Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili Fargʻona shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishini borib koʻrgan edi. Viloyatga bu galgi tashrif chogʻida ishlarning borishi yana bir bor koʻzdan kechirildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugungi kunda 300 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Bu yerda 65 mingdan ziyod aholiga moʻljallangan 298 ta koʻp qavatli uy bunyod etiladi. Aholi zich yashaydigan shahar va viloyat uchun bu muhim ijtimoiy ahamiyatga ega.
Bu yil massivda 73 ta uy barpo etilmoqda. Ularning dastlabkilari foydalanishga topshirilib boʻldi.
Shuningdek, hududda maktablar, maktabgacha taʼlim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, sport majmuasi boʻladi. 50 gektarda tashkil etiladigan kichik sanoat zonasi aholini ish bilan taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.
Massiv oʻziga xos ekoshahar boʻladi — 70 gektar maydonda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” va sunʼiy koʻl barpo qilinadi. Boʻsh maydonlarga ham daraxtlar ekiladi. Sunʼiy koʻl atrofida soʻlim xiyobon tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari massivdagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarga investorlarni jalb etish, xizmat turlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezident Fargʻona viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.