Davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha takliflar taqdimot qilindi

0
62
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini samarali tashkil qilishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Iqtisodiyotda davlat ulushini keskin qisqartirish boʻyicha mamlakatimizda katta islohotlar olib borilmoqda. 2019 yilda “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida” qonun qabul qilingani bunga keng yoʻl ochdi.

Bunday sheriklik ijtimoiy sohalarda yaxshi natijalar berayapti. Masalan, 1 million 200 ming oʻrinli xususiy bogʻchalar ochilgani tufayli qamrov darajasi 77 foizga chiqdi. Oliy taʼlim tizimida 57 ta loyiha samarasida 29 ming talaba yotoqxona bilan taʼminlandi. Tibbiyotda otolaringologiya, diagnostika, laboratoriya kabi xizmatlarda xususiy sektor ulushi ancha yuqori.

Shunga qaramay, bu borada hali imkoniyat ham, talab ham koʻp. Taqdimotda tibbiyot, taʼlim, madaniyat va sport yoʻnalishlarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki hamda boshqa hamkorlar bilan birgalikda sogʻliqni saqlash sohasida jami qiymati 1,2 milliard dollarlik 5 ta, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida 745 million dollarlik 6 ta hamda oliy taʼlim sohasida 100 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish choralari belgilab olindi.

Xususan, Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Andijon va Samarqand shaharlarida koʻp tarmoqli zamonaviy klinikalar quriladi. Hududlardagi markaziy shifoxonalarda tibbiyot bilan bogʻliq boʻlmagan xizmatlar xususiy sektorga oʻtkaziladi.

Madaniyat va sport sohalaridagi ayrim faoliyatlarga xususiy sektorni jalb qilish masalasi ham koʻrib chiqildi. Hozirgi kunga qadar 43 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berilgan boʻlib, yana qoʻshimcha 127 tasini berish imkoniyati aniqlangan.

Shu kabi boʻsh turgan basseyn, sport zali va maydonlarini ham yangilab, sogʻlomlashtirish xizmatlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun madaniyat va sport inshootlarini soddalashgan tartibda xususiy sheriklikka berish taklifi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari ijtimoiy sohadagi vazirliklar hamda mahalliy hokimliklarga tegishli obyektlar kesimida “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlab, ijrosini taʼminlash, xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.