Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, biznes forumi, Rektorlar forumi, Avlodlar muloqoti va qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazilgani taʼkidlandi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi, xavfsizlik, madaniyat va boshqa muhim yoʻnalishlardagi hamkorlik natijalari tanqidiy tahlil qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va boshqa koʻp tomonlama maydonlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirish, eng avvalo, import oʻrnini bosish dasturlari va kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shu maqsadda tashrif davomida oʻzaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan dastur qabul qilinmoqda. Bundan tashqari, yaqin yillarda 2 milliard dollar koʻrsatkichiga chiqish uchun poytaxtlarda savdo uylari tashkil etiladi, eksport-import shartnomalari toʻplami shakllantiriladi, eksportoldi moliyalashtirish vositalari joriy etiladi, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlarini tezkor tashish boʻyicha «yashil yoʻlak» ishga tushiriladi.
Sanoat kooperatsiyasi doirasidagi joriy loyihalar portfeli 300 million dollarga yetgani taʼkidlandi. Kuni kecha boʻlib oʻtgan biznes forumi doirasida energetika, logistika, elektrotexnika, toʻqimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining yangi toʻplami qabul qilindi.
Bunday loyihalarni ilgari surish uchun Oʻzbekiston-Qirgʻiziston jamgʻarmasining ustav kapitali 200 million dollargacha oshiriladi.
Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yoʻnalish etib belgilandi.
Qambarota GES-1 qurilishi boʻyicha bitimni tez fursatda imzolash va loyihaning amaliy bosqichini boshlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat salohiyatini hisobga olgan holda kichik gidroenergetikani rivojlantirish boʻyicha kompleks hamkorlik dasturi tayyorlanadi.
Mintaqada transport bogʻliqligini mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.
“Xitoy — Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish boʻyicha strategik loyiha toʻgʻrisidagi uch tomonlama bitim imzolangani bu borada tarixiy voqea boʻldi.
Uchrashuvda istiqbolli transport loyihalari ham koʻrib chiqildi.
Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy drayverlari ekani taʼkidlandi. Shu maʼnoda, Bosh vazirlar raisligidagi Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.
Hududlar delegatsiyalarining oʻzaro tashriflari jadvalini tayyorlash va qoʻshma «yoʻl xaritalari»ni yangilashga kelishib olindi.
Qishloq xoʻjaligi oʻzaro hamkorlikning muhim yoʻnalishidir. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, intensiv bogʻlar va agroklasterlar tashkil etishni nazarda tutuvchi agrokooperatsiya dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.
Madaniyat, yoshlar, turizm, taʼlim, fan va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Shu maʼnoda, tashrif arafasida Samarqandda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kelgusi yillarga moʻljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib olindi.
Yigʻilishda Bosh vazirlar oʻrinbosarlarining hisobotlari va savdo-iqtisodiy hamkorlik yuzasidan aniq takliflari tinglandi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qoʻshma «yoʻl xaritasi»ni tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov oʻrtasida boʻlib oʻtgan samarali muzokaralar yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi.
Davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʻgʻrisida Qoʻshma bayonotni imzoladilar.
Tashrif davomida 16 ta hujjat imzolandi, jumladan:
— Qirgʻiz Respublikasining Issiqkoʻl viloyati hududida joylashgan kurort-hordiq xoʻjaligi obyektlari boʻyicha hukumatlararo bitim;
— Fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida bayonnoma;
— Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisida bayonnoma;
— Qurilish faoliyati sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;
— Mehnat, aholi bandligi va migratsiya sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;
— Madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;
— Davlat xizmati sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;
— 2024-2030 yillarda oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;
— 2024-2026 yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
— 2024-2026 yillarda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»;
— 2024-2026 yillarda Toshkent va Bishkek shaharlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;
— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti oʻrtasidagi memorandum va boshqalar.