DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa) – Katta arava (davomi)

0
37
marta koʻrilgan.

«Katta arava qayerdan yursa, kichik arava ham shu yerdan yuradi» , – degan aqidaga amal qilib ish tutgan Jamila toʻngʻich oʻgʻli Erkinboyning bolaligidan zehnli, donoligidan hamisha quvonardi. U ota kasbini egallash uchun institutga hujjat topshirib, birinchilardan boʻlib oʻqishga kirdi. Oʻqishi davomida bilimi, tirishqoqligi hamda odob-axloqi tufayli  hatto institutdagi oʻqituvchilarning, tengdosh talabalarning ham hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻldi. Uning xushmuomalaligi, kirishimliligi, kamtarinligi, olijanobligi va alohida iqtidori jamoadoshlari orasida doim eʼtirof etilardi. 

Otasining bevaqt oʻlimidan soʻng Erkinboy onasiga qanot boʻldi. Ukalarining bilim olishlari, taʼlim-tarbiyali boʻlishlari, hayotda oʻz oʻrinlarini topishlari uchun ota oʻrnida otalik qildi. Akadan koʻp va xoʻp oʻrgangan, aytganidan chiqmagan ukalar, singillar ham hayotda sira kam boʻlishmadi. «Kattaga – hurmat, kichikka – izzat»  tamoyili asosida   tarbiya olgan bolalarga hammaning havasi kelardi. Jamila farzandlarini oʻzidan katta aka-opalarini hurmat qilishga oʻrgatdi. Yaxshi tarbiya olgan bolalar oʻqishga, hunar oʻrganishga chanqoq boʻlib voyaga yetdilar. Oliy maʼlumotli boʻlgan farzandlar el-yurtning koriga yaraydigan, Vataniga sadoqatli, hurmatli va qadrli, eʼtiborli insonlar boʻlishdi.

Jamila farzandlari qurshovida, ularning baxti-taxtiga quvonib, uzoq yashadi. 93 yoshga kirib, umri poyoniga yetganida esa yoshlik damlarini eslab: «Bugun mening davrim keldi, Allohga shukur, erim, farzandlarim orqali baxtli, fayzli-halovatli  kunlarni ham boshdan kechirdim. Koʻnglimdagi barcha niyatlarim amalga oshdi. Oʻtgan umrimdan nolimayman. Eng muhimi, oʻgʻil-qizlarim munosib insonlar boʻlib voyaga yetdilar», deya faxru iftixorga toʻldi.

Garchi Jamila, oʻz hayoti davomida ne bir mashaqqat, iztirobu, alamlar girdobiga tushgan boʻlsa-da, barchasidan yorugʻ yuz, pok iymon bilan chiqib, oʻz hayotini mehru oqibat, elsevarlik, insonparvarlik mehrobiga aylantira oldi. Bora-bora oʻzi ham kishilarning qalbida «Mehr-oqibat timsoli» ga aylandi. Qalbi quyosh, mehri ummon bu ayol yoshini yashab, oshini oshab, bu dunyoga xayr-xush aytgan boʻlsa-da,  oʻzining hayot tarzi, qilgan ezguliklari bilan farzandlari, yurtdoshlari qalbida abadiy barhayotligicha qoldi.

Hayot davom etaveradi. Poshshajon, Bikajon, Bibijon va Jamilaga oʻxshagan yuzlab ayollardan, mard va iymoni oʻtkir, labzi halol otalardan  ulgu va oʻrnak olib voyaga yetgan oʻgʻil-qizlar, nevaralar, chevaralar timsolida ular mangu yashaydilar, yashayveradilar…

Tamom.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.