Diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi masalalar koʻrib chiqildi

0
55
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Barcha fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilish koʻp millatli Oʻzbekistondagi yangilanishlarning asosiy ustuvor yoʻnalishidir. Shunday ajralmas huquqlardan biri – din erkinligidir. Mamlakatimizda eʼtiqod qiluvchilar ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Taʼkidlash joizki, Yangi Oʻzbekiston siyosati nafaqat xalqimiz orasida, balki xalqaro jamoatchilikda ham munosib eʼtirofga sazovor boʻlmoqda.

Mustaqillikning dastlabki yillarida Makkayu Madinada muqaddas Haj amalini ado etishga muyassar boʻlgan vatandoshlarimiz soni barmoq bilan sanoqli boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 15 mingdan ziyod oʻzbekistonlik muqaddas ziyoratga bordi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga Qurbon hayiti tabrigi, Musulmonlar idorasi raisi muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali suhbat qilib, hojilar holidan xabar olgani bu yilgi Haj mavsumining yorqin voqealaridan boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Qisqa muddat ichida Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha kompleks tizim yaratildi. Olimlarimizning boy merosini oʻrganish va ommalashtirish maqsadida ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat boshladi. Bunga misol sifatida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlarini keltirish mumkin. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida keng koʻlamli yangilash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi yigʻilishda buyuk mutafakkirlarning asarlarini aholi, ayniqsa yoshlarimiz orasida keng oʻrganish va targʻib qilish zarurligi alohida taʼkidlandi. Zero, bu asarlarda islomning asl mohiyati, muqaddas dinimizning insonparvar gʻoyalari mujassam. Bu, ayniqsa, hozirgi tahlikali davrda, dunyoda turli kuchlar din mohiyatini buzishga va yoshlarni haqiqiy yoʻldan adashtirishga urinayotgan bir paytda juda dolzarb.

Bu jarayonda ayni kunlarda muqaddas Makkada Haj ibodatini ado etayotgan yurtdoshlarimizning ham katta oʻrni borligi taʼkidlandi. Yaqinda hojilar oʻz mahallalarida yosh avlod tarbiyasi va maʼnaviy kamolotiga munosib hissa qoʻshishga tayyor ekanliklarini bildirib murojaat qabul qildilar.

Shuningdek, davlatimiz rahbari bu ishlarda xalqimiz va chet ellik mehmonlarni ajdodlarimizning bebaho merosi bilan keng tanishtirishga, maʼrifatli islom gʻoyalarini ilgari surishga xizmat qiladigan Islom sivilizatsiyasi markazi faol ishtirok etishi muhimligini taʼkidladi. Bugungi kunda tarixchi olim va ulamolar bilan birgalikda markaz faoliyatini yangi mazmun bilan boyitish ishlari olib borilmoqda.

Markazning kelgusidagi rejalari toʻgʻrisida axborot berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.