Dolzarb mavzu: Internet firibgarligidan ogoh boʻling!

0
288
marta koʻrilgan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish yoʻlida juda koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Kuchli iqtisodiy islohotlar davrida mamlakatda turli sohalarda ijobiy oʻzgarishlar yuz berishi bilan birga oʻzgalar mulkini  oʻzlashtirishga qaratilgan ayrim jinoyatlarning sodir etilishi davom etayotganligi barchada xavotir uygʻotishi hech birimizga sir emas.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasida har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqliligi, bankka qoʻyilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidaligini, mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkinligini, mulkdor mulkiga oʻz xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi. mulkdan foydalanish fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shartligi haqida qatʼiy taʼkidlab oʻtilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamla­katimiz tinchligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish borasidagi vazifalarga bagʻishlangan 2019 yilning 10 yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼkidlaganidek: – “Bugungi globallashuv davrida yangidan- yangi tahdid va xavf-xatarlar paydo boʻlmoqda, jinoyatlarni sodir etish usul va vositalari, maqsadlari oʻzgarib bormoqda. Shularni hisobga olgan holda, mamlakatimizda keyingi ikki yilda mazkur masalalar boʻyicha 100 dan ortiq hujjatlar qabul qilindi.

Koʻrilayotgan chora tadbirlarga qaramay mamlakatimizda kiberjinoyatchiliklar ayniqsa Internet firibgarliklari soni ortib ketmoqda.

Jinoyat qonuniga koʻra firibgarlik deganda, aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritish tushunilishi haqida rasmiy taʼrif koʻrsatib oʻtilgan. Ayni davrda insoniyat taraqqiyoti, texnika va texnologiyalar rivojlanishi natijasida barcha jinoyatlarning, jumladan firibgarlikning ham turli xildagi koʻrinishlari koʻpayib bormoqda. Bulardan eng xatarli va zamonaviy tahdid — Internet firibgarligidir. Internet firibgarligi deganda, internet jahon axborot tarmogʻi va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda aldash yoki ishonchni suisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritish tushuniladi. Quyida internet firibgarligining ayrim turlari va ulardan himoyalanish yoʻllari haqida tushintiramiz.

Kiberskvotting (ingilizcha sybersquatting) – bu pul topish usuli boʻlib, ayrim kompaniya va brendlarning yangi turdagi mahsulotlarini tahlil qilishga asoslangan. Kiberskvoter yangi turdagi bu kabi mahsulotlarni aniqlaganda uning domeniga oʻxshash domenni oʻz nomiga rasmiylashtirib, qayta sotish maqsadini koʻzlaydi. Misol uchun kiberskvotterlar tomonidan quyidagicha domenlar yaratilishi mumkin:

– Korzinka.uz-Korzinkaa.uz/Korzinka3.uz;

– dba.uz-dba rasmiy.uz/ dbauz.uz.

 Kiberskvotterning daromadlarini quyidagilar tashkil topadi:

– Brend egasining domen nomini sotish;

– Mahsulot egasining va brendning nomini va obroʻsini qadrsizlantirishga olib kelib, kompaniyaning soxta veb-saytini yaratishga olib keladigan maʼlumotlar tarqatish. Shu sababli Kiberskvotting noqonuniy hisoblanadi.  

Kiberskvottingdan himoyalanish uchun kompaniya va brendlarning barcha domen nomini rasmiylashtirib roʻyxatdan oʻtkazib qoʻyish zarur.

Taypskvotting kibberskvottingning bir turi boʻlib, klassik kiberskvotting kabi domenlarni qalbakilashtirish bilan emas, balki oʻxshash domen yaratish orqali faoliyat olib boradi. Bunda, domen nomlari birgina harfni tushirib qoldirish orqali shakllantiriladi. Taypskvotting domenlariga misol qilib quyidagilarni keltirishimiz mumkin:

https://yandex.uz/https://andex.uz/

https://nbu.uz/uz/https://nb.uz/uz/

Taypskvottingdan himoyalanish uchun tegishli domenlarni bir necha xil variantlarda rasmiylashtirish natijasida taypskvotterlar hujumini oldini olish mumkin.

Fishing (inglizcha-baliq ovlash) – internet firibgarligining eng koʻp tarqalgan turlaridan biri boʻlib, bunda fisherlar jabrlanuvchi shaxslarning bank hisobraqamlari va ularga tegishli identifikatsiya raqamlari hamda kodlarini qoʻlga kiritish uchun ularni turli yoʻllar bilan ishontirishga harakat qiladilar. Bunday jinoiy faoliyatni amalga oshirishda ular internet, xususan, “Instagram”, “Tik tok” kabi ijtimoiy tarmoqlar,  “Telegram” va “Watsapp” kabi messenjerlardan foydalanadilar. Oʻzlarining qabih niyatlarini amalga oshirish uchun fisherlar quyidagi usullarni qoʻllaydilar:

Spam – bu usulda jinoyatchilar jabrlanuvchini turli usullar bilan qoʻrqitgani holda, jabrlanuvchining hisob raqamiga, plastik kartalariga ulanib olishni nazarda tutadilar. Bunday tarzdagi qoʻrqitishlarga kartangizga turli xildagi abonent toʻlovlari ulanib qoʻyilganligi hamda kunlik abonent toʻlovi yechilishini aytib, uni oʻchirib berish maqsadida parollarni va shaxsiy plastik karta maʼlumotlarini soʻrash kiradi.

 Tovar va xizmatlar reklamasi — tomonidan turli xildagi internet doʻkonlarning qalbaki veb-saytlari yaratilib, turli xildagi mahsulotlarni yetkazib berish evaziga oldindan pul talab qilib olinadi. Puli toʻlangan mahsulot esa albatta yetkazib berilmaydi. Troyan dasturlarni qoʻllash orqali firibgarlikning saytiga kiruvchi havolalar tayyorlanadi. Ushbu havolalarni ustiga bosish natijasida fisherlar tomonidan tayyorlangan turli xil dasturlarni avtomatik yuklab, Troyan dasturlarni qoʻllash orqali firibgarlikning saytiga kiruvchi havolalar tayyorlashadi.

 Soʻnggi vaqtlarda fishing firibgarligining yangi turi ommalashib ketmoqda. Unga koʻra fisherlar jabrlanuvchining shaxsga oid hujjatlarining skaner variantini qoʻlga kiritib, ular nomidan onlayn kredit olishmoqda.

Fisherlardan himoyalanish Fishing firibgarligining eng asosiy jihati jabrlanuvchining ishonchini suisteʼmol qilish orqali oʻz qabih niyatini amalga oshirishidadir. Shu sababli fisherlar tuzogʻiga tushib qolmaslik uchun quyidagilarga jiddiy eʼtibor qaratishimiz kerak:

– Banklar hech qachon oʻz mijozlarining kredit karta raqamlari, pin-kodlari va shaxsiy maʼlumotlarini soʻramaydi;

– Spam-xatlar orqali kelgan havolalarga kirganda ularni haqiqiyligiga ishonch hosil qilish kerak;

– Agar shaxs hech qanday lotoreya yoki yutuqli oʻyinlarda ishtirok etmagan boʻlsada unga sovrinni qoʻlga kiritgani haqida maʼlumotlar kelsa, demak bular aniq firibgarlardir;

— Sotuvda boʻlgan mahsulotlarning tannarxi boshqa internet-doʻkonlar yoki shahobchalardagadan koʻra past boʻlsa, ushbu internet-doʻkonning firibgarlar tomonidan yaratilmaganligiga ishonch hosil qilish kerak.

Toʻlov tizimidagi firibgarliklar – internet firibgarligining ommabop turlaridan biri boʻlib, asosiy eʼtiborni toʻlov tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etgan holda toʻlovni va pul oʻtkazishni amalga oshirish orqali pul mablagʻlarini qoʻlga kiritishni nazarda tutuvchi algoritmlardir.

Sehrli hamyon firibgarligi – firibgarlar tomonidan shaxslarning pul mablagʻlarini turli xildagi foyda olib kelishi mumkin boʻlgan yoʻnalishlarga pul mablagʻlarini jalb qilish tarzida namoyon boʻladigan, ushbu sohalarga oʻtkazilgan pul mablagʻlari esa firibgarning bank kartasiga tushishi nazarda tutiladi. Bularga, kriptovalyuta bilan shugʻullanish taklifi kabilarni misol qilib keltirish mumkin.

Nigeriyancha maktublar – dastlab Nigeriyada soʻngra, yer yuzida eng koʻp tarqalgan internet firibgarligi boʻlib, bu firibgarlik ikki xil usulda amalga oshiriladi: Birinchi usul, turli xil tabbiy ofatlardan, urushlardan yoki boshqacha tarzda boshiga ogʻir kun tushgan fuqarolarga maʼlum bir foyda yevaziga yordam berish taklifi; Ikkinchi usul, vaqtinchalik mablagʻga ega yemas boʻlgan, lekin tez orada juda katta boylikka erishishi aniq boʻlgan shaxslar (sobiq diktatorning ayoli, vafot etgan vazirning oʻgʻli) tomonidan keyinsalik bir necha baravar qilib qaytarib berishga vadalar berib pul mablagʻlarini olish taklifi.

Aldash dasturlari – internet firibgarlari tomonidan ishlab chiqilgan tanishuvlar dasturi (chat znakomstv). Bu turdagi firibgarlar oʻzlarini ayol kishi sifatida tanishtirib, jabrlanuvchilar bilan turli xildagi intim munosabatlarga kirishishga rozi boʻladilar. Ular oʻzlari haqida turli xil afsonalar, uydirmalar aytib, jabrlanuvchi bilan birga boʻlish hamda uning yoniga borish uchun biletlar sotib olish kabi chiqimlarni qoplashga pul soʻraydilar.

Himoyalanish usullari:

– hech qanday sehrli hamyon mavjud emasligi va hech kim begon insonning qoʻliga pul tutqazib qoʻymasligiga ishonish.

– shaxslar bilan hech qanday yuridik kuchga ega boʻlmangan bitimlar tuzmaslik.

Hozirgi vaqtda nafaqat Oʻzbekistonda balki butun yer yuzidagi eng koʻp uchrayotgan jinoyat bu firibgarlikdir. Mamlakatimiz Jinoyat qonunchiligida internet firibgarligi bilan shugʻullanuvchi shaxslarga nisbatan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanganligi firibgarlikning naqadar jirkanch illat ekanligidan dalolatdir. Balkim, mashhur adib, yozuvchi Sadriddin Ayniy oʻzinng “Sudxoʻrning oʻlimi” qissasini, buyuk hind arbobi Robindranat Tagor “Nur va soyalar” asarini, rus romanshunosi oʻzining “Taras Bulba”sini shunday firibgar, muttaham va past kishilarning qabihliklaridan jirkanib yozgandir Xalqimizda: “Pulni ishlatish topishdan koʻra qiyinroq”, – degan naql bor. Ammo, pok niyatlar ila halol ishlab topilgpn pul albatta barakali boʻlishi ham hech kimga sir emas. Lekin, farzandlarimiz rizqi, roʻzgʻorimiz yamogʻiga atagan pulimizni internetdagi biz koʻrmagan, bilmagan, tanimagan zalolat kushandalari tomonidan shilib ketilishi alamli holat. Shunday, ekan bu kabi firibgarlarning tuzogʻiga uchmaslik uchun turli xildagi oson boylik orttirishga boʻlgan undov va aldovlarga uchmasligimiz, qonun ustuvorligini tan olgan holda faoliyat yuritmogʻimiz darkor!

Abdiqodir Abdiraimov,  Aybek Yangibayev,  Fayzulla Abdullayev,  IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.