Dehqon bu – hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchi

0
133
marta koʻrilgan.

9 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida. 

Davlatimiz rahbari dastlab barcha yigʻilganlarni yurtimizda birinchi marotaba nishonlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bayrami bilan muborakbod etdi.

Mirishkor dehqon va fermerlar, suvchi va irrigatorlar, mexanizator va agronomlar, agrar tarmoq olimlari dunyodagi eng sharafli kasb egalaridir. Bu sohaning mehnati qanchalik sharafli, noni esa, qanchilik totli va shirinligini hamma yaxshi biladi. Dehqon deganda, bepoyon dalalar, bogʻlar, dasturxondagi turli noz-neʼmatlar, toʻyu-tomosha, xursandlik kunlarimiz, butun hayotimiz koʻz oldimizda namoyon boʻladi.

Prezidentimiz aytganlaridek, dehqon bu – hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchidir. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz “olam ahlining toʻqligi, quvonchi, avvalo, yerga urugʻ sochib, bebaho noz-neʼmat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir” deb, mirishkor dehqonlar xizmatiga juda katta baho berganlar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yil yakuniga yetayotgan hozirgi pallada agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini tahlil qilish va kelasi yil uchun eng muhim chora-tadbirlarni belgilab olish dolzarb vazifa ekanini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, fermerlik harakatini rivojlantirish natijasida, mamlakatimizda keyingi yillarda 160 mingdan ortiq fermer xoʻjaligi shakllanib, ular bugungi kunda 10 dan ortiq yoʻnalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda. Keyingi ikki yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari 45 foizga koʻpayib, ularning soni 75 mingtaga yetdi. Faqat shuning hisobidan joylarda, uzoq-uzoq qishloqlarda yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Joriy yil mamlakatimizda 8 million 377 ming tonna gʻalla, 2 million 930 tonnadan ziyod paxta, 12 ming 450 tonna pilla, 318 ming tonna sholi, 23 million tonna meva-sabzavot, 13 million tonna goʻsht va sut mahsulotlari yetishtirildi.

Mamlakatimizda birinchi marta shafran ekish yoʻlga qoʻyildi, soya ekish kengaydi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilindi. 856 million dollarlik 724 ming tonna hoʻl meva chetga sotildi.

Chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish dasturlari doirasida baliq, asal yetishtiriladigan, parranda, echki, qoramol boqiladigan koʻplab xoʻjaliklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Zotdor qorabayir otlarini koʻpaytirish va ot sportini rivojlantirish maqsadida Qashqadaryoda yangi yilqichilik kompleksi tashkil etildi. Toshkent viloyatida va yurtimizning boshqa hududlarida ham bunday majmualar barpo etilmoqda.

Baliqchilik sohasini tiklash uchun “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Uning tizimiga 3 ming 600 ta baliqchilik xoʻjaligi kiritildi. Joriy yilda 580 ming gektar tabiiy va 28 ming gektar sunʼiy koʻllarda 100 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirildi.

Yana bir muhim yoʻnalish – asalarichilik sohasini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston asalarichilar uyushmasi tashkil etilib, unga asal yetishtiradigan 14 mingdan ortiq tadbirkor aʼzo boʻldi.

Suv resurslari cheklangan mintaqamizda dehqonchilik qilishancha ogʻir va mashaqqatli. Shu bois suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tadbirlarni qoʻllab-quvvatlab, ularning tashabbuskori boʻlgan xoʻjalik va tashkilotlarga qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar yaratib berilmoqda. Natijada, bugungi kunda qariyb 240 ming gektar maydonda ana shunday texnologiyalar, jumladan, 28 ming gektar yerda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilindi.

Prezidentimiz, sohada erishilgan natijalar bilan birga ishga solinmagan imkoniyatlar, oʻz yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklarga ham eʼtibor qaratdi. 

Avvalo, yerdan unumli foydalanish va uni talon-taroj qilishning oldini olish – eng muhim vazifalardan biridir, dedi davlatimiz rahbari. Mamlakatimizda sugʻoriladigan yerlar atigi 3 million 300 ming gektar boʻlib, uni koʻpaytirishning hech iloji yoʻq. Chunki Oʻzbekistonda suv resurslari cheklangan.

Yana bir muammo – sugʻorish inshootlari eskirib, tarmoqlar yaroqsiz holga kelib qolmoqda. Oqibatda 830 ming gektar yerni sugʻorishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Aholini sifatli goʻsht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari bilan talab darajasida taʼminlash ham eng asosiy vazifalardan. Davlatimiz rahbari aytganidek, bunga erishish uchun qoʻshimcha zotdor qoramol boqishni yoʻlga qoʻyish, parranda boqishga moʻljallangan xoʻjaliklarni koʻpaytirish kerak.

Shuningdek, meva-sabzavot yetishtirishni koʻpaytirish, sifatli tarzda aholiga yetkazish, imkon qadar koʻproq qayta ishlash va eksport qilish ishlarini yanada faollashtirish maqsadga muvofiqdir. Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning atigi 15 foizi qayta ishlanadi, 8 foizi eksport qilinadi, xolos. Bu raqamlar Oʻzbekistonning salohiyati mos emas.

Mamlakat boʻylab 445 ming gektar eng unumdor yer aholiga tomorqa sifatida berilgan. Lekin undan foydalanish talab darajasida emas. Tomorqada sitrus mevalar yetishtirishga moʻljallangan ixcham issiqxonalar barpo qilish, yongʻoq, unabi va boshqa koʻchatlar yetishtirishni tashkil etish yaxshi foyda keltiradi.

Qishloq xoʻjaligi texnikasining holati yaxshilash ham dolzarb masala boʻlib turibdi. Mamlakatimizdagi 146 ming 295 ta qishloq xoʻjaligi texnikasining 38 foizi butunlay eskirgan. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlar bogʻ va tokzorlarga ishlov berish, sabzavot ekish, parvarishlash va yigʻib olishga moʻljallangan texnika bilan 34 foizgina taʼminlangan, xolos. Bu esa mehnat unumdorligi va hosildorlikning pasayib ketishiga sabab boʻlmoqda.

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda ilm-fan hayot talablaridan orqada qolayotgani jiddiy muammolardan biridir. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga qarashli ilmiy-tadqiqot institutlarining agrar fan va seleksiyani rivojlantirish, ilgʻor agrotexnologiyalarni ishlab chiqarish va amaliyotga joriy etish, har bir hududda tuproq va iqlim sharoitiga mos ekin navlarini yaratish va joylashtirish borasidagi oʻrni va rolini keskin oshirish lozimligini qayd etdi.

Bu ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi zamonaviy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini bermaydi. Zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan kadrlar yetishmaydi. Ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta.

Davlatimiz rahbari bu holatlarning barchasini hisobga olib, sohaga ilmiy yondashuv tashkil etish hamda malakali kadrlar tayyorlash uchun Veterinariya instituti tashkil etishni tashabbusini ilgari surdi.

Terini qayta ishlash sohasi ham jiddiy eʼtibor talab qiladi. Mamlakatimizda 12 million donadan ziyod terini yigʻish, chuqur qayta ishlash, yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulot tayyorlash boʻyicha ishlarni faollashtirish maqsadga muvofiqdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirishni ilmiy asosda yoʻlga qoʻyish maqsadida Parrandachilik ilmiy markazini tashkil etishni taklif qildi.

Maʼlumotlarga koʻra, odamlarni xalqimiz eng koʻp isteʼmol qilinadigan mahsulotlardan biri boʻlgan kartoshka bilan toʻla taʼminlash uchun yiliga oʻrtacha 50 ming tonna sifatli kartoshka urugʻini yetishtirish talab etiladi. Davlatimiz rahbari buning uchun Gollandiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya uskunalariga ega boʻlgan mahalliy urugʻchilik markazi va maxsus korxonalar tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Fermer xoʻjaliklarida yerdan unumli foydalanish, daromad hajmini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor berish zarur. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, 2 million 626 ming gektar maydonning umumiy uzunligi 385 ming kilometr boʻlgan chekka qismlarida sabzavot va poliz ekinlari ekishni yoʻlga qoʻyish orqali 415 ming tonna qoʻshimcha mahsulot yetishtirishga erishish mumkin ekan. Har bir fermer xoʻjaligi dalasida bir boshdan, jami 14 ming sogʻin sigir, 21 ming 125 fermer xoʻjaligining har birida 50 boshdan jami 1 million 57 ming parranda, 66 ming fermer xoʻjaligining dala chetlarida 329 ming quti asalari boqish hisobidan 7 ming 200 tonna asal yetishtirish imkoniyati mavjud.

Jiddiy yondashuvni talab etadigan yana bir masala – yengil sanoat korxonalarini sifatli tola bilan taʼminlash. Maʼlumotlarga koʻra, shu munosabat bilan 2018 yilda 1 million 200 ming tonna paxta tolasini yurtimizda toʻliq qayta ishlab, xorijga faqat tayyor mahsulot eksport qilishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, qishloq xoʻjaligining yuqori samaradorligini taʼminlash uchun barcha darajadagi rahbarlar, ayniqsa, tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari masʼuliyatini oshirish talab etiladi. Barcha rahbarlar qishloq xoʻjaligi masalalari, yaʼni, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tashabbus koʻrsatib ishlashi, eng muhimi, natijadorlikka erishmogʻi shart.

Anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu qutlugʻ bayram arafasida agrar sohada ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan, yurtimiz qishloq xoʻjaligining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan, bu borada oʻziga xos maktab yaratgan fidoyi yurtdoshlarimizdan bir guruhini Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganini eʼlon qilib, ularni tantanali ravishda egalariga topshirdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan reja va dasturlarni amalga oshirish uchun oʻzlarida kuch va imkoniyatlar, bilim va tajriba yetarli ekanini, yurt ravnaqi yoʻlida gʻayrat bilan mehnat qilishini taʼkidladilar.

Anjuman yakunida Oʻzbekiston sanʼat ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.