Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi tashabbusi bilan poytaxtimizda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy Nikolay Qoʻldoshev xotirasiga bagʻishlangan dzyudo boʻyicha 1999-2000 yillarda tugʻilgan yigit-qizlar oʻrtasida xalqaro turnir oʻtkazildi.
Musobaqada polvonlarimizdan tashqari qoʻshni Qozogʻiston va Tojikistondan kelgan sportchilardan iborat 414 nafar yosh dzyudochi 15 vazn toifasida oʻzaro raqobatlashdi.
Oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi bahslarda Timur Abishev, Azizbek Avazmurodov, Jaloliddin Qurbonmurodov, Muzaffarbek Toʻraboyev va Jamshid Baxtiyorov mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Qizlar oʻrtasidagi bahslarda sportchilarimizdan Marjona Salohitdinova, Sita Qadamboyeva, Nilufar Ermagambetova, Maftuna Roʻzimova, Shohista Nazarova, Shohista Anorova, Rinata Ilmatova shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi.