Prezident Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yurtimizda yiliga 14 million tonna chiqindilar hosil boʻladi. Lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi.
Chiqindilarni qayta ishlash orqali ham uning tabiatga taʼsirini kamaytirish, ham foyda olish mumkin. Shu maqsadda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan xorijiy investorlar bilan hamkorlikda qator loyihalar ishlab chiqilgan. Qariyb 1 milliard 300 million dollarlik investitsiyalarni jalb etgan holda, 8 ta chiqindi yoqish zavodi qurish hamda Ohangaron poligonida chiqindi gazini qayta ishlash rejalashtirilgan.
Masalan, Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasining 350 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi hisobidan Andijon va Toshkent viloyatlarida 2 ta zavod barpo etiladi. Ularda kuniga 4 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 630 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Bu sohaga Xitoyning boshqa bir kompaniyasi – “Shanghai SUS Environment” ham qiziqish bildirgan. U 310 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritib, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 2 ta zavod qurishni rejalashtirgan. Ularda kuniga 3 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 480 million kilovatt soat elektr energiyasi olinadi.
Birlashgan Arab Amirliklarining “Tadweer Group” kompaniyasining 200 million dollar mablagʻi evaziga Buxoro va Navoiy viloyatlari uchun bitta zavod quriladi. Und kuniga 1 ming 500 tonna chiqindini qayta ishlash va yiliga 363 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.
Koreya Respublikasining “Sejin” kompaniyasi ishtirokidagi loyiha ham juda muhim. Unga koʻra, 55 million dollar evaziga Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi maishiy chiqindi poligonida hosil boʻladigan gazdan muqobil elektr energiyasi olish yoʻlga qoʻyiladi. Uning quvvati 16 megavatt boʻlishi koʻzda tutilgan.
Umuman, loyihalar natijasida qattiq maishiy chiqindilardan oqilona foydalanish taʼminlanadi. Yiliga 4,7 million tonnadan ortiq chiqindi yoqilib, 2 milliard 100 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 97 million AQSH dollari qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. Shuningdek, bular orqali 152 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 million tonna issiqxona gazlari kamayadi. 1 ming 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Loyihalar 2025-2027 yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari loyihalarning ijtimoiy ahamiyatiga alohida urgʻu berdi.
– Bular shunchaki zavod emas, hayot-mamotimizni hal qiladigan masalalardan biri. Yer-suvlarimizning yaroqliligi ham, aholi salomatligi ham, havo tozaligiyu energetika barqarorligi ham shu sohaga bogʻliq. Chiqindilar toʻgʻri toʻplanib, koʻproq qayta ishlansa, ekologik muvozanat yaxshilanadi, tabiat toza boʻladi, jamiyat oʻzgaradi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois mutasaddilarga bu loyihalarni namunaviy qilib, hududlarda koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Hozir investorlar, ishlab chiqaruvchilar, birinchi navbatda, korxonasining energiya taʼminotini oʻylaydi. Shuning uchun chiqindini qayta ishlash zavodlari yaqinida qurilish materiallari, organik oʻgʻitlar kabi yangi korxonalarni joylashtirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Bu tadbirkor uchun ham, investor uchun ham manfaatli boʻladi.
Barcha hududlarda bunday loyihalarni koʻpaytirish va mutanosib rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Mamlakatimizda bu soha izchil takomillashtirib kelinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 26 sentyabrdagi farmoni bilan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Agentlik chiqindilarni toʻplash, saralash, zararsizlantirish, qayta ishlash, yoqish, utilizatsiya qilish va ularni yoʻq qilishning zamonaviy usullarini joriy etish bilan shugʻullanadi. Bu sohada sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hisobiga ekologik vaziyat barqarorlashadi, sanitar holat yaxshilanadi, aholiga xavfli kasalliklar yuqishi kamayadi. Chiqindilar qayta ishlanib, muqobil energiya, xomashyo va organik oʻgʻit olinadi. Mavjud chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalari tashkil etiladi.