Elektr texnikasi sanoatini rivojlantirish choralari muhokama qilindi

0
180
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni elektr texnikasi sanoatini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Oxirgi besh yilda ushbu tarmoqda 465 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, 163 ta yangi loyiha ishga tushirilgan. Ishlab chiqarish hajmi 4 barobar, eksport esa 3 barobarga oshgan. Eng muhimi, ish oʻrinlari soni 2 barobar koʻpayib, 32 mingtaga yetgan.

Shu bilan birga, bu sohada toʻla foydalanilmayotgan imkoniyatlar hali koʻp. Taraqqiyot strategiyasida 2026 yilga qadar elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yana 2 barobarga, eksportni 3 barobarga oshirish maqsadi belgilangan.

Yigʻilishda shu boradagi muhim vazifalar muhokama qilindi.

Xususan, joriy yilda 250 million dollarlik 86 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari aholi talabi va import tarkibini oʻrganib, shunga mos mahsulotlar ishlab chiqarish, viloyatlar kesimida yangi loyihalarni shakllantirish zarurligini taʼkidladi.

Yurtimizda yangi konlar topilib, mis zaxirasi kengaytirilmoqda. Kelgusi yillarda mis ishlab chiqarish hajmini 2 barobar oshirish hisob-kitob qilingan. Bunga asoslanib, Ohangaron tumanidagi yangi mis klasterida 168 million dollarlik 12 ta loyiha doirasida 90 ming tonna misni qayta ishlash quvvati yaratiladi. Bu klasterga aʼzo korxonalarga misni uzoq muddatli kontrakt asosida, birja narxlaridan chegirmalar bilan xarid qilish imkoni beriladi.

Prezidentimiz ushbu klasterning tashkiliy, moliyaviy jihatlari boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Maʼlumki, mamlakatimizda muqobil energetika rivojlantirilmoqda. Bu sohadagi yangi loyihalarda kamida 1 milliard dollarlik butlovchi qismlarga talab bor. Bundan foydalanib, mahalliylashtirishni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Ijtimoiy muassasalarda muqobil energiyada ishlaydigan suv isitish tizimlari hamda koʻchalarda quyoshdan quvvat oladigan yoritish moslamalarini oʻrnatish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Elektr texnikasi sohasida eksport imkoniyatlari ham katta. Masalan, bizga qoʻshni davlatlar har yili koʻp milliard dollarlik elektrotexnika mahsulotlari xarid qiladi. Lekin bunda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlar ulushi katta emas.

Bu tarmoqda eksport hajmini joriy yilda 700 million dollarga, kelgusi yilda esa 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi. Shu maqsadda maishiy texnika misolida bojxona hududida qayta ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berildi.

Sohaga innovatsiyalarni joriy etish hamda eksportni kengaytirish uchun Elektrotexnika jamgʻarmasiga 20 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Mutasaddi idoralarga ichki bozorga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishining oldini olish, maishiy texnikalar markirovkasi tizimini joriy etish muhimligi taʼkidlandi.

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi huzurida Loyihalash va injiniring markazi, “Elektroapparat”, “Texnopark”, “Artel”, “Uzkabel” korxonalari negizida izlanish va rivojlantirish markazlari (Research and development) tashkil etib, ularga malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda kadrlar masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Kelgusi uch yilda tarmoq uchun 4 ming nafar oliy va 14 ming nafar oʻrta maʼlumotli mutaxassislar zarurligi qayd etildi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga elektrotexnika boʻyicha oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqib, takomillashtirish vazifasi qoʻyildi. Toshkent shahridagi Radiotexnika kolleji, Samarqand va Chirchiq xizmat koʻrsatish texnikumlari, Fargʻona elektrotexnika kolleji “Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga biriktirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.