Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni elektr energetikasini 2025-2035 yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oxirgi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. Xususiy sektorga keng yoʻl ochilgani tufayli 11,2 gigavattli qoʻshimcha quvvat yaratildi. Natijada bu sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foizga, “yashil” energiya hissasi esa 16 foizga yetdi.
Shu davrda aholi daromadi 1,6 baravar oʻsgani, yangi turdagi maishiy texnikalardan foydalanilayotgani sababli xonadonlarda elektr isteʼmoli 21 milliard kilovatt soatdan oshdi. Bu 2016 yilgidan 2 baravar koʻp.
2030 yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyotimiz esa 1,5 karra oʻsishi kutilayapti. Shunga mutanosib ravishda, sanoatda 45 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, yirik Maʼlumotlar markazlarini ishga tushirish koʻzda tutilgan.
Buning uchun, avvalo, barqaror elektr taʼminoti zarur. Hisob-kitobga koʻra, 2030 yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035 yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Yaʼni, hozirgidan 1,7 baravar koʻp.
Yigʻilishda energetika vaziri shu maqsadga qaratilgan uzoq muddatli dasturni taqdimot qildi.
Qayd etilganidek, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etiladi. Ularni tizimga ulash uchun 7 ming kilometr magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi. Bu orqali hududlarda energiya balansi taʼminlanadi. Bir viloyatda elektr yetishmovchiligi boʻlsa, boshqa joyda qoʻshimcha quvvatlar ishga tushiriladi. Bu ishlar uchun kelgusi besh yilda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga 4 milliard dollarlik investitsiya kiritish talab etiladi.
Yana bir muhim masala – elektr energiyasining tannarxini pasaytirish. Buning omili muqobil manbalarni koʻpaytirishdir. Xorijiy ekspertlar ham Oʻzbekiston sharoitida “yashil” energiya imkoniyatlari koʻpligini aytayapti.
Shundan kelib chiqib, 2030 yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizdan oshirish koʻzda tutilgan. Jumladan, 3 mingta mikroGESda 164 megavatt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 megavatt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Kuni kecha davlatimiz rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga oʻtish vaqti kelganini taʼkidladi.
Xususan, sanoatda energiya samaradorlik orqali qoʻshimcha 27 foiz yalpi ichki mahsulot yaratish imkoniyati bor. Hozir kimyo va metallurgiya boʻyicha ayrim mahalliy korxonalarda energiya sarfi dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkichga nisbatan 2 karra, sement ishlab chiqarishda esa 1,2 barobar yuqori.
Shu bois, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030 yilda elektr energiyasi yoʻqotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish vazifa qilib olinmoqda.
Xorijiy investorlar bilan yana 26 milliard dollarlik 24 gigavattli loyihalar boʻyicha ishlar boshlangan. Ularga koʻp miqdorda uskuna va qurilish materiallari ishlatiladi. Bu yurtimiz korxonalari uchun katta imkoniyat ekani, loyihalarda mahalliylashtirish va kooperatsiyani rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Isteʼmolchilarga barqaror va uzluksiz elektr yetkazib berish, sohada kadrlar tayyorlashni rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Mutasaddilarga bularning hammasini inobatga olib, elektr energetikasi sohasini 2035 yilgacha rivojlantirish dasturini tayyorlash topshirildi.