaniga biriktirilgan Xorazm viloyati tadbirkorlarining investitsiya loyihalari taqdimoti ham oʻtkazildi.