DEPUTAT Abdurashid ABDUQODIROV FIKRI: Palma yogʻi importi nega oshmoqda? U foydalimi?! Ushbu masalaga tegishli mutasaddi tashkilotlar qanday qaraydi?

0
342
marta koʻrilgan.

Aholi salomatligini saqlashda oziq-ovqat mahsulotlarining xavsizligi masalalari eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari sogʻlom avlodni shakllantirish, aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash hamda sogʻlom ovqatlanishni yoʻlga qoʻyish borasida tizimli islohotlarning tashabbuskori boʻlmoqda. Haqiqatan ham, aholi tomonidan isteʼmol qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining keyinchalik inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi masalalari ilmiy tadqiqot ishlarining mavzusiga aylanayotganligi bilan birga bu sohadagi qonunchilikni ham takomillashtib borish zarurligini koʻrsatmoqda.

Fuqarolarimiz tomonidan mamlakatimizga olib kirilayotgan palma yogʻi va uning asosida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining inson salomatligiga taʼsiri toʻgʻrisida oʻrganishlar oʻtkazish, oziq-ovqat sanoatidagi mavjud standarlar talablariga rioya qilinishi masalalarini Parlament nazoratiga olish boʻyicha murojaatlar boʻlmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining bir guruh deputatlari tomonidan dahldor davlat organlariga maʼlumotlar soʻrab soʻrovlar yuborilgan va oʻrganishlar olib borilmoqda. Tahlillardan shuni koʻrish mumkinki, oxirgi uch yilda mamlakatimizga oʻrtacha 50 ming tonnadan palma yogʻi olib kirilgan boʻlsa, joriy yilning yanvar-may oylari davomida 31 ming tonnadan ortiq palma yogʻi import qilingan. Bu esa joriy yilning oʻtgan davri davomida palma yogʻi importi oʻtgan yillarga nisbatan keskin oʻsayotganligini koʻrsatmoqda.

Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: Xoʻsh, palma yogʻining import xajmi nega oshib bormoqda? U qanday maqsadlarda ishlatilmoqda? Oziq-ovaqt mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun ishlatilayotgan palma yogʻi inson salomatligi uchun qanchalik xavfli? Ushbu masalalarni kim nazoratga oladi?

Bu kabi savollarga toʻgʻri javob topish va tegishli xulosalar qilish oʻta muhim masalalardan biridir. Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlumotiga asosan palma yogʻi inson salomatligi uchun xavfliligi tibbiyotda aniqlangan boʻlib, hatto, erkaklarning bepushtligini ham keltirib chiqarishi mumkin ekan.

Bugungi kunda, palma yogʻini isteʼmoli ruxsat etilgan koʻplab davlatlar bilan bir qatorda, uning isteʼmolini taqiqlagan bir qator davlatlar ham mavjud. Haqiqatan ham, ajratib olinishiga qarab ikki turga ajratiladigan palma yogʻining texnik palma yogʻidan asosan nooziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qoʻshiladi va undan oziq-ovqat mahsulotlari uchun ishlatish mumkin emas. Oʻzbekistonda ham, amaldagi sanitariya qoidalari va meʼyorlariga asosan bolalar oziq-ovqati mahsulotlari ishlab chiqarilishida palma yogʻidan foydalanish taqiqlangan.

Umuman palma yogʻining ishlatilishi boʻyicha, palma yogʻining inson organizmiga taʼsiri, uning ijobiy yoki salbiy xususiyatlari, tarkibida palma yogʻi boʻlgan mahsulotlarning turlari, ularning ishlatilishini tartibga solishning standartlarini takomillashtirish, bu borada amaliyotda uchrayotgan tizimli muammolar va sohada olib borilayotgan ishlarning holati yuzasidan mutasaddi idoralar oʻz eʼtiborlarini kuchaytirishlari maqsadga muvofiq boʻlar edi. Shu bilan birga, oʻylaymanki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan olib borilayotgan oʻrganishlar natijalari asosida ushbu masalaga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Abdurashid ABDUQODIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Manbaa: parliament. gov. uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.