Davlat rahbari yangi toʻqimachilik korxonasini borib koʻrdi

0
81
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanidagi “Real Teks Tashkent” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Qiymati 50 million dollar boʻlgan mazkur korxona shu yil may oyida ishga tushirilgan. Zamonaviy uskunalar oʻrnatilib, ip-kalava, mato va tayyor toʻqimachilik tovarlari ishlab chiqarish, boʻyash va gul bosish yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida 390 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlanib, 19 million dollarlik eksport qilingan.

Korxona yiliga 22 ming tonna ip-kalava, qariyb 6 million pogon metr mato tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda 1 ming 800 kishi ish bilan taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari korxona mahsulotlarini koʻzdan kechirdi. Mutasaddilarga qayta ishlashning keyingi bosqichlarini oʻzlashtirib, mahsulot turlarini va eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu yerda Toshkent shahri va tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari ishtirokida yigʻilish boʻldi. Yigʻilishda yangi tizim asosida mahallalarda tuman hokimi yordamchisi hamda Toshkent shahar hokimining yordamchisi — yoshlar yetakchisi lavozimlarini joriy etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

— Dunyoda bunday tajriba ham, kitob ham yoʻq. Buning uchun avvalo fidoyi boʻlish, xalqni sevish kerak. Bu ikki lavozimda ishlaydiganlar mahallada islohotlar poydevori boʻladi. 
Ular tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatini amalga oshiradi. Bu juda katta masʼuliyat va sharaf, — dedi Prezident.

Shayxontohur tumani boʻyicha yangi tayinlangan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari soʻzga chiqib, mahallalardagi muammolarni, ularni hal etish borasidagi takliflarini aytdi. Davlatimiz rahbari ularni qoʻllab-quvvatlab, mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.