Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni raqamli texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda axborot texnologiyalari izchil rivojlantirilib, aholiga qulayliklar kengaytirilmoqda. Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 253 xil xizmatlar koʻrsatilmoqda. Joriy yilda ularni yana 60 taga koʻpaytirish, 50 dan ortiq xizmatlarni soddalashtirish moʻljallangan.
Eng muhimi, bu ishlar sansalorlik, byurokratiya va korrupsiyani kamaytirib, vaqt va mablagʻlarni tejash, unumdorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi farmoni bilan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlangan edi. Ushbu strategiyaga muvofiq, 2020-2022 yillarda hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, tarmoqlar boʻyicha 443 ta loyiha ishlab chiqilib, bugungi kungacha 194 tasi tatbiq etildi. Hududlarda dasturdagi 1 ming 643 ta loyihadan 1 ming 172 tasi joriy qilindi.
Misol uchun, “Oʻztransgaz”da shartnomalarni boshqarish boʻyicha axborot tizimi joriy etilgani natijasida xarajatlar 30 milliard soʻmga qisqargan. Shuningdek, 360 turdagi davlat bojlarini Yagona elektron billing tizimi orqali toʻlash yoʻlga qoʻyilgani hisobiga 24 milliard soʻm mablagʻlar tejalgan.
Umuman, joriy yilning birinchi yarmida raqamli iqtisodiyot sohasida koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 7 trillion 200 milliard soʻmni, kompyuter dasturlash xizmatlari eksporti 17 million 500 ming dollarni tashkil etgan.
Lekin, bu sohada rivojlanishdan ortda qolayotgan tarmoq va hududlar ham bor. Raqamlashtirish reytingi 65 ta tashkilot, 116 ta tuman va shaharda ishlar sust tashkil etilganini koʻrsatmoqda.
Taqdimotda davlatimiz rahbari loyihalarni jadallashtirish, hududlarda elektron xizmatlar qamrovini kengaytirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.
– Oxirgi yillarda qilingan ishlar, albatta, oʻz natijasini berdi, xizmatlar qulay va odamlarga yaqin boʻldi. Lekin raqamli texnologiyalar kun sayin oʻzgarib, yangi-yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Shuning uchun har bir vazirlik, davlat organi va hududlarda yangi dasturlarni joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Raqamli iqtisodiyot xizmatlarini 16 trillion soʻmga, kompyuter dasturlari eksportini 40 million dollarga yetkazish mumkinligi aytib oʻtildi.
Mobil ilova orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sonini 100 taga yetkazish, xususan, kommunal soha, kadastr, soliq, bojxona, pensiya va mehnatga oid maʼlumotlarni olishda qulayliklarni oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga vazir portali, viloyat, tuman va shahar hokimlari portallarini shakllantirish, ulardagi maʼlumotlarni muntazam tahlil qiladigan tizim yaratish boʻyicha topshiriq berildi.
“Aloqabank” aksiyadorlik tijorat bankiga mijozlar uchun barcha xizmatlarni mujassamlashtirgan yagona platforma yaratish, axborot texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vazifasi qoʻyildi.
Davlat va xoʻjalik organlari xodimlarining raqamli texnologiyalar boʻyicha savodxonligini oshirish muhimligi qayd etildi.