Davlatlararo muloqotni mustahkamlash, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish – bosh vazifa

0
130
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Muzokaralarda tarixiy ildizlarimiz va dinimiz birligi, tillarimiz, madaniyat va anʼanalarimiz mushtarakligi Oʻzbekiston-Turkmaniston hamkorligining mustahkam asosi boʻlib xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

– Turkmaniston Prezidentining davlat tashrifini xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari buzilmas, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash intilish bardavom ekanligining yorqin tasdigʻi sifatida qabul qilamiz, — dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Turkmaniston bilan hamkorlikni mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining shubhasiz ustuvor yoʻnalishi ekani qayd etildi.

– Ishonchim komil, bugungi muzokaralar keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi, birodar mamlakatlarimizning strategik sherikligini yanada mustahkamlaydi va sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Mamlakatlarimiz savdodagi ijobiy surʼatni saqlab qolish va uning hajmini yaqin yillarda ikki barobar oshirish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bunga Oʻzbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo hududi va poytaxtlarimizda savdo uylarini ochish boʻyicha qabul qilingan qarorlar xizmat qiladi.

Tomonlar kimyo tarmogʻidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini yuksak baholadilar. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachik va farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va qishloq xoʻjaligida kooperatsiyani kengaytirish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda oʻrta mudddatli Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi. Bundan tashqari, eng istiqbolli loyihalarni ilgari surish uchun qoʻshma loyiha ofisi tashkil etiladi.

Transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yilda yuk tashishlar hajmi 17 foizga ortib, bu tendensiya joriy yilda ham saqlanib qolmoqda. Tomonlar mintaqa mamlakatlarining noyob tranzit salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, shu jumladan yuklarni tashish uchun oʻzaro imtiyoz va chegirmalar berishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Davlat rahbarlari suv-energetika sohasidagi hamkorlikka toʻxtalar ekanlar, Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha hukumatlararo komissiya muvaffaqiyatli ishlayotganini taʼkidladilar. Prezidentimiz bugun mintaqa suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladigan tarixiy ahamiyatga ega Amudaryo boʻyicha bitim imzolanishini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shuningdek, Oʻzbekistan energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan Turkmanistondan elektr energiyasi, gaz va neft mahsulotlarini xarid qilishdan manfaatdor.

Turkmaniston tomoni tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish va oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.

— Mamlakatlarimiz ulkan salohiyatga ega muayyan tarmoqlar orasida biz agrosanoat majmui, energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, toʻqimachilik va farmatsevtikani qayd etmoqchimiz. Biznes dioralari oʻrtasidagi sheriklikni kengaytirish uchun jiddiy imkoniyatlar bor. Keyingi yillarda chegaradosh hududlar oʻrtasidagi aloqalar faollashdi. Oʻzbekiston bilan hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish niyatidamiz, — dedi Turkmaniston Prezidenti.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat hukumatlariga erishilgan kelishuvlarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash va ularning amalga oshirilishi yuzasidan har oy axborot berib borishni topshirdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.