Koʻp millatli xalqimiz hayotidagi muhim sana – davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, taniqli siyosat, jamoat va din arboblaridan tabriklar kelmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Xorijiy hamkorlar oʻz qutlovlarida keyingi yillarda demokratik yangilanishlar va milliy taraqqiyot yoʻlidagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirishda, mamlakatimizning xalqaro maydondagi oʻrni va obroʻsini yuksaltirishda erishilgan ulkan muvaffaqiyatlarni alohida qayd etgan.
Taʼkidlanganidek, yaqinda boʻlib oʻtgan muhim siyosiy voqea – yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilingani xalqimiz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ortga qaytmas islohotlarni soʻzsiz qoʻllab-quvvatlayotganidan dalolatdir.
Tabriknomalarda davlatimiz rahbariga yangi muvaffaqiyatlar hamda Oʻzbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qiling.
Mamlakatingiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda erishgan yutuqlar barchaga maʼlum, Oʻzbekiston jahon maydonida katta nufuzga ega, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishda muhim rol oʻynamoqda.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Moskva va Toshkentning MDH, ShHT, BMT va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalardagi hamkorligi yaxshi samara bermoqda.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan konstruktiv ikki tomonlama aloqalarni barcha sohalarda, doʻst xalqlarimiz farovonligi uchun, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlida bundan buyon ham izchil rivojlantirib borishimizga ishonaman.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan, Vladimir Putin, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Siz va qardosh Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni yoʻllashdan benihoya mamnunman.
Bu yil Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan buyon alohida muhim yil boʻldi. Mamlakatingizda yangi Konstitutsiya boʻyicha referendum va muddatidan oldin Prezident saylovi muvaffaqiyatli oʻtkazilib, Oʻzbekistonning yuksalishi va bardavom taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratildi. Sizning rahnamoligingiz ostida Yangi Oʻzbekiston barpo etilishida yanada katta yutuqlarga erishilishiga ishonaman.
Joriy yilning may oyida Siz “Markaziy Osiyo–Xitoy” sammitida ishtirok etdingiz va Xitoyga davlat tashrifini amalga oshirdingiz. Biz Xitoy-Oʻzbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etish va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha bir qator muhim kelishuvlarga erishdik.
«Bir makon, bir yoʻl» uchinchi xalqaro hamkorlik forumida ishtirok etish uchun joriy yil oktyabr oyida yana Xitoyga kelishingizni intiqlik bilan kutib qolaman.
Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlariga alohida ahamiyat qarataman. Siz bilan oʻrnatilgan hamkorlik munosabatlarimiz va shaxsiy doʻstligimizni yuksak qadrlayman. Davlatlarimizning har tomonlama strategik sherikligining barqaror va izchil rivojlantirish hamda xitoy-oʻzbek hamjamiyatining qurilishiga yangi turtki berish uchun Siz bilan hamkorlik qilishga tayyorman.
Birodar Oʻzbekiston xalqiga farovonlik va baxt-saodat tilayman!
Ehtirom ila, Si Szinpin, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Mamlakatingizning Mustaqillik kuni munosabati bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari xalqi nomidan Sizga va Oʻzbekiston xalqiga eng ezgu tilaklarimizni yoʻllayman.
Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi strategik sheriklik xalqlarimiz va butun dunyo xalqlari uchun yanada tinch va farovon kelajakni yaratishga yordam berdi.
Biz birgalikda mintaqaviy tahdidlarga, jumladan, tajovuzkor ekstremizm, giyohvand moddalar va odam savdosiga qarshi kurashishda xavfsizlik sohasidagi hamkorligimizni rivojlantirmoqdamiz.
Biz ikki davlat oʻrtasida inklyuziv iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish maqsadida savdo va sarmoyaviy aloqalarimizni chuqurlashtirmoqdamiz.
Biz umumiy qadriyatlarimiz, jumladan, mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilmoqdamiz. Qoʻshma Shtatlar mintaqaviy muloqotni chuqurlashtirish, gender tengligini taʼminlash, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda qatʼiy boʻlgan Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.
Kelgusida hamkorligimiz va birgalikdagi ishimiz yanada chuqurlashishini intiqlik bilan kutib qolaman. Sizga ushbu bayramni shodlik va xotirjamlik ila oʻtkazishingizni tilab qolaman.
Hurmat bilan, Jozef Bayden, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari, aziz qardoshim!
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan shaxsan oʻzim va xalqimiz nomidan Siz, Janobi Oliylarini va Oʻzbekiston xalqini chin qalbimdan muborakbod etaman.
Mustaqillikka erishganidan buyon kun sayin tobora taraqqiy etayotgan doʻst va qardosh Oʻzbekistonning oqilona rahnamoligingiz ostida qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatlari va xalqaro sahnada egallagan nufuzli oʻrni Turkiya uchun iftixor manbaidir.
Qisqa vaqt mobaynida keng qamrovli strategik hamkorlik darajasiga yetgan hamda mintaqamizda namuna boʻladigan munosabatlarimizni oʻrtamizdagi birdamlik ruhida yanada mustahkamlash borasidagi irodamizni yana bir bor taʼkidlash foydadan holi emas, deb oʻylayman.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt saodat, doʻst va qardosh oʻzbek xalqiga farovonlik, omonlik tilaklarimni yetkazaman.
Rejep Tayyip Erdogʻan, Turkiya Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qozogʻiston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va qardosh Oʻzbekistonni Mustaqillik kuni bilan qutlayman.
Suveren Oʻzbekiston tarixidagi ushbu muhim kun xalqingizning birdamligi, mardligi va bunyodkorligini ifoda etadi, respublikaning davlatchiligini yanada mustahkamlash va uzoq muddatli taraqqiyotini taʼminlashda beqiyos ahamiyatga ega.
Ishonchim komil, mamlakatingiz Siz belgilab bergan strategik yoʻnalishdan qatʼiy borib, keng koʻlamli siyosiy islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarni roʻyobga chiqarar ekan, barqaror oʻsish yoʻlidan dadil harakatini davom ettiradi.
Xalqlarimizning tub manfaatlaridan, koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalaridan kelib chiqib, men Qozogʻiston-Oʻzbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga ustuvor eʼtibor bermoqdaman.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan koʻp qirrali hamkorlikning ulkan salohiyatini qardosh xalqlarimiz ravnaqi hamda Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni taʼminlash yoʻlida roʻyobga chiqara olishimizga ishonaman.
Ushbu fayzli kunda Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, masʼuliyatli davlat faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga baxt-saodat va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan, Qasim- Jomart Toqayev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich,
Sizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 32-yilligi bilan tabriklashga ijozat bergaysiz.
Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston ichki va tashqi siyosatda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi va xalqaro hamjamiyatda munosib oʻrin egalladi.
Ishonchim komil, Sizning oqilona rahbarligingizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar qardosh Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlanishiga, uning farovonligi yoʻlida qoʻyilgan marralar erishilishiga xizmat qiladi.
Mustaqillik yillarida mamlakatlarimiz doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik ruhida keng qamrovli strategik sheriklikni rivojlantirishda yaxshi natijalarga erishdi.
Oʻrtamizdagi ishonchli munosabatlar bundan buyon ham davlatlarimizning mustahkamlanishi va har tomonlama rivojlanishiga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, Oʻzbekiston xalqiga esa – farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan, Sadir Japarov, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Qadrli Shavkat Miromonovich!
Tojikiston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizga, butun Oʻzbekiston Respublikasining doʻst xalqiga mamlakatingiz milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimiz va ezgu tilaklarimizni yoʻllash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.
Mustaqillik tufayli qardosh Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
Bu yutuqlarning barchasi koʻp jihatdan Sizning Oʻzbekiston xalqi tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotgan muvaffaqiyatli davlat siyosatingiz bilan bogʻliq.
Oʻzbekiston bilan strategik sherikli va ittifoqchilikni keng miqyosda va har tomonlama rivojlantirish Tojikiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlarida markaziy oʻrinni egallaydi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida – siyosat, savdo va iqtisodiyot, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalarida barqaror rivojlanish surʼati taʼminlandi.
Ishonchim komil, birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan biz, azaliy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalariga, mavjud salohiyatga tayangan holda Tojikiston-Oʻzbekiston konstruktiv hamkorligini qardosh xalqlarimiz farovonligi yoʻlida bundan buyon ham ilgari suramiz.
Chin qalbimdan Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va barcha ishlaringizda yangi muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga esa musaffo osmon, farovonlik va bardavom taraqqiyot tilayman.
Chuqur hurmat bilan, Emomali Rahmon, Tojikiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga va mamlakatingiz qardosh xalqiga samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarni yoʻllash men uchun sharaf.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda taraqqiyot va ravnaq yoʻlidan dadil bormoqda.
Yaqin qoʻshnimizning yutuqlaridan xursandmiz.
Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi bugungi ikki tomonlama munosabatlar konstruktiv va barqaror tusga ega ekanini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Ular koʻplab yoʻnalishlarda rivojlanmoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Turkmaniston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlari xalqlarimiz farovonligi yoʻlida rivojlanishi va mustahkamlanishiga qatʼiy ishonaman.
Ushbu yoqimli imkoniyatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, Oʻzbekiston Respublikasining qardosh xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom ravnaq va taraqqiyot tilab qolaman.
Chuqur hurmat ila, Serdar Berdimuhamedov, Turkmaniston Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga mamlakatingizning Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy qutlovlarim va eng ezgu tilaklarimni bildirish men uchun sharaf.
Oʻtgan yillarda Oʻzbekiston davlati oʻz taraqqiyotida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Bugun mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va xalq farovonligini oshirishga qaratilgan misli koʻrilmagan yangilanishlar amalga oshirilmoqda.
Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda yangi mazmun bilan boyib borayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlayman. Ishontirib aytamanki, biz Turkmaniston-Oʻzbekiston munosabatlariga alohida ahamiyat qaratamiz hamda ularni sifat jihatidan yanada yuqori darajaga olib chiqishga tayyormiz.
Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik, taraqqiyot va bardavom ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat ila, Gurbanguli Berdimuhamedov,
Turkman xalqining milliy yetakchisi,
Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Qardosh Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga va Siz orqali xalqingizga samimiy tabrik va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Bugun Sizning rahbarligingiz va chuqur oʻylangan siyosatingiz tufayli Oʻzbekiston, davlatchilik anʼanalari va tamoyillariga sodiq qolgan holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yoʻlidan olgʻa bormoqda. Ayniqsa, mamlakatingiz erishayotgan muhim yutuqlarni, xalqaro maydonda erishgan nufuzini, Sizning rahbarligingiz ostida yildan yilga katta muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritayotganini koʻrish bizga mamnuniyat bagʻishlaydi.
Mintaqada roʻy berayotgan jarayonlardagi faol ishtiroki va pozitsiyasi tufayli Oʻzbekiston eng nufuzli xalqaro tashkilotlarning uchrashuvlari va sammitlarini yuqori darajada oʻtkazmoqda.
Ozarbayjon va Oʻzbekistonni haqiqiy doʻstlik va qardoshlik rishtalari bogʻlab turibdi.
Mustahkam asosga qurilgan, faqat oldinga qarab rivojlanayotgan, aniq mazmun bilan boyib borayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz va strategik sherikligimizdan xursandmiz.
Oʻrtamizdagi ochiq va faol siyosiy muloqot, oliy darajadagi oʻzaro tashriflarimiz, muntazam uchrashuvlar, imzolangan hujjatlar, muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qoʻshma loyihalar, shu jumladan Hukumatlararo komissiya faoliyati hamkorligimizning ijobiy surʼatini taʼminlash va sheriklikning yangi yoʻnalishlarini belgilashda muhim oʻrin tutmoqda.
Bir necha kun avval Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifingiz Ozarbayjon-Oʻzbekiston munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi hamda strategik sherikligimizning har tomonlama rivojlanishiga kuchli surʼat bagʻishladi.
Ishonchim komil, saʼy-harakatlarimizni davlatlararo munosabatlarimizni yanada mustahkamlash, hamkorligimizning ustuvor yoʻnalishlarini rivojlantirishga qaratib, xalqaro tashkilotlar, ayniqsa Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi muvaffaqiyatli birgalikdagi faoliyatimizni davom ettiramiz va kengaytiramiz.
Ushbu muhim kunda Sizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga abadiy tinchlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan, Ilhom Aliyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich, qadrli qardoshim!
Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan chin dildan muborakbod etaman.
Sizning dono rahbarligingiz tufayli respublikangiz keng koʻlamli islohotlar yoʻlidan dadil bormoqda, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yuksalmoqda, xalqaro maydondagi oʻrni mustahkamlanmoqda.
Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha referendum va Prezident saylovi natijalari Siz Oʻzbekistonni modernizatsiya qilish boʻyicha tanlagan yoʻl naqadar toʻgʻriligini isbotladi.
Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga va qardosh Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq, koʻzlangan marralarga erishishda muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmat bilan, Nursulton Nazarboyev,
Qozogʻiston Respublikasining birinchi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janoblari!
Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami munosabati bilan Sizni va oʻzbek xalqini oʻzim hamda vatandoshlarim nomidan chin yurakdan tabriklayman.
Soʻnggi oylarda Germaniya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar yuqori darajadagi koʻplab tashriflar orqali ham yanada faollashdi.
Sizning joriy yil may oyida Berlinga qilgan tashrifingizni alohida taʼkidlamoqchiman. Men ushbu tashrifni mamnuniyat bilan eslayman. Shuning uchun men tez orada yana uchrashish va fikr almashinuvimizni davom ettirish imkoniyatidan juda xursand boʻlar edim.
Iqlim inqirozi va yirik global chaqiriqlar sharoitida faollashgan Germaniya-Oʻzbekiston hamkorligi alohida muhim ahamiyatga ega.
Qayta saylanganingizdan soʻng hukumatingizning islohotlar kursini davom ettirish istagingizdan mamnunman va bu borada Sizga muvaffaqiyatlar tilayman. Sizni ishontirib aytamanki, Germaniya Sizni hamkor sifatida qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.
Sizga eng ezgu tilaklarimni, oʻzbek xalqiga erkinlik, xavfsizlik va farovonlikdagi osoyishta kelajak tilayman.
Frank-Valter Shtaynmayer, Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Oʻzbekiston mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Sizga va butun Oʻzbekiston xalqiga tabriklarim, baxt-saodat va ravnaq tilaklarimni katta mamnuniyat bilan yoʻllamoqdaman.
Oʻzbekiston xalqi uchun alohida ahamiyatga ega ushbu kunda Fransiya mamlakatingiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiq ekanini tasdiqlayman.
Joriy yilda mamlakatlarimiz 1993 yil 27 oktyabr kuni imzolagan Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomaning oʻttiz yilligi ham nishonlanmoqda. Oʻtgan davrda Fransiya-Oʻzbekiston doʻstligi ancha mustahkamlandi, buni yaqin oylarda Luvrda va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan hamda Oʻzbekistonning boy madaniy merosini namoyish etgan, yurtdoshlarimning Oʻzbekistonga qiziqishini oshirgan va yurtingizga tashrif buyurishga undagan ajoyib koʻrgazmalar ham tasdiqladi.
Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi, ayniqsa suv taʼminoti, qayta tiklanuvchi energiya, kommunal xizmat va turizm sohalaridagi bir qator loyihalardan mamnunman. Fransiya Siz boshlagan koʻplab islohotlarni kuzatmoqda, qonun ustuvorligini va mamlakatingizning demokratik asoslarini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Yaqin fursatda taklifingizga javoban global sherikligimizni yuqori darajada rivojlantirishni davom ettirish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishimga umid qilaman.
Hurmatli Prezident janoblari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qiling.
Chuqur hurmat bilan, Emmanuel Makron, Fransiya Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Hindiston Hukumati, xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Oʻzbekiston Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga qizgʻin tabriklarim va ezgu tilaklarimni yoʻllayman.
Hindiston va Oʻzbekiston Respublikasi tarixiy, tamadduniy va madaniy rishtalar bilan bogʻlangan. Biz umumiy mintaqamizning tinchligi, xavfsizligi, taraqqiyoti va farovonligi uchun umumiy manfaatdor tomon va tabiiy hamkorlarmiz hamda birgalikda bu yoʻnalishda hal qiluvchi rol oʻynashimizga ishonaman. Oʻzbekiston xalqi tomonidan Sizga berilgan yangi mandat tufayli munosabatlarimiz yanada yangi hayotiy kuchga ega boʻladi.
Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga mustahkam sogʻliq va omonlik hamda Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolaman.
Janobi Oliylari, yuksak ehtiromlarimni qabul qilgaysiz.
Draupadi Murmu, Hindiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu,
Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillik bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga eng samimiy tabriklarimiz va ezgu tilaklarimizni izhor etishdan bagʻoyat mamnunmiz.
Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, Qardosh Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga esa yanada yuksalish va farovonlik tilaymiz.
Siz, Janobi Oliylari salomlarimiz va ehtiromlarimizni qabul qilgaysiz.
Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Ikki Muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga oʻzimning eng samimiy tabrik va qizgʻin tilaklarimni yoʻllash sharafiga muyassarligim meni cheksiz quvontiradi.
Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻlik, baxt–saodat, doʻst Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va xalqiga doimiy ravnaq va taraqqiyot tilab qolaman.
Kamoli ehtirom va ezgu tilaklar ila, Muhammad bin Zoid Ol Nahayon,
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Misr Arab Respublikasi nomidan Siz, Janobi Oliylari va doʻst Oʻzbekiston xalqini Mustaqillik kuni munosabati bilan tabriklashdan mamnunman.
Misr Oʻzbekiston bilan oʻtgan yil davomida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgan ikki tomonlama munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Mamlakatlarimiz doimo oʻzaro ishonch, umumiy qadriyatlar va manfaatlarga ega boʻlgan sohalarda doimiy muvofiqlashtirishga asoslangan hamkorlik munosabatlarini saqlab kelmoqda.
Shuningdek, Misr Markaziy Osiyodagi muhim va qadrli hamkor sifatida Oʻzbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlash tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlab, ikki doʻst xalqlarimiz farovon kelajagi yoʻlida yanada koʻproq hamkorlikka erishish uchun barcha darajalarda yaqin aloqalarni davom ettirishimizga chin dildan umid qilaman.
Hurmatli Prezident, Janobi Oliylari Sizga baxt-saodat, doʻst Oʻzbekiston xalqiga taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.
Eng samimiy ehtiromimni qabul etgaysiz, Abdulfattoh as-Sisi,
Misr Arab Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini hamda doʻst va birodar mamlakatingiz xalqini chin yurakdan tabriklayman.
Madaniy mushtaraklik va oʻxshash qadriyatlarning mavjudligi hamda oliy darajadagi delegatsiyalar almashinuvi oʻzaro hamkorlikning rivojlanishi va mustahkamlanishida sezilarli oʻrin tutdi.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida ikki davlat oʻrtasida oʻzaro manfaatlarni taʼminlash hamda mintaqa va jahonda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash yoʻlidagi aloqalarning yanada rivojlanishiga guvoh boʻlamiz, deb umid qilaman.
Qodir Egamdan Siz, Janobi Oliylariga sogʻlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik tilab qolaman.
Sayid Ibrohim Raisiy, Eron Islom Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Siz, Janobi Oliylariga Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan eng samimiy tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Oʻzbekiston Vengriyaning nafaqat siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkori, balki chinakam doʻstidir. Vengriya-Oʻzbekiston hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarimiz xalqlarimiz manfaatlariga mosligiga qatʼiy ishonaman. Oʻtgan davrda bir necha bor shaxsan uchrashganimiz hamda Siz, Janobi Oliylarini va rafiqangizni Budapesht shahrida qabul qilganimdan mamnunman.
Ishontirib aytamanki, hukumatim strategik muloqotni yuqori darajada davom ettirishga hamda ikki tomonlama munosabatlarimizni mustahkamlash xizmat qiladigan barcha tashabbuslarga bundan buyon ham sodiq boʻladi.
Sizga mustahkam sogʻlik, masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Viktor Orban, Vengriya Bosh vaziri
***
Quyidagilar ham oʻz tabriklarini yoʻllagan:
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko,
Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri Dubay amirligi hokimi Muhammad bin Roshid Ol Maktum,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri oʻrinbosari, Prezident ishlari boʻyicha vaziri Mansur bin Zoid Ol Nahayon,
Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy,
Qatar Davlati Amiri oʻrinbosari Abdulla bin Hamad Ol Soniy,
Oʻmon Sultoni Heysam bin Tariq,
Vengriya Prezidenti Katalin Novak,
Yaponiya Imperatori Naruxito,
Indoneziya Respublikasi Prezidenti Joko Vidodo,
Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub,
Belgiyaliklar Qiroli Filipp,
Ruminiya Prezidenti Klaus Verner Yoxannis,
Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar,
Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel,
Falastidan Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,
Shveysariya Konfederatsiyasi Federal Prezidenti Alan Berse,
Estoniya Respublikasi Prezidenti Alar Karis,
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi bosh kotibi Sergey Lebedev,
Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min,
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,
Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibroxim Toha,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husrav Noziriy.
Qutlovlar kelishda davom etmoqda.