2025-yil 14-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining 2024-yil uchun eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarning bajarilish holati yuzasidan axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, hisobot davrida maqsadli koʻrsatkichlar doirasida Vazirlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yilda 226,4 mln. tup manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlari ekilgan. Natijada respublikadagi yirik tuman va shaharlarning yashillik darajasi 15,3 foizga yetgan. Hududlarda 134 ta “Yashil bogʻlar” barpo etilgan.
Shuningdek, Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi mintaqasida choʻllanish, qurgʻoqchilik, chang-qum boʻronlari koʻtarilishining oldini olish maqsadida 215 ming gektar “Yashil qoplamalar”barpo etilgan.
Axborotda keltirilganidek, yurtimizning oʻrmon bilan qoplanganlik darajasi 8,1 foizga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 6,4 mln. gektarga yetkazilgan. 140 ta yirik sanoat va sement ishlab chiqaruvchi korxonalarda zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilgan.
Bundan tashqari, 93 ta sanoat korxonasida lokal oqova tozalash inshootlari qurilgan va mavjudlari rekonstruksiya qilingan. Foydali qazilmalarni qazib olish natijasida buzilgan 2006 gektar yer maydonlari rekultivatsiya qilingan. Respublikamizda mavjud maishiy chiqindi poligonlar 17 foizga qisqartirilgan.
Yigʻilishda qoʻmita aʼzolari tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri, uning oʻrinbosarlari hamda tizimdagi agentlik va qoʻmitaning rahbar va oʻrinbosarlarining 2024-yil uchun moʻljallangan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish boʻyicha “Yoʻl haritasi” ijrosi bandma-band muhokama qilindi.
Ushbu jarayonda suv va shamol eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya oʻrmonlarini barpo etish, turizmni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi ishlarda ayrim kamchiliklar uchrayotganligi qayd etilib, ularni bartaraf qilish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.
Muhokamalar jarayonida davlatimimz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish soha vakillarining asosiy burchi ekanligini alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tadbir yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Manbaa: parliament.gov.uz