Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbari yigʻilganlarni Tadbirkorlar kuni bilan tabriklab, oʻzining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.
Muloqotda oʻtgan yillardagi uchrashuvlar natijalariga toʻxtalib oʻtildi. 2021 yili boʻlgan ochiq muloqot boʻyicha 57 ta, oʻtgan yili esa 55 ta tashabbus ilgari surilgan edi. Ularning natijasida biznesni yuritishda koʻplab yengilliklar boʻldi.
Misol uchun, oʻtgan yilgi takliflar asosida biznes subyektlari mikro, kichik, oʻrta va yirik toifalarga boʻlinib, ular bilan alohida ishlash yoʻlga qoʻyildi. Xuddi shunday, tuman va shaharlar ham 5 ta toifaga ajratildi, 60 ta tumanga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari joriy qilindi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish muddati qisqartirilib, oʻtgan bir yil ichida 6 mingta korxonaga 20 trillion soʻm qaytarib berilgan. Eng muhimi, ushbu soliq stavkasi 12 foizga tushirilgani hisobiga, qoʻshilgan qiymat zanjiri ishtirokchilari soni 26 mingtaga koʻpayib, faoliyati “soyadan” chiqqan.
Kredit berishda aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov taʼminoti sifatida foydalanish tizimi yaratildi. Bu imkoniyat orqali tadbirkorlarga 1 milliard dollar kreditlar berilgan.
Bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirildi. Natijada, ushbu bojxona rejimidan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 barobarga koʻpaydi. Bir yil ichida ushbu imkoniyat orqali 455 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Ilgari yangi tadbirkorlar uchun “kirish qiyin boʻlgan” 119 ta faoliyat boʻyicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki xabardor qilish shakliga oʻtkazildi. Joriy yilning olti oyida soliq toʻlovchilar faoliyatida tekshirishlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.
Umuman, oʻtgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga koʻpaygan, oʻrta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga yetgan. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga koʻpayib, 1,5 mingta boʻldi.
Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshgan. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetgan.
Ochiq muloqotlardan keyin, soʻnggi ikki yilda korxonalarimiz tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilingan va avval import boʻlgan 10 milliard dollarlik mahsulotni oʻzimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev muloqotdagi maʼruzasida beshta asosiy yoʻnalishni koʻrsatib oʻtdi. Ularning har biri oʻz ichiga koʻplab tashabbuslarni qamrab oldi.
Birinchi yoʻnalish – kichik biznesga yangi imkoniyatlar.
Bu soha vakillarini tadbirkorlikka oʻqitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish boʻyicha yaxlit ekotizim yaratilishi qayd etildi. Buning uchun eng avvalo, “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi. Ularda oʻqigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtiriladi. Bu dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Umuman, kichik biznesda kamida 150 mingta subyektni “oyoqqa turgʻizish”, 25 mingtasini oʻrta korxonalarga aylantirish, sohada 250 mingta yangi doimiy ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.
Ikkinchi yoʻnalishda oʻrta biznesga oid tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, kichikdan oʻrta biznesga oʻtish istagida boʻlgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun bu boradagi jamgʻarmalarning faoliyati ham, ishlash usuli ham oʻzgartiriladi. Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi orqali yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 5 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada 10 yil muddatga kreditlar ajratiladi.
Sanoat ipotekasi tizimi yoʻlga qoʻyilib, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi. Jumladan, har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi.
Tadbirkorlik jamgʻarmasi iqtisodiyotning yana bir drayveri boʻlgan xizmatlar sohasiga masʼul boʻladi. Jamgʻarma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi.
Ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan qoʻshimcha 1 milliard dollarlik xizmatlar, 5 milliard dollarlik yangi mahsulotlar, 350 ming yangi ish oʻrinlari tashkil qilish mumkinligi aytildi.
Uchinchi yoʻnalish yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish boʻyicha boʻldi.
– Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlay olmaymiz. Bizning “neftimiz” ham, “gazimiz” ham bu – Siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir, – dedi Prezident.
Bu yoʻnalish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani samarasida soʻnggi toʻrt yilda eksportchi korxonalar soni 4 ming 500 tadan 7 ming 200 taga koʻpaygan. Eksport mahsulot turlari 1 ming 500 tadan 3 mingtaga oshib, geografiyasi 139 ta mamlakatdan 164 taga kengaygan.
Oʻtgan yili “Yangi Oʻzbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi boshlangan edi. Uning doirasida 100 ta yetakchi eksportchi korxonaga kredit, soliq, bojxona boʻyicha alohida rejim joriy qilindi.
Muloqotda mazkur dastur joriy yilda ham davom ettirilishi va qamrab olinadigan korxonalar soni 500 taga yetkazilishi maʼlum qilindi.
Davlatimiz rahbari nufuzli xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb qilish masalasiga alohida ahamiyat qaratdi. Buning uchun, xorijiy hamkorlar soʻroviga muvofiq, ishlab chiqarishga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash talablarini hamda qulay bojxona rejimini joriy qilish, mahalliy korxonalardagi ishchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratish zarurligi taʼkidlandi. Yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga grant ajratish taklifi bildirildi.
Toʻrtinchi yoʻnalish – yuqori daromadli korxonalarni koʻpaytirish. Shu maqsadda xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda, elektr texnikasi, toʻqimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, polimer, kimyo va oziq-ovqat sanoati boʻyicha 140 ta loyiha ishlab chiqilgan. Ularning jami qiymati 10 milliard dollarga teng boʻlib, 60 mingta ish oʻrinlarini yaratish, yiliga 5 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 2,5 milliard dollarlik eksport qilish koʻzda tutilgan. Ushbu tayyor loyihalar tadbirkorlarga taklif qilindi.
Beshinchi yoʻnalish soliq maʼmurchiligini soddalashtirish, byurokratiyani yoʻq qilish masalalariga qaratildi. Prezident bu sohada korrupsiya bilan bogʻliq shikoyatlar koʻpayib ketgani, qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qoʻllash amaliyoti (tax gap) adolatsiz ekanini qayd etdi. Shu bois, 1 oktyabrdan boshlab, ushbu amaliyot bekor qilinishi belgilandi.
Barcha moliyaviy sanksiyalar qayta koʻrib chiqilib, adolatli meʼyorlar belgilanishi taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbirkorning soliq idoralari bilan boʻladigan barcha nizolarini koʻrish maʼmuriy sud vakolatiga oʻtkaziladi. Ularning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi.
Ishbilarmonlarning vaqti va xarajatlarini tejash maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab, bir-birini takrorlovchi va eskirgan hisobotlar tugatiladi. Barcha hisobotlarni yagona elektron tizim orqali taqdim etish yoʻlga qoʻyilib, ularning qogʻoz shakli bekor qilinishi aytildi.
– Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida har bir yil ulkan dastur va loyihalarni amalga oshirish davri boʻlib qolmoqda. Hayot sinovlarida toblangan, mard va tashabbuskor tadbirkorlarimiz bor ekan, biz albatta koʻzlagan marralarimizga erishamiz, – dedi Prezident soʻzining yakunida.
Ochiq muloqot savol-javob tarzida davom etdi. Tadbirkorlar aytgan taklif va muammolar yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.