DAVLATIMIZ RAHBARINING TABRIGI BITIRUVCHILARIMIZGA YUKSAK ISHONCH BAXSH ETDI

0
231
marta koʻrilgan.

Kecha Prezidentimiz tomonidan maktab bitiruvchilariga yoʻllangan tabrikni barcha taʼlim sohasi xodimlari, maktab bitiruvchilari, qolaversa ota-onalar juda hayajon bilan qabul qildilar. Bunday mazmundagi tabrik Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba yoʻllanayotgani hech kimga sir emas. 

Qisqa muddatda taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. Haqiqatan ham, davlatimiz rahbari tomonidan “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior ostida ishlash, taʼlimga qaratilgan eʼtiborni kuchaytirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bugungi kunda mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azmu shijoatli yoshlarimizning oʻrni va taʼsiri tobora ortib borayotgani hammamizni quvontiradi.

Mazkur oʻquv yilida viloyatimizdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarini 25 170 nafar oʻquvchilar tugatayotgan boʻlsa, shundan 372 nafari oltin, 179 nafari esa kumush medal olishga erishdilar. Shuningdek, 291 nafar oʻquvchi muddatidan oldin talaba boʻlish baxtiga muyassar boʻldi.

 Viloyatda 2021 yilda Investitsiya dasturi doirasida 53 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Prezidentimizning tashrifidan keyin viloyatdagi umutaʼlim maktablarining qurilish taʼmirlash ishlariga 219 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishi davlatimiz tomonidan taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtiborning bir koʻrinishi deb hisoblayman. 

Bugungi kunda mamlakatimizda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan, ayniqsa, chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilayotgani barchamizni quvontiradi. Xususan, Shovot tumanidagi ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati negizida Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika-matematika maktab-internati tashkil etilishi Xorazm diyoridan yetishib chiqqan allomalar vorislarini tarbiyalashga zamin yaratadi.

 Xiva, Xonqa tumanlari va Urganch shahrida matematika, Urganch tumanida kimyo-biologiya fanlarini chuqur oʻqitishga ixtisoslashgan maktab, Urganch tumani va Urganch shahridagi 3 ta maktabda koreys, yapon va nemis tillariga moʻljallangan ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.

 Milliy reyting natijalariga koʻra Xorazm viloyati Respublikada 2-oʻrinni egallab, oliy toifali pedagoglar ulushi boʻyicha hududlar orasida birinchi oʻringa chiqdi. Bu esa respublikaning oʻrtacha koʻrsatkichidan deyarli ikki barobar koʻp!

Transchegaraviy mintaqalararo Xalqaro baholash tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra Xorazm viloyati taʼlim sifati va taʼlim sharoitlari boʻyicha hamda oliy va birinchi toifali pedogoglar salmogʻiga koʻra Respublikada birinchi oʻrinni egalladi.

Oʻtgan oʻquv yilida umumtaʼlim maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish boʻyicha Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tahlil natijalariga koʻra respublikada 7-oʻrindan 5-oʻringa koʻtarildi. Oʻtgan oʻquv yilida umuman bitiruvchisi oliy taʼlim muassasalariga kira olmagan maktablar soni 4 barobar kamaydi.

 Shuningdek, viloyatdagi 547 ta maktabning barchasi yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmogʻiga ulanib, internet tezligi 100 barobarga oshirildi. Viloyatdagi 484 ta maktablar kundalik.com platformasiga oʻtkazildi.

Viloyatdagi 144 ta umumtaʼlim maktablari Koreya Respublikasining “Eksimbank” mablagʻlari hisobidan zamonaviy kompyuterlar bilan taʼminlandi. “Bir million dasturchilar” loyihasi doirasida 22 000 nafardan ortiq oʻquvchilarimiz uzbekcoders.uz portali orqali roʻyxatdan oʻtdilar va 12 000 dan ortiq sertifikatlarni qoʻlga kiritdilar. 

 “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan eʼlon qilingan stipendiya tanlovida viloyatimizdan 8 nafar oʻqituvchilarimiz xorijiy oliy taʼlim muassasalarida tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Shuningdek, bugungi kunda davlatimiz tomonidan oʻqituvchilar, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnatini munosib ragʻbatlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini oshirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Prezidentimizning maktab bitiruvchilariga yoʻllagan tabrigi yoshlarimizni ruhlantirib, ularning bilim olishlariga boʻlgan ishtiyoqini kuchaytirsa, soha xodimlarini mana shunday yutuqlarning bardavom boʻlishiga, vatan taraqqiyoti uchun bor kuch va salohiyati bilan mehnat qilishga undaydi.

Aziz bitiruvchilar! Sizni oldinda katta sinovlar kutib turibdi. Men shu fursatdan foydalanib, sizning barchangizni oliy oʻquv yurtlariga kirishlaringizga tilakdoshman. Shu bilan birga Sizning sinfdosh, tengdoshlaringiz orasidan ham bu yilgi berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, oliy maʼlumot olish baxtiga muyassar boʻladiganlarning soni oshishiga ishonch bildiraman.

Vatanimiz, el-yurtimiz sizlar kabi fidoyi va jasur farzandlari bilan hamisha faxrlanadi!

 Sizlarni bugungi bayramingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad tilayman.

Xamro Bektemirov, Xorazm viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.