Avval xabar qilinganidek, shu yil 10 oktyabr kuni davlatimiz rahbari elektromobil tarmogʻini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishgan edi. Unda berilgan topshiriqlar asosida, yurtimizda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, quvvatlash stansiyalarini koʻpaytirish boʻyicha takliflar tayyorlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Prezident huzurida oʻtkazilgan navbatdagi yigʻilishda ushbu takliflar muhokama qilindi.
Mutasaddilar tarmoqda ishlab chiqarishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash zarurligi haqida fikr bildirdi. Jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillarni utilizatsiya yigʻimidan, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, jihozlari, xomashyo materiallarini bojxona bojidan ozod etish moʻljallanmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayoni toʻliq yoʻlga qoʻyilguncha investorlarga muayyan miqdordagi elektromobillarni imtiyozli shartlar asosida olib kirishga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Davlatimiz rahbari avvalgi taqdimotda aholi oʻrtasida elektromobillar ommalashishi uchun uning xaridini ragʻbatlantirish zarurligini aytgan edi. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston elektromobillarini sotib olish uchun olinadigan kredit foizlarining maʼlum bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi koʻzda tutilmoqda. 2023-2025 yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50 foizdan koʻp boʻlgan korxonalarning elektromobillar xarid qilishi ham qoʻllab-quvvatlanadi. Elektromobillarda yoʻlovchi tashish xizmati koʻrsatuvchi shaxslarga litsenziya uchun davlat boji toʻlashda yengillik beriladi.
Maʼlumki, elektromobil ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyolardan biri mis. Yurtimizda mis klasterlari tashkil etilmoqda. Bundan foydalanib, ushbu klasterlarda elektromobillar va quvvatlash stansiyalari uchun butlovchi qismlar tayyorlanadi.
Kadrlar masalasi ham juda muhim. Shu bois Turin politexnika universiteti huzurida Elektromobillar va ularning infratuzilmasi boʻyicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etish, professor-oʻqituvchilar va mutaxassislarni rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan.
Yigʻilishda mutasaddilar ushbu chora-tadbirlar natijasida respublikamizda yiliga 15-25 mingta elektromobil ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish mumkinligini qayd etishdi.
Davlatimiz rahbari bu yoʻnalish avtomobilsozlikda raqobat yaratishi kerakligini taʼkidladi. Berilayotgan imkoniyatlarni sohaga qiziqish bildirgan ishbilarmonlar bilan muhokama qilib, ularning fikr va takliflari asosida imtiyozlarni yanada kengaytirish, tarmoqqa tadbirkorlarni jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga elektromobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish vazifasi qoʻyildi.