Davlatimiz rahbari Mirzo-Ulugʻbek tumanida IT-park qurilishi bilan tanishdi

0
118
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari mazkur zamonaviy majmua qurilishiga 2019 yil 20 noyabrda tamal toshi qoʻygan edi. Bu galgi tashrifda bunyodkorlik ishlarining borishi koʻzdan kechirildi.

Bugungi kunda 20-25 qavatli 6 ta ofis binosi qad koʻtargan. Konferensiya zali qurilishi yakuniy bosqichga kirgan.

Bu yerda jami 17 ta imorat barpo etiladi. Ular 9 balldan yuqori zilzilaga chidamli boʻladi.

Texnologik parkda IT-tashkilotlar, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi oʻzaro uzviy faoliyat olib boradi. Majmua hududida xizmat uylari, mehmonxona, kafe va restoranlar, doʻkonlar, sport maydoni, dam olish joylari ham boʻladi. Yer ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi.

Prezidentimizga ushbu obyektlarda boʻladigan sharoitlar, sohadagi natijalar haqida maʼlumot berildi.

Zamonaviy sharoitlar yaratilib, yetuk mutaxassislar tayyorlanayotgani samarasida soʻnggi besh yilda axborot texnologiyalari sohasida eksport hajmi 50 barobardan ziyod oʻsgani qayd etildi.

– Hozirgi zamonda xizmatlarning katta qismi axborot texnologiyalari orqali koʻrsatilayapti. Boshqa sohalarning ham samaradorligi shunga bogʻliq. Shuning uchun bu yerdagi sharoitlarni kengaytirib, zamonaviy IT-xabga aylantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda uning tizimidagi quyi tashkilotlarni shu yerga koʻchirib, bank va IT-kompaniyalarni jalb etib, texnoparkni yaxlit kompleks tarzida rivojlantirish, soha vakillari uchun qulay muhit yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda IT sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va tadbirkorlar bilan suhbatlashdi, shuningdek, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi mahallalar raislari hamda tuman hokimining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari bilan muloqot qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.