Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilarining muzokaralari yakunlari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning rasmiy tashrifini davlatlararo munosabatlar tarixida yangi sahifa ochadigan muhim siyosiy voqea, deb baholadi.
– Koʻp qirrali aloqalarimiz oxirgi yillarda sifat va mazmun jihatidan yuqori bosqichga koʻtarilib borayotgani bizni mamnun etadi. Hozirgina yakunlangan tor va kengaytirilgan doiradagi muzokaralar doʻstlik va hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi intilishlarimiz qatʼiy ekanini isbotladi. Oʻzbekiston va Pokiston hamkorligining bugungi yuqori darajasidan kelib chiqib, davlatlarimiz oʻrtasida Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani imzoladik. Bu muhim qadam aloqalarimiz tarixida yangi davrni boshlab beradi, deb ishonch bilan ayta olamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
– Bu mening Oʻzbekistonga birinchi tashrifim, inshoolloh, oxirgisi boʻlmaydi. Biz janob Prezident bilan juda keng qamrovli muloqot qildik. Suhbatimiz gʻoyatda samimiy boʻlgani va uzoq davom etganidan uning oxiriga borib men oʻzbekchani tushuna boshladim. Chunki urdu tili bilan oʻzbek tili bir-biriga yaqin. Bugungi kunda Pokiston va Oʻzbekistonda aholining quyi qatlamlariga eʼtibor qaratish, kambagʻallikni qisqartirish, taʼlimni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar hamohang. Biz savdo-iqtisodiyot, transport, taʼlim, madaniyat, turizm sohalaridagi imkoniyatlarni atroflicha muhokama qilib, strategik kelishuvlarga erishdik, – deb taʼkidladi Imron Xon.
Oʻzaro ishonch va ochiqlik, samimiy va amaliy ruhda oʻtgan samarali muzokaralarda sheriklikning yangi imkoniyatlari koʻrib chiqilib, “oʻsish nuqtalari” belgilangani qayd etildi. Soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi toʻrt barobar oʻsgani, kelgusida ushbu raqamlarni yana toʻrt-besh barobarga oshirish boʻyicha kelishib olingani taʼkidlandi.
Tashrif arafasida oʻtgan Hukumatlararo qoʻshma komissiya yigʻilishi va biznes-forum doirasida 500 million dollardan ortiq aniq loyihalar boʻyicha kelishuvlarga erishilgan. Tranzit va savdo toʻgʻrisidagi bitim rejalashtirilgan ulkan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi.
Qishloq xoʻjaligi, urugʻchilik va chorvachilik, mashinasozlik va qurilish, farmatsevtika va kimyo, yengil sanoat va boshqa ustuvor sohalarda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, hududlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatishga kelishilgani maʼlum qilindi.
“Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻli qurilishi masalasi ham atroflicha koʻrib chiqilgani qayd etildi.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olingani aytildi. Tomonlar nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishini tasdiqladilar.
Shuningdek, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik istiqbollariga toʻxtalib oʻtildi.