Davlatimiz rahbari marhum akademik Behzod Yoʻldoshev oilasiga hamdardlik bildirdi

0
53
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, fizika-matematika fanlari doktori, akademik, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Behzod Yoʻldoshev kecha, 28 avgust kuni vafot etgan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun taʼziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi.

Davlatimiz rahbari marhumning ezgu ishlarini, Vatanimizga xizmatlarini yodga oldi.

Behzod Yoʻldoshev 1945 yil 9 mayda Toshkent shahrida tugʻilgan. Mehnat faoliyatini 1968 yilda Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti stajyor-tadqiqotchisi sifatida boshlagan. Yuqori energiyalar fizikasi sohasida xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilgan olim Yadro fizikasi instituti direktori, Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimlarida oʻzining yuksak ilmiy va tashkilotchilik salohiyatini namoyon etgan. Yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy natijalarni iqtisodiyot tarmoqlarida qoʻllash ishlariga munosib hissa qoʻshgan. U Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikda va universitetlarda ishlagan, koʻplab  yirik loyihalarga rahbarlik qilgan.

B.Yoʻldoshev Oliy Majlis deputati, keyingi vaqtda Oliy Majlis Senati aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib borib, qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda fidoyilik koʻrsatdi.

Akademik B.Yoʻldoshevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, Beruniy nomidagi davlat mukofoti, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi” unvoni bilan mukofotlangan edi.

Davlatimiz rahbari marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi. Ular tashrifi va dalda soʻzlari uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Gujum.uz tahririyati ham akademik B.Yoʻldoshevning yaqinlariga hamdardlik bildiradi, sabr-toqat tilaydi. Mamlakatimiz ilm-u fani taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan  olim Behzod Yoʻldoshevning oxirati obod boʻlsin, yotgan joyi nurga toʻlsin, deya ezgu tilaklar bildiradi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.