Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 sentyabr kuni elektron hukumatni rivojlantirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy xizmatlar jadal raqamlashtirilmoqda. Yaqinda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida bu boradagi istiqbollar belgilanib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining elektron hukumat reytingida TOP-30 talikka kirish vazifasi qoʻyildi.
Maʼlumki, bu reyting (e-Government Development Index) mamlakatlarda soha rivojini koʻrsatuvchi xalqaro indeksdir. Uning ahamiyatli jihati, aholi va davlat oʻrtasida elektron muloqotni kengaytirish, xizmatlarni qulaylashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Soʻnggi yillarda unda Oʻzbekistonning oʻrni izchil koʻtarilib, oʻtgan yili 69-pogʻonada qayd etilgan.
Reytingda yuqori 30 ta mamlakat qatoriga kirish uchun xorijlik ekspertlar ishtirokida, xalqaro metodologiya asosida 6 ta yoʻnalish boʻyicha 53 ta tadbirdan iborat “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Unda onlayn xizmatlar boʻyicha 112 ta koʻrsatkichni yaxshilash, 2024 yilda 700 ta raqamli xizmatni ishga tushirish va barchasini my.gov.uz ga jamlash, aholi maskanlari va avtomagistral yoʻllarni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash nazarda tutilmoqda.
Bu jarayonlarni ilmiy-huquqiy taʼminlash, hamkorlar bilan ishlab, kamchiliklarni bartaraf etib borish maqsadida “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi boʻyicha komissiyasi huzurida Loyiha ofisi tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, onlayn xizmatlarni va yuqori texnologiyalar sohasida inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Raqamli texnologiyalar vaziriga BMT Departamentiga (UNDESA) taqdimot qilib, Oʻzbekistonning reytingdagi oʻrnini yaxshilashni asoslash topshirildi.