1991 yilning 18 noyabr sanasi «Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilingan sana sifatida tarixga muhrlandi.
Konstitutsiyamizda belgilangan Davlatimiz ramzlaridan biri – bayroq. Konstitutsiyamizning 5-moddasida shunday deyiladi: Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan oʻzbek davlat ramzlari-bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega”. Bayrogʻi, gerbi, madhiyasi kabi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining koʻzgusi, timsolidir.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning navbatdan tashqari oʻtkazilgan VIII sessiyasida 1991 yil 18 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan edi. Mana shunga ham oʻttiz ikki yil toʻldi. Ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab, “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi!” shiori ostida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Chunki, barcha davlat bayrogʻidan foydalanish tartibini yaxshi bilishi zarur. Bu borada ushbu yil milliy qonunchilikimizda oʻzgarishlar boʻldi.
Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 7 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun imzolandi. Qonun bilan bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagilarda foydalanilishga ruxsat berildi: jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek, ularga tutash boʻlgan hududlarda, transport vositalarining salonida, sport musobaqalarida, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblarining, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkin.
Shuningdek, qonunda bayroqqa nisbatan hurmatsiz munosabatda boʻlish hollari ham belgilandi: bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oʻchgan holda va boshqa nomaʼqul tarzda, biror-bir narsa uchun ustki yopingʻich, kiyim, dastroʻmol yoki koʻrpa-toʻshak sifatida, shuningdek buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish, bayroqni stollarga, oʻrindiqlarga, stullarga toʻshash yoki uning tasvirini tushirish va undan qoplama sifatida foydalanish, shuningdek uni oʻtiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga toʻshash yoki uning tasvirini tushirish, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.
Farzandlarimizga bayraqimizda belgilangan ramzlarni ham qayta-qayta gapirib anglatishimiz kerak. Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi bugungi Oʻzbekiston sarhadini qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.
Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzidir. Bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuxrat va sadoqatni bildiradi. Amir Temur davlatining bayrogʻi ham moviy rangda boʻlgan.
Oq rang muqaddas tinchlikni ifodalaydi, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang poklik, begʻuborlik, soflikni hamda ichki goʻzallikka intilishni ham oʻzida ifodalaydi.
Yashil rang — tabiatning yangilanishi ramzi. U umid, navqironlik va shodumonlik timsolidir.
Qizil chiziqlar vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.
Navqiron yarim oy tasviri biznig tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni kunda qoʻlga kiritilgan mustaqqilligimiz ramzidir.
Yulduzlar barcha uchun ruhiy quvvat, ilohiy timsol hisoblanadi. Bayrogʻimizdagi 12ta yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi quyosh yilnomamizga bevosita aloqadordir. Bizning 12 yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz mamlakatimiz sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida”Nujum ilmi” taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. Shuningdek, u oʻzbek xalqi madaniyati qadimiyligi, uning komillikka, oʻz tuprogʻida saodatga intilishi ramzi sifatida tushinish lozim.
Bayrogʻimiz xalqaro tashkilot BMTi binosida hilpiraganda, rasmiy uchrashuvlarda, sport maydonlarida baland koʻtarilganida qalbimizni faxr tuygʻusi qamrab olishi ana shundandir. Aziz farzandlarimiz, milliy faxrimiz boʻlgan, oʻzligimizni anglatuvchi bayrogʻimizni avaylang, asrang va uni burchim deya biling!
Sayohatlarga chiqishni xush koʻraman. Jamoa boʻlib sayoxatga qadimiy maskanlarga uyushtirilgan tadbirlarda. atrofni kuzataman. Singapur, Malayziya, Tailand, Indoneziya sayohatchilarining yetakchilari qoʻlida moʻjazginaoʻz mamlakatining ramzi bayrogʻi boʻladi. Toʻplanadigan paytda bayroq yuqori koʻtariladi. Ana shunga qarab bir-birini topib olishadi. U xalqni birlashtiruvchi kuchga ega goʻzal anʼanadir.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist