Deputat: Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida turli sohalarga oid 47 hujjat amal qilmoqda

0
64
marta koʻrilgan.

 25 mart kuni Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasi matbuot markazida tashkil etilgan anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmaljon Umirzoqov Oʻzbekiston – Afgʻoniston munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asoslari haqida toʻxtalib oʻtdi. 

– Mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan 1992 yildan buyon turli sohalarga oid 47 hujjat imzolangan. Shundan 3 tasi davlatlararo, 14 tasi hukumatlararo hujjatdir. Muntazam tashkil etib kelinayotgan turli darajadagi uchrashuvlar chogʻida 20 ga yaqin shartnoma va boshqa hujjatlar qabul qilingan. 

Oʻzbekiston har doim qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish tarafdori boʻlib kelgan. Imzolangan hujjatlardan 17 tasi siyosiy va xavfsizlik masalalariga taalluqli ekani ham buni tasdiqlaydi. 15 hujjat transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, 12 shartnoma savdo-iqtisodiy hamkorlikni ragʻbatlantirish maqsadlarini koʻzda tutadi. Bundan tashqari, idoralararo tusdagi 8 hujjat amal qilib kelmoqda. Ular mamlakatlarimizning faol aloqalarini taʼminlashga qaratilgan. 

Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlarda ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Oʻtgan yili Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va Afgʻonistonning Jamoat sogʻligʻini saqlash vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangani, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Afgʻoniston Oliy taʼlim vazirligi oʻrtasida tuzilgan kelishuvlar taʼlim, madaniy-gumanitar hamkorlikning huquqiy asosini tashkil qilmoqda. 

Mamlakatlarimiz oʻzaro munosabatlarini har tomonlama taraqqiy ettirishda va erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida, izchil amalga oshirishda 2017 yil boshida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha tuzilgan «Yoʻl xaritasi» muhim oʻrin tutmoqda, deb taʼkidladi u. 

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.