Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi, deya habar beradi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻzining rasmiy kanalida.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishining asosiy mavzusi — ekin yerlari va tomorqadan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat yetishtirishni va aholi daromadlarini koʻpaytirish. Shu bilan birga gʻallani yetishtirish va xarid qilishni moliyalashtirish, aholini uy-joy bilan taʼminlash masalalari koʻrib chiqilmoqda.
“Koʻrib turibsiz – dunyoda oziq-ovqat tanqisligi muammosi kuchayib bormoqda. Ayniqsa, mahsulot yetishtiruvchi asosiy davlatlarning eksportga cheklovlar qoʻyishi va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda.
Tahlillarga koʻra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga oʻsishi prognoz qilinmoqda.
Bizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqat mahsulotlariga sarflanadi.
Shu bois, yuqoridagi xavf-xatarlarning aholimizga taʼsirini yumshatish boʻyicha har bir mahalla, tuman, viloyat darajasida aniq hisob-kitob va chora-tadbirlar qilish kerak. Buning uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berganmiz”, dedi davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida.
Yil boshida paxta va gʻalla maydonlarini qisqartirish hisobidan aholiga 80 ming gektar maydonni boʻlib berish boshlandi.
Aholi xonadonlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha 3 mingdan ziyod “Tomorqa xizmati” infratuzilmasi yaratildi.
Tomorqada mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning oʻzida 400 milliard soʻm imtiyozli mablagʻlar ajratildi.
Joriy yil 6 oyida 821 ming tonna yoki oʻtgan yilga nisbatan 102 ming tonna koʻp meva-sabzavot eksport qilindi.
Hozirga qadar ajratilgan 64 ming gektarda jami 785 ming aholi bandligi taʼminlandi.