Elektrotexnika sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi

0
89
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 sentyabr kuni elektrotexnika sanoatidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Sanoatda amalga oshirilayotgan modernizatsiya natijasida elektrotexnika tarmogʻi ham oʻzgardi. Oxirgi besh yilda ishlab chiqarish hajmi 4,5 baravar oʻsgan. Bu mahsulotlarning sifati oshganini, bozori borligini bildiradi.

Shu tufayli eksport ham 5 baravar koʻpaygan. Yil yakunigacha bu koʻrsatkich 750 million dollardan oshishi kutilmoqda. 2017 yilda bu tarmoqda eksportbop mahsulotlarimiz 25 ta boʻlgan boʻlsa, bu yil 200 taga yetgan. Fargʻona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi 11 ta korxona ilk bor tashqi bozorga chiqqan.

Yigʻilishda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi M.Yunusov tarmoqdagi galdagi ishlar, kelgusi yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar haqida axborot berdi. Aytib oʻtilganidek, bugungi kunda 1 milliard 200 million dollarlik 205 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Yangi mahsulotlar va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish, 2023 yilda eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlab, tarmoqdagi ustuvor vazifalarni koʻrsatib oʻtdi. 

– Maishiy texnika ishlab chiqarish koʻpaydi degani, bu – aholining sotib oluvchanlik qobiliyati oʻsdi, degani. Oxirgi yillarda elektrotexnika sanoatimiz “qayta tugʻildi”. Endi uni yanada rivojlantirib, ishlab chiqarishni koʻpaytirish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish kerak. Pirovard maqsad – ish oʻrni, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tahlillarga koʻra, jahon bozorlaridagi vaziyat ikki yilda eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligini koʻrsatmoqda. Shuningdek, yurtimizda 1 milliard 300 million dollarlik import bozori bor. Bu imkoniyatlardan munosib ulush olish uchun mahsulot, avvalo, sifatli va taniqli boʻlishi kerak.

Shu bois Prezidentimiz yangi mahalliy brendlar yaratish va xorijiy brendlarni olib kelish, mahsulotlarni shunga muvofiq sifatli qilib, xaridorlar ishonchini qozonish zarurligini taʼkidladi.

Mamlakatimizda va atrofimizdagi bozorlarda yarim oʻtkazgich va elektron platalarga talab 6 milliard dollarni tashkil etadi. Shu bois bunday korxonalarni koʻpaytirish, elektronika va mikroelektronika yoʻnalishida ilmiy, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalarni moliyalashtirish vazifasi belgilandi. Maishiy texnikalarni markirovkalash, eksportni sugʻurtalash va kreditlashni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Maishiy texnika bor ekan, servis xizmatiga talab ham har doim boʻladi. Kasb-hunar maktablarida yoshlarni bu yoʻnalishga oʻqitish ularni ish bilan taʼminlashda muhim omil boʻlishi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 9 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish boʻyicha dastur qabul qilindi. Unda 34 mingta xonadon, vazirlik va idoralarning 6 mingta obyektida shunday qurilmalar oʻrnatilishi belgilandi. Aholiga kompensatsiya olish, kreditni 3 yil ichida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi.

Isteʼmolchilarga muqobil energiya qurilmalarini yetkazib berish maqsadida Qashqadaryoda klaster usulida korxona barpo etish rejalashtirilgan. Yigʻilishda ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.

Maʼlumki, elektrotexnika tarmogʻi mis bilan bogʻliq. Soʻnggi yillarda yangi konlar oʻzlashtirilib, bu xomashyoning zaxirasi kengaytirildi. Ohangaron tumani va Qarshi shahrida mis klasterlari tashkil etilmoqda. Davlatimiz rahbari bu korxonalarda xorijiy boshqaruvni yoʻlga qoʻyib, chuqur qayta ishlash loyihalari, ilm va innovatsiyani olib kirish zarurligini taʼkidladi.

Kelgusi yil bu yoʻnalishda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan 34 ta loyiha ishga tushirilishi qayd etildi.

Yigʻilishda hokimlar va tadbirkorlarning takliflari eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.