Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni elektr energetikasi sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha joriy yilga asosiy vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Elektr energetikasi iqtisodiy oʻsishning barqarorligini va aholi farovonligini taʼminlaydigan muhim manbadir. Bu tarmoqni modernizatsiya qilish, energiya quvvatlarini koʻpaytirish va isteʼmolchilarga uzluksiz yetkazib berish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 fevraldagi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etilgan edi. Oʻsha yilning 27 martidagi Prezident qaroriga asosan, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati isloh qilinib, uning negizida “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil topdi.
Oʻtgan yili mamlakatimizda 6 ta yirik loyiha doirasida jami 1076 megavatt elektr energiya quvvatlari ishga tushirildi.
Joriy yilda elektr energiyasi isteʼmoli 71 milliard kilovatt-soatni tashkil etib, oʻtgan yilgiga nisbatan oʻrtacha 9 foizga, yaʼni, iqtisodiyot tarmoqlari talabi 10, aholiniki esa 8,5 foizga oshishi kutilmoqda.
Yigʻilishda ushbu ehtiyoj qaysi manbalar hisobidan qoplanishi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “yoʻl xaritasi” ijrosi muhokama qilindi.
Prezidentimiz 2020 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish, taqsimlash va yetkazib berish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni toʻliq, sifatli amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.
Joriy yilda issiqlik elektr stansiyalarida 1177 megavatt, gidro elektr stansiyalarida 120 megavatt quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga 3 ming 500 megavattli bugʻ-gaz qurilmalari, 400 megavattli shamol va shunday quvvatga ega quyosh elektr stansiyalarini qurish boʻyicha loyihalar shakllantirilgan.
Yigʻilishda tarmoq korxonalarida rentabellikni taʼminlash, energiya isteʼmoli uchun qarzdorlikni bartaraf etish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi bu borada yaxshi samara berayotgani qayd etilib, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga yil yakunigacha yana 4 million 500 ming dona zamonaviy hisoblagichlar oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.
Sohadagi islohotlarning keyingi bosqichida elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozorini shakllantirish, generatsiya jarayoniga davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida investorlarni jalb qilish va bunda davlat kafolatini bosqichma-bosqich kamaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda sohani rivojlantirishning uzoq istiqbollari ham koʻrib chiqildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2030 yilga borib yurtimizda elektr energiyasi isteʼmoli hozirgiga nisbatan 2 barobar koʻp boʻlishi kutilmoqda. Shu bois Energetika vazirligiga keyingi oʻn yilda umumiy quvvati 7 ming 900 megavattni tashkil etadigan yangi issiqlik elektr stansiyalarini ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, investorlarni jalb qilgan holda, 8 ming megavatt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, gidro elektr stansiyalari quvvatini 1 ming 935 megavattga oshirish, kichik gidro elektr stansiyalar barpo etishni xususiy sektorga berish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Mutasaddi tashkilotlarga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda elektr energiyasi sohasida zamonaviy texnologiyalar bilan bevosita ishlaydigan oʻrta va kichik boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha besh yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha korxonalari rahbarlari hisobot berdi, chora-tadbirlar belgilab olindi.