Elektr energetika sohasini yanada rivojlantirish masalalari tahlil etildi

0
133
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 oktyabr kuni elektr energetikasidagi ishlar ahvolini chuqur tahlil qilish, sohani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilashga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida. 

– Elektr energetikasi iqtisodiyotning “motori” boʻlib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni, umuman hayotni bu sohasiz tasavvur etib boʻlmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Mamlakatimizda jami 14 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari mavjud boʻlib, shundan 86 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi.

Biroq, issiqlik elektr stansiyalari quvvatlarining 84 foizi qariyb yarim asr avval ishga tushirilgan boʻlib, mavjud quvvatlar bor-yoʻgʻi 83 foizga ishlamoqda.

Rivojlangan davlatlarda 1 kilovatt energiya ishlab chiqarish uchun 240-260 gramm yoqilgʻi sarflansa, mamlakatimizdagi ayrim stansiyalarda 2 barobar koʻp yoqilgʻi sarflanadi.

Iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan talab 2030 yilga borib 20 ming megavattga yetadi.

Mamlakatimizda elektr energiyasi asosan tabiiy gazni yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Gaz resurslari cheklangan bugungi sharoitda 2030 yilga borib uni yanada koʻproq sarflash – tiklanmaydigan tabiiy resurslarning juda katta miqdorini uvol qilish, yaʼni arzonga yoqish deganidir.

– Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi yoqilgʻi sarfini qisqartirish boʻyicha revolyusion yechimlardan biri boʻladi, biroq buning uchun hali 8-10 yil kerak. Shuning uchun mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish va tarmoqni tubdan rivojlantirish, eng muhimi, qisqa davrda tizimda sezilarli ijobiy oʻzgarishlarni taʼminlash kerak, – dedi Prezidentimiz.

Yigʻilishda 2030 yilga borib qoʻshimcha talab etiladigan 12,5 ming megavatt quvvatlarni yaratish chorasini koʻrish, jumladan, bugʻ-gaz qurilmalari, atom elektr stansiyasi, gidro-elektrstansiya qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, Sirdaryo, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalaridagi energobloklarni yangilash, shuningdek davlat-xususiy sherikchilikni elektr energiyasi tizimiga joriy qilish orqali zarur boʻladigan quvvatlarni qoplash boʻyicha vazifalar belgilandi. 

Shuningdek 3,9 ming megavattli bugʻ-gaz va gaz-turbina qurilmalarini hamda Angren shahrida va Surxondaryo viloyatida koʻmirda ishlovchi issiqlik elektr stansiyalari, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish choralarini koʻrish  boʻyicha Investitsiya qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” jamiyatiga tegishli topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda elektr energiyasi ishlab chiqarish yangi obyektlarini qurishni jadallashtirish boʻyicha tegishli vazifalar belgilandi. 

Shuning uchun, kelgusi yildan elektr energiyasi sotishdan tushadigan mablagʻlarning 15 foizini investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va kreditlarni qaytarish uchun yoʻnaltirish lozimligi taʼkidlandi. 

Moliya vazirligi, Investitsiya qoʻmitasi va Oʻzbekenergo aksiyadorlik jamiyatiga loyihalarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

– Tizimda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari uchun ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorni jalb qilishni taqozo qilmoqda.

Lekin, na normativ-xuquqiy baza va na texnik infratuzilma bunga tayyor emas. Misol uchun, hanuzgacha xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini energotizimga qabul qilish masalasi hal etilmagan. 

Oddiy misol, Turkiyada 60 foiz, Koreyada 20 foiz elektr energiyasi xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi, – dedi Prezidentimiz.

Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat raqobat qoʻmitasi va Oʻzbekenergo aksiyadorlik jamiyatiga jalb qilingan xalqaro ekspertlar xulosalari asosida xususiy sektorni sohaga jalb qilish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik mexanizmining huquqiy, institutsional, texnologik asoslari ishlab chiqilishini taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda foydalanish muddati 30 yildan oshgan tarmoqlarning ulushi 62 foizni tashkil etayotgani, taqsimlovchi tarmoqlarda liniyalarning 57 foizi va 39,6 mingta transformator punktlari yangilanishi zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. 

2017–2021 yillar uchun belgilangan Dasturga asosan joriy yilda 34 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 7 ming ta transformator punktlarida, 2019 yilda 7 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 2 ming ta transformatorlarni modernizatsiya qilish lozim. 

Shuning uchun Oʻzbekiston tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekenergo aksiyadorlik jamiyatiga Dasturda belgilangan tadbirlarni barqaror moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash yuzasidan topshiriq berildi.

“Oʻzbekenergo” jamiyatining investitsiya majburiyatlarini bajarish maqsadida uni moliyaviy mustahkamlash boʻyicha tegishli choralarni koʻrish topshirildi. Shu jumladan, Oʻzbekenergo jamiyatining Tiklanish va tarraqiyot jamgʻarmasiga 2019-2021 yillarda asosiy qarzni qaytarish muddatlarini 3 yilga uzaytirish boʻyicha yengilliklar berish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Yetkazilgan elektr energiyasi boʻyicha qarzdorliklarni undirish samaradorligini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi. Majburiy ijro byurosi elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlikni kamaytirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar natijadorligini yanada oshirishi kerakligi qayd etildi.

Energiya resurslarini avtomatlashtirilgan hisobini yuritish tizimini joriy qilish paysalga solib kelinayotgani tanqid qilindi. 

Misol uchun mazkur tizimni Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida joriy etish boʻyicha chet el kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaning qiymati qayta koʻrib chiqilishi munosabati bilan uni amalga oshirish tasdiqlangan reja-jadvaldan 15 oyga kechikgani qayd etildi.

Bu borada Oʻzbekenergo, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi 1,4 mln nafar isteʼmolchilarni avtomatlashtirilgan tizimga ulash ishlarini jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Boshqa hududlarda 2019-2021 yillarda Osiyo taraqqiyot banki kreditlari hisobidan avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish, avtomatik boshqaruv tizimining yagona markazini tashkil etish, kelgusi 3 yilda 5,6 mln dona zamonaviy elektr hisoblagichlarni oʻrnatish boʻyicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz qoʻshni davlatlar energiya tizimlariga tranzit xizmati koʻrsatish, buning uchun qoʻshni davlatlar bilan muzokaralarni yoʻlga qoʻyib, respublikaning tranzit va eksport salohiyatidan unumli foydalanish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqilishi boʻyicha tegishli vazirlik va mutasaddilarga topshiriq berdi.

Energiya ishlab chiqaruvchi yangi  quvvatlarni yaratish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish “Oʻzbekenergo” jamiyatining asosiy vazifasi boʻlishi zarurligi taʼkidlandi. 

Sohani jadal rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi. Elektr energetika sohasi faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.