DUNYOGA BOʻYLAYOTGAN “OLTIN QALAM”

0
67
marta koʻrilgan.

Hayotda oddiy qalamning, soʻzning qudrati, moʻjizasi beqiyos ahamiyatga egadir. Bu — isbot talab qilmas haqiqat. Negaki, olamshumul gʻoyalar, muhim tarixiy voqea-hodisalar, buyuk allomalarning asarlari ham dastlab qalam orqali qogʻozga muhrlangan va shu asnoda avloddan-avlodga yetkazilgan. Ne baxtki, bugun dunyo shu qadar rivojlangan, insonning aqli shoshadigan axborot texnologiyalari taraqqiy etgan zamonda ham qalam va soʻzning qadri oshsa oshib bormoqdaki, aslo kamaygan emas. Albatta, birinchi eng muhim omil bu — qay yurtda tinchlik va xotirjamlik, rivojlanish va yuksalish hukm surayotgan boʻlsa, barcha neʼmatlarning qadri baland boʻlishi, eʼzozlanishi tayindir. Netongki, bugun dunyo ikkiga boʻlingan bir olmaning ikki pallasini goʻyo simobga qoʻyilgani kabi qalqib turgani ham ayni haqiqat. Axir qanchadan-qancha yurtlarda urush va notinchlik sabab millionlab odamlar oʻz Vatanidan, uylaridan ayro, ertasining qanday boʻlishini bilmasdan xavotirda tong ottirayotgani, guldek bolalarning koʻzlaridagi yoshni artib qoʻyishga esa imkonlari boʻlmayotgani hech kimga  sir emas.

Demak, faqat tinchlik va farovonlik hukm surgan yurtdagina yuqorida biz aytgan qalam va soʻzning qadri boshqa neʼmatlar kabi baland boʻlishi mumkin ekan-da.

Shu oʻrinda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar, islohotlar, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan saʼy-harakatlar jarayonida soʻz va matbuot mustaqilligining taʼminlanayotgani, sohada mehnat qilayotgan ijodkorlarga koʻrsatilayotgan ragʻbat va eʼtiborning yuksakligini alohida taʼkidlash joiz.

Darhaqiqat, bugun Prezidentimiz tomonidan jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, hur fikrlilikka keng shart-sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan oqilona siyosat media sohasiga ham tom maʼnoda yangilanish nafasini olib kirmoqda. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, ommaviy axborot vositalarini chinakam “toʻrtinchi hokimiyat”ga aylantirish, davlat idoralarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish borasida sezilarli natijalarga erishilayotgani asli ana shundan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati tufayli nafaqat qoʻshni davlatlar, balki uzoq va yaqindagi xorijiy mamlakatlar bilan aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Bu oʻz navbatida jahon jurnalistlarining Yangi Oʻzbekistonga qiziqishini sezilarli darajada oshirayotganiga guvohmiz. Yaqinda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashkilotchiligida bir guruh yurtimiz jurnalistlarining Ozarbayjonga qilgan ijodiy safarimiz davomida ham bunga guvoh boʻldik. Ozarbayjonda bir qancha ijodiy jamoalarda boʻlib, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga, jurnalistlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarga katta qiziqish, havas bilan qarashlarining shohidi boʻldik. Oʻzbekistonda soʻz va matbuot erkinligining oʻrni, ochiqlik siyosatining ustuvorligi yoʻlida erishilgan natijalar haqida mezbon hamkasblarimizga mamnuniyat ila soʻzlab berdik. Ozarbayjonlik hamkasblarimizning yurtimizda jurnalistlarga berilayotgan imkoniyat va ragʻbatlar haqida biz oʻylagandan-da kengroq maʼlumotlarga ega ekanligidan mamnun boʻldik. Jumladan, jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovimiz haqida ham iliq fikrlar eshitdik.

Demak, chindan ham mamlakatimizdagi bunday nufuzli tanlovlar jahonni qamrab olayotgani mubolagʻa emas.

Navbatdagi “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov gʻolib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi muhtasham “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida yuksak saviya va yangi formatda boʻlib oʻtdi.

Jahon matbuoti erkinligi kuniga bagʻishlab oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning oʻrni, obroʻsi yildan yilga oshib borayotganiga Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bosh omil boʻlmoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Nufuzli tanlovning taqdirlash marosimiga bu yil ham, odatdagidek, taniqli jurnalistlar, faxriy-ustozlar, respublikamiz OAV rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda media soha vakillari, jurnalistika yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilari, talabalar, xalqaro tashkilotlar va elchixonalarning vakillari, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlardagi media uyushmalarining mutasaddilari taklif qilindi. Qolaversa, milliy media sohasida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar oʻrtasida oʻtkaziladigan turli tanlovlar koʻpligiga qaramasdan, har bir ijodkor “Oltin qalam” sohibi boʻlishni orzu qiladi. Chindan ham “Oltin qalam” tanlovining nufuzi baland, bu mukofot ijod maydonida yuksak eʼtirof ramziga aylanib ulgurdi.

Bu yil ushbu tanlovda 550 dan oshiq jurnalist va OAV vakillari 4 mingdan ziyod ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Bu oʻz navbatida, jamiyatda yuz berayotgan oʻzgarishlar, yangilanish­lar jarayonida hamkasblarimizning faolligini koʻrsatadi.

Barchamizga maʼlumki, “Oltin qalam” Milliy mukofoti Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tashabbusi bilan 2006 yilda taʼsis etilgan edi. Oʻtgan yillar davomida tanlovning oʻrni va salohiyati yanada takomillashib, qamrovi kengayib bordi. Bosh milliy mukofot 2007 yili joriy etilgan boʻlsa, asosiy nominatsiyalar qatoriga internet-jurnalistika yoʻnalishi ham kiritildi. Har bir yoʻnalish boʻyicha 1-, 2- va 3-oʻrinlar belgilandi. 2021 yildan boshlab esa “Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi asosiy mukofotlar qatoriga qoʻshildi. Zamon talabidan kelib chiqqan holda, taklif va tavsiyalar asosida “Oltin qalam” tanlovi nizomiga ham oʻzgartirishlar kiritildi.

Prezidentimizning yuqorida tilga olganimiz “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida 2023 yildan boshlab “Oltin qalam” tanlovi ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalari 5 tadan 12 taga oshirildi.

Unga koʻra, bosh milliy mukofot sohibiga yengil avtomobil berilishi belgilandi. Xabaringiz bor, oʻtgan yili “Oltin qalam” XVII tanlovining bosh milliy mukofoti Prezident sovgʻasi — “Gentra” avtomobili Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti jamoasiga munosib koʻrilgan edi. Bu yilgi ushbu nufuzli mukofot “Uzreport TV” ahliga nasib etdi. Ularga Yurtboshimiz sovgʻasi — “Tracker” avtomashinasi tantanali topshirildi.

Tanlovning 1-oʻrin sohiblariga Oʻzbekistonda belgilangan bazaviy hisoblashning 200 baravari, 2-oʻrin sohiblariga 175 baravari, 3-oʻrin sohiblariga esa 150 baravari miqdorida pul mukofoti berildi. Shuningdek, 12 ta ragʻbatlantiruvchi nominatsiyaning har bir gʻolibi bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

“Oltin qalam” tanlovi demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan oʻtishini taʼminlash maqsadida har yili tanlov Hakamlar hayʼati tarkibiga yoʻnalishlar boʻyicha ustoz jurnalistlar, media sohaning taniqli vakillari kiritiladi. Taqdim etilgan ijodiy ishlar esa mavzuning ijtimoiy ahamiyati, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, soʻzga masʼuliyat va ifoda mahorati, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuv kabi mezonlar asosida xolis baholanmoqda.

Taʼkidlash joizki, bu yilgi tanlovga televideniye yoʻnalishida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat telekanallarida faoliyat olib borayotgan 98 nafar jurnalist oʻz materiallarini taqdim etgan boʻlsa, radio yoʻnalishida 26 nafar, bosma OAV yoʻnalishida esa eng koʻp — 178 nafar, internet nashrlari yoʻnalishi boʻyicha 75 nafar, “Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasida ham har yilgidan koʻp — 40 dan ortiq davlatdan 100 nafarga yaqin jurnalist qatnashdi.

Shu bois xorijlik jurnalistlar orasidan gʻoliblarni aniqlashda hakamlar ancha ter toʻkishiga toʻgʻri keldi.

Oʻzbek adabiyotining yorqin namoyandalari asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan va oʻzbek tili rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan jurnalist, Tojikiston maorif vazirligining Oʻzbek tili hayʼati rahbari Sulaymon Ermatov mazkur nominatsiya boʻyicha 1-oʻringa sazovor boʻldi. “Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi boʻyicha 2-oʻrin toʻrt nafar xorijlik jurnalistga berildi: “TASS” axborot agentligining Oʻzbekistondagi muxbiri Valeriy Biryukov Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari har sohada rivojlanib borayotganini aks ettirgan maqolalari uchun, “The Economic Times” gazetasining diplomatik muharriri Dipanjan Roy Chaudhuri mamlakatimizdagi keng koʻlamli islohotlarni Hindistonda targʻib qilgan materiallari uchun, AQSHning “The Hill” gazetasi jamoatchi muxbiri Jeyms Durso Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, muhim siyosiy jarayonlar haqidagi tahliliy maqolalari uchun, “Euronews” telekanalining fransiyalik muxbiri Galina Polonskaya esa Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar haqidagi turkum telelavhalari uchun mazkur eʼtirofga munosib deb topildilar.

Bu yilgi tanlovning yana oʻziga xos jihatlaridan biri shundaki, odatda, har yili jamoaviy qatnashuvchi tahririyatlar soni 10-15 ta boʻlardi. Joriy yilda oldingi yillarga nisbatan jamoaviy ishtirok etuvchilar soni 2 barobar oshgan, yaʼni 38 ta tahririyat tanlovga ijodiy ishlarini taqdim etdi.

“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” yoʻnalishi 12 ta nominatsiyadan biri sifatida belgilangan. Ushbu nominatsiya boʻyicha 22 nafar jurnalist 30 ga yaqin publitsistik janrdagi kitoblari bilan ishtirok etdi.

Tanlovning “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” nominatsiyasi gʻolibi esa 47 nafar fotojurnalistning 1500 ga yaqin ijodiy ishlarini baholash orqali aniqlandi. Bu yoʻnalishda ishtirok etgan ijodkorlar soni ham oʻtgan yilga nisbatan qariyb 3 barobar oshgani fotojurnalistning jamiyat hayotida faolligidan dalolat beradi.

“Oltin qalam” XVIII tanlovida xalqaro hamkorlar tomonidan taklif etilgan ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar eʼlon qilingani alohida eʼtiborli. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan joriy qilingan 2 ta nominatsiya, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan kiritilgan 1 ta nominatsiya boʻyicha ijodiy ishlar qabul qilindi.

Xalqaro hamkorlarning ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalari gʻoliblari maxsus diplom va sovgʻalar bilan taqdirlandilar. Gʻoliblar Xitoy Xalq Respublikasi va Turkiya Respublikasiga bepul sayohatga borish yoʻllanmasiga ega boʻlishdi.

Albatta, gap mukofot miqdori, sovgʻalarda emas. Hamma gap eʼtibor va munosabatda. Mazkur tanlovning gʻolib va sovrindorlari yillar davomida qilgan halol mehnatlari munosib eʼtirof etilganlaridan xursand boʻlishmoqda. Yangi Oʻzbekistonda muhtaram Prezidentimizning ijod ahliga boʻlgan mehri, eʼtibori tufayli ular uchun ishda, izlanishda bu tanlov eng katta ragʻbat, motivatsiya asosiga aylanganini aytishmoqda.

Oʻzi rosti ham shu. Oʻtgan yillar davomida yuzlab jurnalistlarning, fidoyi muxbirlarning zahmatli mehnati qadrini “Oltin qalam” oltinga aylantirishga hissa qoʻshib kelmoqda.

Tanlov tantanasi poytaxtimizning eng muhtasham saroyi “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyida tashkil etilgani, unda mamlakatimizning eng mashhur sanʼatkorlari oʻzlarining betakror kuy va qoʻshiqlari bilan xizmatda boʻlgani… bularning bari uchun mahalliy va xorijiy hamkorlarimizga Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi nomidan minnatdorlik bildirishni istardim. “Oltin qalam” tanlovi gʻolib va sovrindorlarini esa chin yurakdan qutlaymiz, ularga baxt va saodat, kelgusi ijodiy ishlarida omad, muvaffaqiyatlar yor boʻlsin. Yurtimiz ravnaqi, istiqboliga xizmat qilish va shu yoʻlda barcha hamkasblarimizga hamisha yuzi yorugʻ holda baraka va fayzli taqdirlar nasib etishiga doimo tilakdoshmiz.

Xolmurod SALIMOV, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.,    “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov tashkiliy qoʻmitasi raisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.