Dilbar Bekchanova: Partiyamiz maqsadi – Parlamentni xalq uyiga aylantirish

0
313
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda 22 dekabr kuni oʻtkaziladigan saylovlar oldidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar oʻz saylovoldi tashviqotini amalga oshirmoqda.

117- Urganch saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodi qoʻyilgan besh nafar partiya vakillari gohida xalq huzuriga  reja asosida beshalasi birga chiqib kelyapti, gohida esa alohida-alohida uchrashuvlar uyushtirishayapti.  Urganch shahridagi “Olma bogʻ”, “Gulshan”, “Gulchilar” va “Gulzor” mahallalarida yashovchi saylovchilar bilan 15-son umumtaʼlim maktabida boʻlgan uchrashuvda 200ga yaqin aholi qatnashdi.

Tadbirda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Dilbar Bekchanova va Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan nomzod qatnashdi. Qolgan uch partiyadan ishonchli vakillar ishtirok etdi. Qonunlarda nomzodning oʻrniga gohida ishonchli vakillari ham ishtiroki belgilangan boʻlsada aholi oʻz naroziligini bildirdi. Uzrli sabablarni qabul qilishni xohlamadi. Hozirdan xalq huzuriga kelmasa kelajakda aholi bilan ishlashi qanday boʻladi degan savollarga javob istashdi. D. Bekchanova saylovchilarning barcha savollariga javob berdi. Shundan keyin  yigʻilish risoladagidek oʻtdi.

Tadbirda nomzodlarning tarjimai holi va mehnat faoliyati, saylovoldi dasturi haqida maʼlumotlar  berildi.

D. Bekchanova Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va nomzodning dasturida barcha sohalarda milliy manfaatlarni himoyalash, barqaror milliy iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish, soliq amnitsiyasi eʼlon qilinishini qoʻllab-quvvatlash, Oila-maktabgacha taʼlim-maktab” shiori bilan uzluksiz tarbiya tizimini yaratish va yuksak maʼnaviyatli, vatanparvar avlodni kamolga yetkazish, maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, ilm-fan, taʼlim va mahalla tizimini tubdan isloh qilish, mahalla, oʻqituvchi va tibbiyot xodimlari maqomini oshirish, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish kabi ustuvor maqsadlar belgilanganini qayd etdi.

Saylovchilar D. Bekchanovani savollarga koʻmib tashlashdi.
Aholining eng birinchi savoli deputat boʻlib saylanadigan boʻlsa, saylovchilar bilan muntazam bogʻlanishning iloji boʻladimi? Nomzod bu savolga partiyaning “Parlamentni xalq uyiga aylantirish” dasturi borligi va u orqali elektron parlament nazoratini joriy etish, davlat tashkilotlari va xizmatchilari faoliyatini baholash tizimini rivojlantirish  masalalari amalga oshirilishi belgilanganligini gapirib berdi.

Soʻngra kommunal xizmat, elektr energiya, maktabgacha taʼlim, maktab muammolariga doir savollarga partiya va oʻzining dasturidan kelib chiqib javob berdi.

– Mamlakatimizda ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya mezonlariga javob beradigan demokratik davlat qurish beshta partiyaning ham  asosiy maqsadlaridan biridir. Buning uchun avvalo, qonunchilikni mustahkamlashimiz kerak. Shu maqsadda partiyamiz “Tarbiya asoslari toʻgʻrisida”, “Xalq tabobati toʻgʻrisida”,  “Kommunal xizmatlar va tariflarni tartibga solish asoslari toʻgʻrisida” gi qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishni rejalashtirgan. Shu orqali kommunal xizmatlar, uy-joy fondidan foydalanish uchun narx-navo taʼriflarini shakllantirish meʼyorlarini, kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar rentabelligining chegaralangan darajasini qonunchilikda mustahkamlash, narx-navo va taʼriflar oshirilish holatiga yoʻl qoʻymaslik uchun maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash hamda kommunal xizmatlarga oʻrnatilgan tariflar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi takliflarimiz bor, – deya taʼkidladi deputatlikka nomzod D Bekchanova.

Ushbu tadbirdan men ham saboq oldim. Aholining savollariga ustozning javoblarini kuzatib, xalq bilan muomala qilish madaniyatini oʻrgandim. Eng quvonarlisi shuki, aholi D. Bekchanovaning munosib javoblaridan keyin tinchlandi. Beixtiyor xayolimga Abdulla Avloniyning xalq toʻlqindir, xalq kuchdir degan soʻzlari keldi. “Xalq soʻzi– haq soʻzi” degan matal bejiz emasligiga yana bir karra guvoh boʻldim.

Uchrashuv oxirida  aholi orasidan saylovchilar chiqib, D. Bekchanovaga  biz sizga ovoz beramiz deganida, partiyamiz munosib nomzodni koʻrsata olganidan xursand boʻldim.

Asqar SULTONOV,  OʻzMTDP Xorazm viloyat Kengashi bosh mutaxassisi

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.