Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident.uz saytida.
Har bir yoshning jamiyatda munosib oʻrnini topishi uchun ularni qoʻllab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratishni islohotlarimizning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab, keng koʻlamli amaliy ishlar olib bormoqdamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. Jumladan, “Kamolot” yoshlar harakati negizida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqini tuzdik, yoshlar bilan ishlashda yangi tizim va yondashuvlarni joriy etyapmiz. 30 iyunda mamlakatimizda birinchi marta “Yoshlar kuni”ni keng nishonlab, yangi ijobiy anʼanani yoʻlga qoʻydik.
Yigʻilishda shuningdek, yoshlar bilan ishlashda hali kamchiliklar koʻpligi ham qayd etildi. Jumladan, Yoshlar ittifoqi tadbirlarida dabdababozlik, yuzakilik koʻzga tashlanayotgani, yoshlar bilan manzilli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarli eʼtibor berilmayotgani tanqid qilindi.
Joylardagi 4 ta sektor rahbarlarining koʻpchiligi hali yoshlar masalasi bilan toʻla shugʻullanmayapti. Ichki ishlar idoralari, mahalla qoʻmitalari, boshqa jamoatchilik tashkilotlari va taʼlim muassasalarining ham bu boradagi ishlari koʻngildagidek emas. Tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari ishini ham qoniqarli, deb boʻlmaydi. Baʼzi hollarda esa yoshlar boʻyicha masʼul lavozimlar vakant boʻlib qolmoqda.
Buning oqibatida yoshlarning ijtimoiy muhim masalalari eʼtiborsiz qolmoqda. Qarovsiz va nazoratsiz qoligan yoshlar tomonidan turli jinoyatlar sodir etilmoqda.
Shu bois Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirlik va idoralarga yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish, ularning qarovsiz va nazoratsiz qolishining oldini olish, ular oʻrtasida jinoyatlarni keskin kamaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yoshlarning bandligini taʼminlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassislik va biznes koʻnikmalariga oʻqitish boʻyicha Toshkent viloyatining Quyichirchiq va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yangi tizim sinovdan oʻtkazilgani qayd etildi.
Unga koʻra, mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida aks ettirgan tuman pasporti ishlab chiqilgan. Mahallalarda “Yoshlar mehnat guzarlari” tashkil etish uchun bino va yer maydonlari ajratilib, tashabbuskor tadbirkorlar jalb qilingan. Tadbirkorlik, baliqchilik, bogʻdorchilik, savdo-sotiq qilish istagidagi yigit-qizlarga zarur mablagʻ va resurslar berilgan. Yoshlarni qiynab kelayotgan 1,5 mingdan ziyod muammolar aniqlanib, 1 mingdan ortigʻi joyida hal etilgan, qolgan 500 tasini ham hal etish choralari koʻrilgan.
Ushbu tajriba natijalaridan kelib chiqib, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilindi.
Bu dastur 1 iyuldan boshlab, barcha tuman va shaharlarda amalga oshirila boshlandi. Yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi va uning tuman (shahar) filiallari tashkil etildi. Jamgʻarmaga bu yil jami 770 milliard soʻm ajratiladi. Jamgʻarma mablagʻlaridan yoshlarning biznes loyihalari uchun yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kreditlar beriladi.
Dasturda har bir tumanda ajratiladigan kredit hajmi va uni oluvchilar soni, kredit beriladigan faoliyat yoʻnalishlari, buning natijasida yaratilishi zarur boʻlgan ish oʻrinlarining miqdori aniq belgilangan.
Shuningdek, Dasturga koʻra joylarda fermerlarga 1 nafardan band boʻlmagan yoshni biriktirib, unga bir gektar yer ajratish orqali ish bilan taʼminlash boʻyicha yangi mexanizm joriy etish koʻzda tutilgan.
Yigʻilishda shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish, Jamgʻarma mablagʻlaridan samarali foydalanishni doimiy nazorat qilib, yoshlarning biznes loyihalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni joyida hal qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Hokimlar va sektor rahbarlari uyushmagan, hech qayerda ishlamaydigan yoshlar bilan shaxsan uchrashib, xuddi oʻzining farzandi bilan gaplashganday muomala qilib, muammolarini oʻrganib, ularga yelkadosh boʻlishi va eng avvalo ish bilan taʼminlash choralarini koʻrishi lozim, dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda yoshlarni maʼnaviy barkamol etib tarbiyalash, ularni turli zararli oqimlar va yot gʻoyalar taʼsiridan asrash masalasiga ham eʼtibor qaratildi.
Farzandlarimiz tarbiyasi, yurish-turishidan har kuni ogoh boʻlmasak, ilmu-hunarga oʻrgatmasak, ularning qoʻli mehnatda qotmasa, munosib ish topib bermasak, yoshlarni zararli taʼsirlardan himoya qilish qiyin boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois yoshlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ishlarni yanada jonlantirib, ularda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, voyaga yetmagan qizlar oʻrtasida erta turmush va ajralishlarning oldini olish yuzasidan vazifalar qoʻyildi.
Videoselektorda mutasaddi va joylardagi rahbarlar jam boʻlgani bois ayni kunlardagi yana bir dolzarb masala – gʻoʻza parvarishi bilan bogʻliq chora-tadbirlarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Bu yil ob-havoning quruq va salqin kelishi sababli gʻoʻza rivoji 10-15 kunga, baʼzi joylarda 20-25 kunga kechikkani qayd etildi. Gʻoʻza parvarishidagi qoloqlikni bartaraf etish, kafolatlangan hosil yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bu yil davlat tomonidan oldingi yillarda boʻlmagan barcha sharoitlar yaratib berildi, endi fermerlar ham shunga yarasha javob qilishi kerak. Oldingidek rejaning ortidan quvib, daromadni oʻylamaydigan, hisob-kitobsiz ish qiladigan fermer bizga kerak emas. Paxta bizga rejani bajarish uchun emas, ish oʻrinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish, turmush darajasini yaxshilash uchun kerak, dedi Prezident.
Yigʻilishda 5 iyuldan 5 sentyabrga qadar “hosilga-hosil qoʻshish dolzarb ikki oyligi” eʼlon qilindi. Bu borada amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar belgilab olindi.